“Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” g‘oyasini amalda ro‘yobga chiqarish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat va jamiyat ishlaridagi faolligini oshirish, jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirishda nafaqat davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari shuningdek, tadbirkorlik subyektlari amaliy ko‘magida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiya tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Iste’molchilar uyi” loyihasi doirasida ko‘plab shahar va tumanlarda “Iste’molchilar uyi” ma’muriy komplekslari qurib foydalanishga topshirildi. 71 ta tuman va shaharlarda qurilish ishlari davom ettirilmoqda.
Mazkur ijtimoiy loyiha doirasida bugungi kunda Zarafshon shahar hokimligining amaliy ko‘magi bilan "KUMUSH ASL NAVOIY" mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari tomonidan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati uchun ma’muriy bino — “Iste’molchilar uyi” majmuasi ishga tushdi. Kuni kecha ayni majmuaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining yangi maskani ochilishida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov, shahar hokimi Nazirbek Rahmanov, shahar sektor rahbarlari, viloyat iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari rahbarlari, korxona, tashkilot rahbarlari, mahallalar faollari, OAV va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ochilish marosimi davomida so‘zga chiqqanlar mazkur majmua ochilishi "Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni” arafasida soha xodimlari uchun o‘ziga xos sovg‘a bo‘lgani va ularning faoliyatini samarali tashkil etishlarida alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlashdi. Binoni qurib hozirgi ko‘rinishga keltirgan "KUMUSH ASL NAVOIY" mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Ahror Mirzayevga minnatdorchilik bildirildi. Nuroniylar ishtirokida bino ochilish marosimining maxsus lentalari kesilib, ramziy kalit topshirildi.
Endilikda bu maskanga tashrif buyuruvchi fuqarolar — iste’molchilar nafaqat o‘zlarini qiynab turgan muammolari bilan murojaat qilishlari mumkin, balki bepul huquqiy maslahat olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladilar. Shuningdek, bu yerda fuqarolarning qo‘shimcha ma’naviy ozuqa olishlari uchun ham sharoitlar hozirlanmoqda. Ya’ni majmuada barcha kitobxonlar uchun zarur adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona faoliyati ham yo‘lga qo‘yiladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi va Navoiy viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari J.Xodjayev ishtirok etdi.