Navoiyda 13 ming gektardan oshiq maydonga suvni tejaydigan texnologiya joriy etiladi

    Agrosektor 30 Yanvar 2021 3073

    Maʼlumotlarga koʻra, respublikamizda bir yilda oʻrtacha 51 milliard m3 suv ishlatiladi, shundan 80 foizi transchegaraviy daryolar hissiga toʻgʻri kelib, qoʻshni davlatlar hududidagi muzliklar va qorlarning erishi hisobiga shakllanadi. Olingan suvning 90 foizi mamlakatimizning qishloq xoʻjaligi sohasida foydalaniladi.

    Yildan yilga aholi sonining oʻsishi va iqtisodiyotning jadal rivojlanishi natijasida suvga boʻlgan talab ortib bormoqda. Bu esa qishloq xoʻjaligida suvdan oqilona va tejab foydalanishni taqozo etmoqda. Joriy yilda Navoiy viloyatida jami 13 025 gektar maydonga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish koʻzda tutilgan. Shundan 12 474 gektari tomchilatib, 551 gektari yomgʻirlatib sugʻorishga toʻgʻri keladi. Jumladan, 10000 gektar paxta, 1 188 gektar ozuqabop ekinlar, 724 gektar tokzor, 579 gektar bogʻda tomchilatib sugʻorish tashkil etilsa, 551 gektar ozuqabop ekinlar maydonini yomgʻirlatib sugʻorish belgilagan.

    Mazkur sugʻorish texnologiyalarini oʻrnatish uchun 306 milliard 242 million soʻm mablagʻ talab etiladi. Eʼtiroflisi, fermer va dehqonlarga qulaylik yaratish maqsadida davlatimiz tomonidan bu borada qator yengilliklar yaratilgan.

    Xususan, viloyat miqyosida 2021-yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 96 milliard 643 million soʻm subsidiya ajratilishi rejalashtirilgan. Shundan 80 milliard soʻmi paxta maydonlarini tomchilatib sugʻorish texnologiyalarini qoʻllashga sarflanadi.

    - Suv tejovchi texnologiyalari joriy qilingan maydonlarning iqtisodiy samaradorligi yuqori boʻladi,- deydi «Oʻzagroinspeksiya»ning viloyat boshqarmasi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan suv resurslari va yerlardan foydalanishni nazorat qilish boʻlimi bosh inspektori Mehriddin Vohidov. – Viloyat miqyosida 12 474 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasini joriy qilish natijasida 84 million metr kub suv tejaladi. Shuningdek, mineral oʻgʻitlardan foydalanish hajmi 8 800 tonnadan 7 000 tonnaga qisqaradi. Paxta maydonlarida hosildorlik gektariga 45-55 sentnerga yetkaziladi.

    Viloyatning qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda yetakchi hududlaridan biri sanalgan Xatirchi tumanida joriy yil 3 648 gektarda tomchilatib sugʻorish joriy qilinsa, bu koʻrsatkich Qiziltepada 3 220, Karmanada 2 955, Navbahorda 2 550, Nurota tumanida esa 652 gektarni tashkil etadi.

    Taʼkidlash joizki, fermer xoʻjaliklari va klaster korxonalari tomonidan 12 474 gektarda tomchilatib va 551 gektarda yomgʻirlatib sugʻorish texnologiyalarini oʻrnatilishi boʻyicha Inspeksiyaning viloyat boshqarmasi hamda tuman boʻlimlari xodimlari tomonidan nazorat olib borilmoqda.

    «Oʻzagroinspeksiya» Navoiy viloyat boshqarmasi Axborot xizmati