Bu haqda tuman hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Shu yilning 21-yanvar kuni Toshkent shahar prokurorining birinchi oʻrinbosari A.Urmanov, prokuror oʻrinbosari U.Mamarajabov, Mirzo Ulugʻbek tumani hokimi B.Gʻaybnazarov va tuman prokurori O.Mannanov ishtirokida oʻrganish ishlari olib borildi.

Maʼlum qilinishicha, bozor hududi toʻliq rekonstruksiya qilinib, zamonaviy infratuzilma asosida qayta tashkil etiladi. Hududda maxsus vaziyat markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan boʻlib, u bozorning yagona boshqaruv markazi sifatida iqtisodiy, moliyaviy va nazorat jarayonlarini muvofiqlashtiradi.

Shuningdek, ushbu bozorlar bosqichma-bosqich raqamlashtirilib, savdo jarayonlarining ochiqligi va shaffofligi taʼminlanadi.

Qayd etilishicha, loyihalashtirish jarayonida bozorning umumiy arxitekturasi va ichki dizayni chuqur tahlil qilinib, ilgʻor xalqaro standartlar asosida ishlab chiqilgan. Bu esa savdo subyektlarining qonuniy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, naqdsiz hisob-kitoblarni keng joriy etishga xizmat qiladi.

Natijada soliq bazasini kengaytirish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish kutilmoqda. Mazkur islohotlar tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilash hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgani taʼkidlandi.