Yigʻilish avvalida davlatimiz rahbari sport nafaqat musobaqa, balki sogʻlom turmush tarzi, intizom, vatanparvarlik va mamlakat nufuzini namoyon etadigan katta kuch ekanini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, soʻnggi toʻqqiz yilda 1,5 mingdan ziyod mahallada 1 ming 774 ta zamonaviy sport maydonchasi barpo etildi. Hududlarda 200 dan ortiq yirik sport inshooti, 4 mingga yaqin xususiy sport klubi ish boshladi. Sport bilan professional shugʻullanuvchi yoshlar soni 2 karra oshdi, olimpiya terma jamoalari sportchilari 2 barobar, paralimpiya boʻyicha esa 3 barobar koʻpaydi.

Birgina oʻtgan yilda sportchilarimiz xalqaro musobaqalarda 452 ta oltin, 418 ta kumush va 501 ta bronza medalni qoʻlga kiritdi. Ularning 50 nafardan ziyodi jahon va Osiyo rekordlarini yangiladi.

Yigʻilishda sohada erishilayotgan yutuqlar bilan birga mavjud muammo va kamchiliklar ham chuqur tahlil qilindi.

Bugun olimpiada sport turlari boʻyicha faoliyat yuritayotgan 26 ta federatsiya rahbarlari va hokimlar joylardagi mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solmagani tanqid qilindi. Xususan, 207 ta oliygoh, 15 ta olimpiya va paralimpiya markazi, 310 ta sport maktabi, 16 ta sport internatining imkoniyatlaridan samarali foydalanilganda, chempion tayyorlash va musobaqalarga litsenziya qoʻlga kiritish borasida natijalar yanada yuqori boʻlishi mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Bu borada ijobiy tajribalar ham qayd etildi. Masalan, Zarbdor tumanida oʻtgan yili 23 ta mahalladagi 34 ming yosh ommaviy sportga jalb etilgan. Tumanda 3 ta yangi sport zali qurilib, stol tennisi, taekvondo va voleybolga ixtisoslashtirilgan. Tadbirkorlar bilan hamkorlikda 2 ta usti yopiq futbol maydoni va fitness klub tashkil qilingan. Natijada Zarbdor tumani ilk bor voleybol va stol tennisi boʻyicha joriy yilgi Oʻzbekiston chempionatiga mezbonlik qiladi.

Mutasaddilarga Zarbdor tajribasini oʻrganib, uni barcha hududlarda joriy qilish topshirildi.

Ayrim maktablarda toʻgaraklar faqat nomiga tashkil etilgani, shu bois, ularga 3-4 nafardangina bola qatnashib kelayotgani koʻrsatib oʻtildi. Jumladan, oʻtgan yili Jizzax, Qashqadaryo va Fargʻonadagi maktab oʻquvchilarining toʻrtdan biri jismoniy tayyorgarlik boʻyicha minimal talabni ham bajara olmagan.

Hokimlar oldiga har bir maktabda sport toʻgaraklari uchun zarur sharoit yaratish, qamrovni oshirish va bolalarni sportga keng jalb etish vazifasi qoʻyildi.

Bugun ayrim ixtisoslashgan sport maktablarining natijasi oddiy sport maktablaridan farq qilmay qolgan. Masalan, Termiz shahridagi 4 ta ixtisoslashgan maktabning natijasi Jarqoʻrgʻondagi bitta sport maktabichalik emas. Jarqoʻrgʻon sport maktabi oʻtgan yili Osiyo va jahon chempionatlarida 6 ta sovrin olgan boʻlsa, viloyatdagi 4 ta ixtisoslashgan maktabda jami 1 ta medal bor, xolos.

Shu munosabat bilan har bir ixtisoslashgan sport maktabi direktori, jamoasi va murabbiylarining ish uslubini oʻzgartirish, oʻsish nuqtalarini aniq belgilash, ularning oylik maoshini tarbiyalanuvchilar natijasiga bogʻlash zarurligi taʼkidlandi.

Qolaversa, yuqori natijaga erishgan sport maktablarini amaldagi ragʻbatlantirishdan tashqari yana 500 million soʻmdan alohida mukofotlash tizimi joriy etiladi.

Oliy taʼlim muassasalarida sportni rivojlantirish ishlari ham tanqidiy koʻrib chiqildi. Federatsiyalar bilan hamkorlik, iqtidorli talabalarga individual murabbiy biriktirish ishlari yetarli emasligi qayd etildi. Jizzax politexnika instituti, Toshkent tibbiyot universitetining Termiz filiali, Qarshi davlat texnika universiteti va Buxoro davlat universitetida talabalarning 70 foizi jismoniy normativlarni topshira olmagan. Bu esa mazkur oliygohlarda sport klublari yetarli darajada ishlamayotganini anglatadi.

Shu munosabat bilan 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining bu boradagi ijobiy tajribasini oʻrganish, sportni rivojlantirish boʻyicha bir yillik aniq reja ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda alohida sport turlari kesimida ham natijalar va muammolar tahlil qilindi. Xususan, oʻq otish bazasida zarur sharoitlar yaratilgani tufayli ushbu sport turida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Futbol, sport kurashlari, velosport, yengil atletika va suzishda ham ijobiy siljishlar borligi eʼtirof etildi.

Shu bilan birga, Jizzaxdagi 6 ta qilichbozlik bazasida shugʻullanuvchilar soni 100 nafarga ham yetmasligi, batut va akrobatika boʻyicha salohiyatdan toʻliq foydalanilmayotgani, tennis va ot sportida natijalar yetarli emasligi tanqid qilindi.

Bugun sportchilarni jarohatdan tiklash, mushak holatini tekshirish va funksional tahlil qilish ishlari asosan xorijda amalga oshirilayotgani, federatsiyalar sport shifokori, farmakolog va diyetologlarni chetdan jalb qilishga majbur boʻlayotgani ta’kidlandi.

Endilikda har bir ixtisoslashgan tibbiyot markazi tegishli sport federatsiyalari bilan hamkorlik qiladi. Ular har oy terma jamoa aʼzolarining sogʻligʻini diagnostika qiladi, jarohat olish xavfini baholaydi, jismoniy yuklamani ilmiy tahlil qilib, murabbiylarga tibbiy tavsiyalar beradi.

Davlatimiz rahbari sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qator tashabbuslarni ham ilgari surdi.

Endilikda mahallada ommaviy sport natijadorligi faqat qamrov bilan emas, balki aholining salomatlik koʻrsatkichlari boʻyicha ham baholanadi. Har bir viloyatda bittadan tumanda “salomatlik balansi” shakllantiriladi. Sport bilan faol shugʻullanuvchi aholi orasidan “sogʻlom hayot volontyorlari” korpusi tashkil qilinadi. Ular mahallalarda sport va sogʻlom turmush tamoyillarini targʻib qiladi.

Har bir tumanda ushbu tizimda eng namunaviy boʻlgan 10 tadan mahallaga bepul sport formasi va anjomlari berib boriladi. Qaysi mahallada sportga qamrov oshsa, aholining salomatligi yaxshilansa, yurak-qon tomir va diabet kasalliklari kamaysa, yil yakuni bilan volontyor va mahalla raisiga 15 million soʻmgacha mukofot beriladi. Ushbu mahallada ommaviy sportga masʼul trenerga esa 200 foizgacha oylik ustama toʻlanadi.

Dunyoda maxsus jihoz va katta infratuzilmani talab qilmaydigan intensiv mashgʻulotlar, jumladan, kross-fit ommalashayotgani qayd etildi. Shu bois, 1-maygacha barcha maktab va texnikumlarda bu boʻyicha toʻgaraklar tashkil etish topshirildi. Kelgusi yildan kross-fit “Besh tashabbus” tizimiga kiritiladi.

Yigʻilishda davlat organlari va tashkilotlarida ham sportni ommalashtirish boʻyicha yangi tartib belgilandi. Endi har bir vazir, tarmoq va bank rahbari, viloyat va tuman hokimi oʻz xodimlarining sport bilan shugʻullanishi uchun namuna boʻlishi va sharoitlarni kengaytirishi shart.

Shu maqsadda haftaning bir kuni sport kuni sifatida belgilanadi. Bu kunda vazirlik, idora va tashkilotlarda sport mashgʻulotlari oʻtkaziladi. Joriy yildan boshlab har yili vazirliklar, tarmoqlar, banklar va hokimliklar oʻrtasida respublika birinchiliklari oʻtkaziladi.

Xususiy sektor mehnat jamoalarida ham ommaviy sportni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, tadbirkorlar oʻz ishchi-xizmatchilari uchun sport zali va maydoncha qurish hamda jihozlashga qilgan xarajatlarini foyda soligʻi bazasidan chegira oladi. Jalb qilingan murabbiylar uchun daromad soligʻi va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi.

Yigʻilishda aholini sportga jalb qilish va seleksiya ishlarida “mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida mutlaqo yangi yondashuv joriy etilishi maʼlum qilindi.

Endi oliygoh rektori, federatsiya rahbari va hokim oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Unga koʻra, hokimlar hududdagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport toʻgaraklari tashkil etish uchun shart-sharoit yaratadi.

Shuningdek, sport yoʻnalishidagi oliygohlar talabalarini dual taʼlim bilan qamrab olib, ularni murabbiylik qilish uchun toʻgaraklarga yuborish muhimligi qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik tarzda murabbiylik sertifikati beriladi. Toʻgaraklardan tushgan daromadning 50 foizi murabbiy talaba ixtiyorida qoladi. Dual taʼlim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikati ham beriladi.

Yigʻilishda joriy yilda yangi tizim orqali doimiy sport bilan shugʻullanuvchilar sonini 2 karra oshirib, 1 million nafarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilarga sunʼiy intellekt yordamida sportchi va murabbiylar natijalarini tahlil qilish, mashgʻulotlar rejasini tuzish imkonini beradigan yagona platforma yaratish topshirildi.

Sport sohasidagi ilmiy ishlar esa bundan buyon faqat dolzarb muammolar yechimiga qaratilgan boʻlishi, natijasi toʻgʻridan-toʻgʻri amaliyotga joriy qilinishi shartligi koʻrsatib oʻtildi. Agar olimlarning ilmiy ishi natija berib, sportchilarning yutuqlari va xalqaro musobaqalardagi medallari koʻpaysa, bunday olimlar 100 million soʻmdan mukofotlanadi.

Olimpiya va paralimpiya harakatini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Joriy yildan Prezident olimpiadasi doirasida musobaqa oʻtkaziladigan sport turlari 2 karra koʻpaytirilib, 21 taga yetkaziladi. Endi mazkur musobaqalar parasport boʻyicha ham tashkil etiladi. Har bir tuman va viloyat hokimi oʻz hududida Hokim olimpiadasini oʻtkazadi. Ularning gʻoliblari Prezident olimpiadasiga yoʻllanma oladi.

Adaptiv sport turlari boʻyicha kadr tayyorlash va malaka oshirish tizimi ham tubdan yangilanadi. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent filiali inklyuziv sport boʻyicha tayanch oliygohga aylanadi.

Prezidentimiz parasportchilarimiz erishayotgan natijalarda ularga tun-u kun hamrohlik qilayotgan fidoyi insonlarning hissasi katta ekanini taʼkidladi. Endi oʻquv-yigʻinlar, respublika va xalqaro musobaqalarda parasportchiga hamrohlik qilgan shaxslarning transport va yashash xarajatlari qoplab beriladi. Ularga har oy sport maktabi trenerlari oyligiga teng miqdorda maosh toʻlanadi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekistonda sport inson salomatligi va yuqori natijalar garovi boʻlish bilan birga daromad keltiradigan sohaga ham aylanishi zarurligini taʼkidladi.

Shu nuqtayi nazardan, futbol boʻyicha milliy chempionat oʻyinlarini tashkil etish masalalari ham koʻrib chiqildi. Ayrim oʻyinlar ish vaqtida oʻtkazilayotgani sababli muxlislar tashrifi kutilgan darajada emasligi aytildi.

Oʻyinlar vaqtini dam olish kunlari yoki ish kunlari kechki soat 19:00 dan keyin belgilash, stadionlar atrofida qoʻshimcha xizmatlar, musiqiy va koʻngilochar tadbirlar tashkil etish, muxlislar uchun qulay transport qatnovini yoʻlga qoʻyish, arzon futbol turpaketlarini taklif etish orqali stadionlarga muxlislar tashrifini keskin oshirish boʻyicha dastur ishlab chiqish topshirildi.

Yigʻilishda joylardagi sport infratuzilmasi holati ham koʻrib chiqildi. Qayd etilganidek, hududlarda 39 ta ochiq va yopiq sport inshooti taʼmirtalab ahvolda boʻlgani sababli toʻliq ishlatilmayapti. Mutasaddilarga bunday obyektlarni zamonaviy sport majmualariga aylantirish uchun qulay shartlarda xususiy sheriklikka berish boʻyicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Sport maktablarida yoshlar qiziqadigan noolimpiya sport turlari boʻyicha ham seksiyalar tashkil etish, Oʻzbekiston noolimpiya sport turlari konfederatsiyasini tuzish taklifi maʼqullandi.

Yigʻilish davomida davlatimiz rahbari soha rahbarlari va hokimlarning hisobotlarini tingladi, tadbirkor va sportchilar bilan muloqot qildi.