Navoiy viloyati hokimligi hamda viloyat Turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasi masʼullari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Andijon viloyatlari, Toshkent shahri va mamlakatimizning boshqa hududlarida boʻlib, kelgusidagi hamkorlik yuzasidan oʻzaro kelishuv oʻtkazishmoqda.

Ularning yakuniga koʻra, jami 13 Hamkorlik memorandumi imzolanishi kutilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida joriy yilning 9 dekabr kuni “Turizm sohasini rivojlantirish va aholining jismoniy faolligini oshirish borasida ishlarni jadallashtirish chora-tadbirlari” boʻyicha kengaytirilgan tarzda videoselektor oʻtkazildi.

Yigʻilish doirasida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash hamda respublika boʻylab mahalliy aholining sayohatlarni amalga oshirish maqsadida Navoiy viloyati hokimligi tomonidan oʻzaro kelishuv bitimi ishlab chiqildi.

Kelishuv bitimiga muvofiq, Navoiy viloyatining turistik obyektlari, jumladan eko va agroturizm, madaniy meros va ziyorat turizm obyektlari boʻylab sayohatlarni tashkil etish maqsadida respublikaning yoshlar, mahallalar va mehnat jamoalaridan iborat sayyohlar Navoiy viloyatiga sayohat qilishadi.

Memorandumga koʻra, hujjat imzolangan viloyatlar oʻrtasida “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil” dasturi doirasida oʻzaro sayohatlar tashkil qilish shuningdek, hududlarning turistik salohiyatini mahalliy ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng targʻib qilish koʻzda tutilgan.