Eron Islom Respublikasining “Aseman Airways” aviakompaniyasi tijoriy direktori Ahmad Assad va “Persian Gulf Tourism Holding” sayyohlik kompaniyasi rahbari Mehrdad Rahmanifar Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Delegatsiya aʼzolari Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Ulugʻbek Azamov va Transport vaziri oʻrinbosari Jasur Choriyev bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Navroʻz bayrami arafasida Tehron-Buxoro va Tehron-Urganch shaharlari oʻrtasida charter reyslarni tashkil qilishga doir masalalar muhokama qilindi. Oʻzbekiston tomondan mazkur parvozlarning amalga oshirilishi boʻyicha barcha turdagi imtiyoz, qulaylik va infratuzilmalar boʻyicha batafsil maʼlumot berildi. Shuningdek, Eronda Navroʻz umumxalq bayrami arafasida koʻplab fuqarolar xorij boʻylab oilaviy sayohatlarga otlanishini inobatga olgan holda, mamlakatimizdagi bayram muhiti hamda pandemiya bilan bogʻliq vaziyat barqarorligiga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston tomon barcha takliflar qoʻllab-quvvatlanishini maʼlum qildi. Tomonlar charter reyslar muvaffaqiyatli oʻtgan taqdirda, doimiy aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha ham oʻzaro hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirishdi. Tashrif doirasida Eron delegatsiyasi aʼzolari yurtimizdagi turli soha vakillari bilan uchrashib, Samarqand va Buxoroning turizm manzillari boʻylab yaqindan tanishishi kutilmoqda. Maʼlumot oʻrnida: “Aseman Airways” aviakompaniyasi bosh qarorgohi Tehronda joylashgan boʻlib, mamlakatdagi uchinchi eng yirik aviakompaniya sanaladi. Tashkilot mahalliy yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatish hamda mintaqaviy xalqaro xizmatlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan.