Mirjahon Nurmatov oliygohni yuqori baholar bilan tamomlaganiga koʻp boʻlmadi. Tengdoshlari turli joylarga ishga kirish istagida hujjat koʻtarib yurganida u buning uddasidan chiqib boʻlgan edi. Bu oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq, albatta. Oʻqish chogʻida vaqtini kitob oʻqishga, sohani yanada chuqurroq anglashga sarflardi. Buning uchun ustozlaridan savollariga javob izlar, doim bilimini mustahkamlashga intilardi. Natijada talabalar oʻrtasida tashkil etiladigan bilimlar bellashuvida doim faollar qatoridan joy olib keldi. Bunday izlanuvchanlik, harakat samara berdi.
“Shoʻrtan gaz kimyo majmuasi” MCHJ doim yosh bilimdonlarni saralab, ularga stipendiya berish anʼanasi bor. Buning uchun ular talabalar orasida tanlov oʻtkazib keladi. Oʻshanday tanlovda qahramonimiz birinchilar qatoridan joy oldi. Natijada bir yil davomida stipendiya olish baxtiga erishdi. Quvonarlisi, moddiy ragʻbat bilan birga mazkur korxonaga ishga kirish uchun imtiyozga ham ega boʻldi. Bugun u korxonaning yetakchi xodimlaridan biri.
Mirjahonning ushbu yutuqlari endigina maktabni bitirayotgan yoshlarda havas uygʻotdi. Ularning koʻpchiligi joriy yilda aynan u oʻqigan oliy oʻquv yurtiga hujjat topshirishga otlandi. Hozir mazkur oliygohda yangiliklarga qoʻl urilib, voha yoshlari uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilyapti. Xususan, davlatimiz rahbarining 2024-yil 10-dekabrdagi “Qarshi davlat texnika universitetini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori asosida Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida Qarshi davlat texnika universiteti tashkil etildi.
Bugun Qashqadaryoda nufuzli oliygohlardan biri sifatida ish boshlagan mazkur universitet talabalarga texnika yoʻnalishida yuqori darajali bilim beradigan maskanga aylandi. Yana bir asosiy jihat, Qashqadaryo sanoati rivojlangan viloyatlardan biri hisoblanadi. Shu paytga qadar hududda yetuk, bilimli kadrlar bilan taʼminlashda kompleks yechim bera oladigan oliy taʼlim muassasasi yoʻq edi. Bu universitetda asosiy eʼtibor texnik sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlash talabini qoʻyadi. Shu bois, oliygohda mazkur yoʻnalishga eʼtibor kuchaytirildi. Xususan, muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari, dasturlash, xizmat koʻrsatish hamda irrigatsiya va agrotexnologiyalar kabi yoʻnalishlarga ustuvorlik berildi. Natijada universitet yirik korxonalar bilan kadrlar tayyorlash borasida hamkorlik imkoniyati kengaydi.
Hozir yirik zavodlar, ishlab chiqarish muassasalari mutaxassislari taʼlim jarayoniga jalb etilgan. Shu orqali stipendiya va amaliyot dasturlari izchil amalga oshirib kelinmoqda. Ayni paytda dual taʼlimni tashkil etish borasida hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Bugun universitet xorijdagi yetakchi oliy taʼlim tashkilotlari bilan hamkorlik qilib, imkoniyatlarini yanada kengaytish yoʻlidan bormoqda. Shu orqali talabalarning akademik almashinuvini taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi. Misol uchun hozir Qarshi davlat texnika universiteti va Belarus milliy texnika universiteti hamkorligida “2+2” taʼlim dasturi asosida talabalar tahsil olmoqda.
Shu bilan birga talaba va professor-oʻqituvchilarning sanoat korxonalarida malakaviy amaliyot va stajirovka oʻtashini yoʻlga qoʻyish ham yaxshi samara beradi. Natijada yangi oʻquv qoʻllanmalar, yangi avlod darsliklari yaratiladi. Ilmiy-tadqiqot ishlari, sinovlar zamonaviy laboratoriyalarda oʻtkaziladi. Amaliy va fundamental ilmiy-tadqiqot ishlari va innovatsion loyihalarning samaradorligi oshadi.
Universitet va “Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi” MCHJ hamkorligida “Gaz-kimyo va energetika” ilgʻor muhandislik maktabi tashkil etilgan. Unda “tarmoq – korxona – oliygoh” tamoyili yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur maktab sohada kadrlar tayyorlashning muhim tizimiga aylandi.
Ilgʻor muhandislik maktabi zamonaviy kadrlarni tayyorlashni maqsad qilgan. Bunday kadrlar atrof-muhitni muhofaza qilishga jiddiy eʼtibor beradigan, yuqori va koʻp tarmoqli texnologiyalarni oʻzlashtirishga qodir boʻladi. Ayni paytda kreativ fikrlaydigan, ratsionalizatorlik takliflarini ishlab chiqadigan “muhandis-tadqiqotchi” malakasiga ega yangi avlod mutaxassislari tayyorlanadi.
– Joriy yilning 5-iyunidan boshlab yurtimizdagi oliy va kasbiy taʼlim muassasalariga qabul jarayoni boshlandi. Universitetimizda abituriyentlar hujjatini qabul qilish ishlari qizgʻin olib borilmoqda, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti 2025–2026 oʻquv yili uchun qabul boʻlimi masʼul kotibi Sanjar Toshtemirov. – Maʼlumki, Prezidentimiz joriy yil 5-mayda “Taʼlim sifatini taʼminlash va taʼlim xizmatlari koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonni imzolagan edi. Unga koʻra, 2025–2026-oʻquv yilidan boshlab taʼlimning sirtqi shakliga qabul tugatildi. Ayni paytda masofaviy taʼlim, kechki va maqbullashtirilgan kunduzgi “Part-time” taʼlim shakllarini bosqichma-bosqich shakllantirish nazarda tutilgan. Shundan kelib chiqib universitetimizda hozir taʼlimning kunduzgi, masofaviy va kechki shakllari boʻyicha qabul reja qilingan.
Xususan, kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha 69 ta taʼlim yoʻnalishi boʻyicha 3360 nafar, kechki taʼlimga 54 ta yoʻnalishda 1450 nafar va masofaviyga 19 ta taʼlim yoʻnalishiga 550 nafar, jami 5210 nafar talaba oʻqishga qabul qilinadi. Shuningdek, 71 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha 497 nafar kishi qabul qilish rejalashtirilgan.
Masofaviy taʼlim yoʻlga qoʻyilishi talabalar uchun juda keng imkoniyatlar yaratib beradi. Bu, ayniqsa, ishdan ajralmagan holda oliy taʼlimga ehtiyoji borlar uchun katta imkoniyat. Chunki masofaviy taʼlimda talaba qayerda boʻlsa ham axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali taʼlim dasturini oʻzlashtirish uchun imkoniyat beradi. Shu bois, oʻquv reja va dasturlarda barcha fandan masofaviy taʼlim olish imkoni boʻladi. Talabalar oʻquv kontentini qamrab oladigan elektron oʻquv-metodik majmualar, ilmiy va oʻquv adabiyotlarining elektron bazasi bilan toʻla taʼminlanadi.
Bizda masofaviy taʼlimni tashkil etish uchun barcha imkoniyat mavjud. Hozir 19 ta yoʻnalishda masofaviy taʼlimni yoʻlga qoʻyishni reja qilganmiz. Keyingi yillarda ushbu koʻrsatkichni bosqichma-bosqich oshirib boramiz.
Joriy yilda ilk bor abituriyentlarni qabul qilayotgan universitet texnika yoʻnalishiga qiziqadigan yoshlar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Muhimi, mazkur oliygohning bitiruvchilari sabab kelgusida vohadagi sanoat korxonasi uchun zarur boʻlgan kadrlar sinfi yaratiladi. Ular oʻz oʻrnida mamlakat iqtisodiyotini koʻtaradigan mutaxassislar, yetuk shaxslar boʻlib xizmat qiladi. Shu maʼnoda ushbu taʼlim dargohini zamonaviy mutaxassislar sanoati deyish mumkin.
Akbar RAHMONOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Hamkorlik materiali











