Nazariy bilimlar amaliyotda mustahkamlanadi

    Ta'lim 30 May 2023 3848

    Hamma zamonlarda taʼlim va tarbiya taraqqiyotning, rivojlanishning asosiy omili sifatida qadrlab kelingan. Chunki, har bir inson hayotda muvaffaqiyatga erishish uchun, avvalo, yuksak bilim, zamonaviy kasb-hunar egasi boʻlishi shart.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan taʼlim sifati va samaradorligini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash koʻlamini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirish, nazariy bilimlarni amaliyot bilan uygʻunlashtirish yoʻlida amalga oshirilayotgan islohotlar oʻz samarasini bermoqda.

    Xususan, Fargʻona politexnika instituti keyingi yillarda muhandislik sohasida xalqaro darajada bilim beradigan yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biriga aylandi. Ayni kunda institutda 600 dan ziyod yuqori malakali pedagoglar jamoasi shakllangan. Bu yerda taʼlim va fan integratsiyasini taʼminlash, ilmiy tadqiqot ishlarini yanada mustahkamlash borasida tizimli ishlar olib borilib, tashabbuslar qoʻllab-quvvatlanyapti. Institutda mavjud 7 ta fakultetda biotibbiyot muhandisligi, sunʼiy intellekt, bank ishi va audit, yoʻl harakatini tashkil etish, transport logistikasi, qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashtirish, moliya va moliya texnologiyalari, raqamli iqtisodiyot, muqobil energiya manbalari, axborot tizimlari va texnologiyalari, telekommunikatsiya texnologiyalari, professional taʼlim kabi sohalar boʻyicha kadrlar tayyorlanmoqda.

    Muassasada joriy etilgan ECTSga asoslangan kredit-modul tizimi talabalarga oʻqishning maʼlum qismini xorijiy oliygohlarda davom ettirish va ular bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish imkoniyatini beradi. Har bir mashgʻulot faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, ilmiy tadqiqotlarga asoslangan tarzda olib borish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.

    Asosiy eʼtibor nafaqat ichki, shuningdek, xalqaro mehnat bozorida ham talab yuqori boʻlgan malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan. Shu maqsadda 110 dan ziyod xorijiy oliy taʼlim muassasasi, 20 dan ortiq xalqaro tashkilot bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Nufuzli 3 ta universitet bilan qoʻshma taʼlim dasturlari amalga oshirilmoqda. AQSH, Italiya, Fransiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya, Portugaliya, Misr Arab Respublikasi, Buyuk Britaniya kabi davlatlardan kelgan salohiyatli professor-oʻqituvchi va mutaxassislar taʼlim jarayoniga jalb etilib, talabalarga saboq bermoqda. Natijada institutda ilmiy va innovatsion sohaga yangiliklar olib kirish, xorijning ilgʻor ish uslublarini oʻrganish, ularni milliy tajribalar bilan uygʻunlashtirgan holda taʼlim tizimiga jalb etish boʻyicha qilinayotgan amaliy ishlar kengaymoqda.

    Olib borilgan izchil islohotlar natijasida institut Times Higher Education xalqaro reyting tashkilotining The Impact Ranking yoʻnalishi reytingida eʼtirof etilib, umumiy reytingda 1001+ pogʻonadan joy oldi va Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari orasida nufuzli oʻrinlarda tasniflandi.

    Ilmlar xazinasi

    Institutda professor-oʻqituvchilar va talabalarning darsdan boʻsh vaqtida mustaqil ishlashi, ilm-fanning soʻnggi yutuqlari bilan tanishib, ularni muvafffaqiyatli oʻzlashtirishida axborot-resurs markazining oʻrni muhim. Shu sababli, markaz fondini yangi oʻquv, ilmiy, badiiy adabiyotlar bilan boyitish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga eng muhim yoʻnalishlardan biri sifatida qaralmoqda.

    Ayni kunda 300 mingta kitob fondiga ega zamonaviy axborot-resurs markazi faoliyat koʻrsatib kelyapti. Markaz oʻtgan yilning birinchi yarmida qiymati 89 million soʻm boʻlgan 285 nomdagi oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan boyidi. Yilning ikkinchi yarmiga kelib esa 368 million soʻmga mutaxassislik fanlari boʻyicha 457 nomdagi 881 nusxa xorijiy oʻquv adabiyoti sotib olindi. Natijada professor-oʻqituvchi va talabalarning zamonaviy adabiyotlardan foydalanish imkoniyati yanada kengaydi.

    Xorijiy adabiyotlardan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida ularning oʻzbek tiliga tarjimasi yoʻlga qoʻyilib, oʻtgan yilning oʻzida institut olimlarining axborot-resurs markazi bilan hamkorligida 33 nomdagi darslik va oʻquv qoʻllanma tarjima qilindi.

    Talabalar boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi, ularda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va dunyoqarashini kengaytirish maqsadida joriy yilning oʻtgan davrida axborot-resurs markaziga 50 nomdagi 500 nusxa badiiy adabiyot olib kelindi.

    Markazning mavjud 5 ta oʻquv va elektron zali zamonaviy talablar asosida jihozlangan va toʻliq Wi-Fi internet tarmogʻiga ulangan. Institutda yosh kitobxonlar uchun yaratilgan muhim sharoitlardan yana biri 280 oʻrinli “Renessans Hall” ochiq kutubxona faoliyatining yoʻlga qoʻyilganidir. Mazkur kutubxonada 4 ta zal bor. Bular open library – ochiq kutubxona, social area – ijtimoiy maydon, trainings – trening va oʻquv kurslari, coworking – kovorking markazidir. Bu yangi loyiha nafaqat talaba yoshlar, balki professor-oʻqituvchi va xodimlarning ilmiy-ijodiy faoliyatini yangicha tashkil etish imkoniyatini berdi. Kutubxonada talabalar va professor-oʻqituvchilar mavjud badiiy, ilmiy hamda oʻquv adabiyotlarini mustaqil qidirish, tanlash va erkin foydalanish imkoniga ega. Bu, talaba va yoshlarda shaxsiy masʼuliyat, kitobxonlik hamda axloqiy madaniyat hissini tarbiyalashga xizmat qiladi. “Renessans Hall”ning toʻliq Wi-Fi internet tarmogʻiga ulangani esa elektron manbaalardan oson, samarali va bepul foydalanish imkonini bermoqda.

    “Renessans Hall” nafaqat oʻquv zali, ayni paytda professor-oʻqituvchilar uchun talabalar bilan mustaqil ishlash, turli taqdimotlar, seminar-treninglar tashkil etish maydoni vazifasini ham bajaradi. “Renessans Hall”dan uzluksiz foydalanish imkoniyatining yaratilgani institut yotoqxonalarida yashovchi 1500 ga yaqin talaba uchun ayni muddao boʻldi. Shuningdek, “Renessans Hall”ning energetika va yengil sanoat texnologiyalari fakultetlarida tashkil etilgan filiallar ham doimo talabalar bilan gavjum.

    Amalga oshirilgan ishlar, albatta, oʻz samarasini bermoqda. Bir vaqtning oʻzida 600 nafarga yaqin talabaga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega axborot-resurs markazining 12 mingga yaqin doimiy aʼzosi bor. Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, zamonaviy texnologiyalarni, elektron xizmat va boshqaruv tizimini joriy etish maqsadida 2023-yilda kutubxonani toʻliq rekonstruksiya qilish rejaga kiritilgan boʻlib, bu ishga 2 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

    Bulardan koʻzlangan asosiy maqsad oʻqitish jarayonini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirish va jamiyat uchun yetuk mutaxassislar tayyorlashdan iborat.

    Bilim va daromad manbai

    Soʻnggi yillarda institutda davlat-xususiy sheriklik asosida spin-off korxonalari tashkil etishga alohida eʼtibor qaratdik. Maqsad ilmiy izlanishlarni tijoratlashtirish va ishlab chiqarishga joriy etish hamda faoliyat natijasida olingan daromadni oliy taʼlim muassasamiz moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga yoʻnaltirishdir.

    Prezidentimiz 2021-yil 16-iyundagi videoselektor yigʻilishida har bir mutaxassislik kafedralari huzurida ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etib, daromad topish uchun barcha sharoitlarni yaratib berish vazifasini qoʻygan edi. Institutimizda ushbu topshiriq ijrosini taʼminlash uchun ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan 17 ta markaz faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

    Markazlar bir paytning oʻzida bir necha kafedra va spin-off korxonalarini qamrab oladi. Natijada bir vaqtning oʻzida bir nechta kafedradagi ilmiy-tadqiqot ishlari, malakaviy amaliyot, stajirovkalar shu markazlarda olib borildi. Markazlar tarkibida 14 ta spin-off korxonasi boʻlib, institut taʼsischiligida ular asosida ikkita MCHJ faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

    Bugunga qadar ular tomonidan 40 ta ilmiy loyiha, 547 ta xoʻjalik shartnomasi bajarildi. Joriy yilning oʻzida davlat ilmiy-texnik loyihalari hamda soha buyurtmalari va homiylik asosida 24 milliard 318 million soʻmdan koʻproq mablagʻ institut hisob raqamiga tushirildi.

    Markaz va spin-off korxonalariga 343 nafar talaba jalb qilingan. Ular oʻz sohalariga oid boʻlgan faoliyat turlari bilan shugʻullanishlari uchun texnopark tashkil etildi. Texnoparkning mexanik ishlov berish sexiga 20 ta zamonaviy dastgoh sotib olindi. Bu yerda “Detallarni ishlab chiqarishda gazlantirishga asoslangan innovatsion quyish texnologiyasini joriy qilish hamda metall mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyihasi doirasida 1 milliard 458 million soʻmlik metall quyishga ixtisoslashgan texnologik liniya ishga tushirildi. Ogʻir va yengil sanoat tizimlari faoliyati uchun muhim boʻlgan barcha butlovchi qismlar endilikda shu yerda tayyorlanmoqda. Amaliy ish jarayonida bevosita talabalar ishtirok etadi. “Kompyuter simulyatsiyasini, intellektual asboblarga asoslangan avtomatlashtirishni, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va metrologiya muammolarini, shuningdek, taʼlim, fan va ishlab chiqarishda reinjiniringni rivojlantirish markazini tashkil etish” loyihasi doirasidagi ishlar ham yangi ish oʻrinlari yaratish, professor oʻqituvchilarni ragʻbatlantirish, talaba yoshlarni qoʻshimcha ish bilan taʼminlashida yaxshi samara bermoqda.

    Faqat bugina emas. Bu yerda 240 dan ortiq talaba amaliyot oʻtamoqda, 6 ta fandan laboratoriya mashgʻuloti bazasi yaratildi. Natijada 20 ta magistr, 10 dan ortiq doktorant oʻz ilmiy ishlari doirasida amaliy tadqiqotlar olib borishi uchun oʻziga xos imkoniyatlar yaratildi.

    Yangi loyiha – yangi imkoniyatlar

    “FerPI GidroProj” muhandislik-texnologik loyihalash va eksperimental ishlab chiqarish markazida “Quvvati 3 kilovatdan 500 kilovatgacha boʻlgan yangi avlod turbinali mikroGESlarni yaratish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Shu kunga qadar loyiha doirasida Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi Janubiy Fargʻona kanaliga quvvati 50 kilovatgacha boʻlgan ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi mikroGESning ilk namunasi tayyorlanib, foydalanishga topshirildi.

    Ayni kunlarda Fargʻona viloyati hududidan oqib oʻtuvchi soy va kanallarga umumiy qiymati 8 milliard 569 million soʻm boʻlgan gidroagregat tipidagi mikroGES kaskadlarini oʻrnatish loyihasi amalga oshirilmoqda.

    Institut innovatsion jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Farpi hitech engineer” spin-off korxonasining 4 ta loyihasi doirasida umumiy qiymati 1 milliard 472 million soʻmdan ziyod xoʻjalik shartnomalari bajarildi. “Qurilish sinov laboratoriya” ilmiy-tadqiqot markazini tashkil qilishga Osiyo taraqqiyot jamgʻarmasi ajratgan 1,5 milliard soʻmga 29 turdagi qurilish materiallarini sinovdan oʻtkazishga ixtisoslashgan zamonaviy jihozlar olib kelindi. Bu binolarni qurish, ularning sifatlilik darajasini tez va oʻta aniqlikda hisoblash imkonini beradi.

    “Ferpi textile industry group” spin-off korxonasi esa yengil sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha 122 million soʻmlik loyiha asosida 40 nafar talaba qizni ish bilan taʼminladi. Korxona talabalar turar joyiga yaqin joylashgani ayni mudao boʻldi. Ular spin-off korxonasida dizayn, modellashtirish, bichish va tikish yoʻnalishlarida olgan nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, qoʻshimcha daromad olish imkoniyatiga ega boʻlishmoqda.

    Quyosh panellari – samaradorlik sari yoʻl

    Bugun dunyoda energiyaga boʻlgan talabning ortishi, ular narxining doimiy oshib borishi, shuningdek, yoqilgʻi-energetik resurslarining kamayishi va atrof-muhit havosining ifloslanishi tufayli ekologik toza, energiya tejamkor texnologiyalar hamda qayta tiklanuvchi energiyalardan foydalangan holda yashil energetikani rivojlantirishga eʼtibor kuchaydi. Shu maqsadda ijtimoiy soha va sanoat sohalarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari – suv, shamol, quyosh energiyasi asosida ishlovchi qurilmalar ishlab chiqarish va foydalanishga boʻlgan talab koʻpaydi.

    Prezidentimizning shu yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlangan dasturga asosan joriy yil davomida Fargʻona politexnika instituti tasarrufidagi binolar tom qismiga jami 740 kilovatt-soatli quyosh panellari oʻrnatish hamda institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan 8140 million soʻm mablagʻ ajratish rejalashtirilgan. Shu kunga qadar quvvati 270 kilovatt-soat quyosh panellari oʻrnatilib, ichki elektr tarmogʻiga ulandi. Bosh oʻquv binosi, mexanika va mashinasozlik hamda kompyuterda loyihalash tizimlari fakultetlari oʻquv binosi, talabalar turarjoy binolarida muqobil energiyadan foydlanish yoʻlga qoʻyildi. Quvonarli jihati, zamonaviy qurilmalarni oʻrnatish, tizimga ulash, ishga tushirish bilan bogʻliq barcha jarayon ustoz-murabbiylar, talaba yoshlar hamda pudratchi korxonalar bilan hamkorlik amalga oshirilmoqda. Oʻrnatilgan quyosh panellarining oʻrtacha bir kunlik elektr energiya ishlab chiqarish hajmi 1500 –1600 kilovatt-soatni tashkil etadi.

    Hisob-kitoblarga koʻra, quyosh panellari bir oy davomida 45000 kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Bu institutning bir oylik elektr energiyasi isteʼmolining 30 fozini tashkil qiladi. Ayni kunda avtoturargohda umumiy quvvati 300 kilovatt-soatga ega 546 ta quyosh panelidan iborat elektr stansiyasini oʻrnatish borasida ishlar olib borilyapti. Bundan tashqari, joriy yilning oʻzida 7 ming dona LB-40 va LB-20 rusumli lampalarni tejamkor LED lampalarga almashtirish orqali oʻrtacha bir oylik elektr energiyasi isteʼmolini 3500 kilovatt-soatga qisqartishga erishish rejalashtirilgan.

    Institut hududida Wi-Fi rotori qurilmali, kichik quvvatli isteʼmolchilarni elektr manbai bilan taʼminlaydigan hamda tashqi yoritish va reklama chiroqlarini elektr energiyasi bilan taʼminlash imkoniyatiga ega soyabonlar ishlab chiqilib, oʻrnatildi. Har bir soyabon quvvati 1 kilovatt-soatli 20 dona fotoelektr moduldan tashkil topgan. Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi energiya tizimlarining umumiy va texnik salohiyatini baholash bilan bir qatorda, ularning ishlab chiqarish quvvatini turli iqlimiy oʻzgarishlarni inobatga olgan holda qisqa va uzoq muddatli ilmiy bashoratlashga yoʻnaltirilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Aktinometrik va metrologik stansiya yordamida hudud uchun oʻrtacha soatlik, oʻrtacha kunlik aktinometrik va iqlimiy maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda.

    Olib borilyotgan kuzatuv maʼlumotlari iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amaliy qoʻllash uchun muayyan geografik hududda quyosh energiyasi salohiyatini yuqori aniqlikda ishonchli baholash, quyosh qurilmalari va ular asosidagi energiya tizimlarini loyihalashtirish hamda ishlab chiqarish quvvatlarini bashoratlash imkonini beradi.

    Oʻktamjon SALOMOV,

    Fargʻona politexnika instituti rektori,

    texnika fanlari doktori