Ayni mavzuda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor Baxtiyor HASANOV bilan suhbatlashdik.
— Muzey arxivlarini
ochish boʻyicha qoʻyilgan vazifalar olimlar faoliyatida va tarix haqiqatini
tiklashda qanday amaliy natijalar berdi? Bu tarixiy burilishning muzey
hayotidagi samaralari haqida gapirsangiz.
— 2017-yilning 31-avgust sanasi nafaqat bizning muzey, balki
butun millatimiz tarixini asl holiga qaytarish yoʻlidagi tub burilish nuqtasi
boʻlgan edi. Oʻsha kuni Prezidentimiz majmuamizga tashrif buyurib, qatagʻon
qurbonlarining nomlarini tiklashimiz, ruhlarini shod qilishimiz shart deb
oldimizga katta vazifalarni qoʻygani kechagidek yodimda. Bu eʼtibor
muzeyimizning bugungi qiyofasida, nufuzida va ilmiy ishlarimizda katta aks sado
berdi. Davlatimiz rahbari viloyatlarda ham muzeyning boʻlimlarini tashkil etish
boʻyicha taklif berib, muzeylar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun muqaddas
ziyoratgoh, maʼnaviyat va maʼrifat oʻchogʻi boʻlib qolishi kerakligini
taʼkidladi.
2017-yil 22-noyabrda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilindi
va muzeyimiz Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga oʻtkazilib, faoliyati yanada
takomillashtirildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi 13 ta oliy
taʼlim muassasasi tuzilmasida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari tashkil
etildi.
— Hozirgi kunda
Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi va uning hududiy filiallari oldiga qanday
vazifalar qoʻyilgan?
— Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeylari oldiga faqatgina
oʻtmish eksponatlarini saqlash emas, ularni katta ilmiy, maʼrifiy va gʻoyaviy
markazga aylantirish boʻyicha muhim vazifalar turibdi. Soʻnggi yillarda minglab
yurtdoshlarimiz oqlangan boʻlsa-da, arxivlarda hali ochilmagan, oʻrganilmagan
ishlar bor. Vazifamiz birorta ham begunoh qurbonning eʼtibordan chetda
qolmasligini taʼminlashdir. Millat fidoyilari boʻlmish jadidlarning nafaqat
siyosiy fojiasini, balki ular qoldirgan ilmiy, adabiy va maʼrifiy merosni
oʻrganish va jamiyatga taqdim etish ham vazifamizga kiradi. Zamon talabidan
kelib chiqib, barcha arxiv hujjatlari, suratlar va eksponatlarning yagona
elektron bazasini yaratyapmiz. Bu istalgan tadqiqotchi yoki yoshlar uchun
maʼlumot olish imkonini kengaytiradi.
— Tarix faqat
kitoblarda yoki muzey eksponatlarida qolib ketmasligi, balki tirik xotiraga
aylanishi kerak. Bu borada jadid bobolarimizning ezgu gʻoyalarini keng jamoatchilikka,
ayniqsa, yosh avlod qalbiga singdirish uchun qanday tadbirlar va loyihalar
amalga oshirilmoqda?
— Maqsadimiz muzeyni shunchaki oʻtmish eksponatlari
saqlanadigan joy emas, balki katta maʼnaviyat va tarbiya maskaniga
aylantirishdir. Shu bois, yoshlar oʻtmishni chuqur anglashi uchun muzey
zallarida “Xotira darslari” va “Jadidlar izidan” ochiq muloqotlarini oʻtkazish
anʼanaga aylandi. Soha mutaxassislari hududlarda yurib, qatagʻonga uchragan
yurtdoshlarimizning hali tirik boʻlgan farzandlari, nabiralari bilan
uchrashmoqda va ularning xotiralarini yozib olmoqda. Muzeyga kela olmayotgan
fuqarolar uchun “Koʻchma muzey” loyihasini yoʻlga qoʻyganmiz. Shuningdek,
jadidlar hayoti haqida hujjatli filmlar, qisqa videoroliklar, muzeyning virtual
3D sayohat dasturlari yaratildi. Bundan tashqari, oqlangan vatandoshlarimizning
toʻliq tarjimayi holi jamlangan koʻp jildli “Qatagʻon qurbonlari. Xotira
kitobi” nashr etilib, kutubxonalarga tarqatilmoqda.
— Nima uchun
minglab begunoh vatandoshlarimiz, jadid bobolarimiz sobiq tuzum davrida ham,
undan keyin ham uzoq vaqt oqlanmay, “qora roʻyxatlar”da qolib ketgan?
— Buning zamirida katta siyosiy va insoniy armonlar yotibdi.
Minglab vatandoshlarimizning uzoq yillar oqlanmay qolganiga bir necha sabab bor
edi. Yaʼni sobiq shoʻro hukumati oʻz davrida faqat tizimga xavf tugʻdirmaydigan
odamlarnigina oqlagan, millat ozodligi, mustaqillik va dinu diyonat uchun
kurashgan jadid bobolarimizni oqlashdan qoʻrqqan. Chunki ularni oqlash shoʻro
tuzumi oʻz xatosi va nohaqligini tan olishini anglatardi. Qatagʻon qilinganlar
ustidan oʻqilgan soxta hukmlar va tergov bayonnomalari maxsus xizmatlar
arxivlarida “oʻta maxfiy” tamgʻasi ostida saqlangan. Hujjatlar yashirilgani
bois, hech kim asl haqiqatni isbotlay olmagan. Oʻtmishdagi oqlash toʻlqinlari
shunchaki yuzaki boʻlib, asosan, shoʻro faollari va rahbarlariga daxldor
boʻlgan. Oddiy dehqonlar, hunarmandlar va mulkdorlar sifatida surgun qilingan
millionlab begunoh yurtdoshlarimiz esa butunlay unutilgan.
— Bu boʻyicha
nimalar qilinmoqda?
— Bugungi kunda arxivlar eshigi tarixchilar uchun toʻliq
ochildi. Ilgari soxta hujjatlarda “bosmachi” yoki yana nimalardir deb
qoralangan bobolarimizning aslida oʻz tuprogʻini himoya qilgan chin
vatanparvarlar ekani isbotlandi. Oliy sud tomonidan mingga yaqin vatandoshimizning
rasman oqlanishi nafaqat huquqiy gʻalaba, ularning avlodlari qalbidagi koʻp
yillik dogʻni yuvib tashlagan tarixiy adolat tantanasi hamdir. Qatagʻon
qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tomonidan oʻsha davrda qatagʻon qilingan va
baʼzi sabablarga koʻra oqlanmay qolgan yurtdoshlarimizni oqlash borasida muhim
ishlar qilindi. Minglab kishilar sovet davridagi siyosiy qatagʻonlar girdobida
nohaq ayblanib, surgun qilingan, otib tashlangan va uzoq yillar davomida
ularning nomlarini oqlash imkoni boʻlmagan. Oliy sud tomonidan 2021-yildan shu
kunga qadar jami 1381 kishining nomi oqlandi.
Biz bugun arxiv changlari orasida qolib ketgan har bir inson
taqdirini tiklashni millat va insoniylik oldidagi muqaddas burchimiz deb
bilamiz va bu jarayon hali toʻxtagani yoʻq, tadqiqotlarimiz izchil davom
etmoqda.
— Muzey jamoasi va
olimlar tomonidan arxivlardan olingan yangi tarixiy faktlar hamda tiklangan
nomlar haqida ham soʻzlab bersangiz.
— Joriy yil tarixchi olimlarimiz va muzey jamoasi uchun
haqiqiy kashfiyotlar yili boʻldi. Izchil ilmiy qidiruvlar natijasida ilgari
hech bir roʻyxatda boʻlmagan, soxta ayblovlar bilan otib tashlangan yoki surgun
qilingan mingga yaqin vatandoshimizning shaxsi va taqdiri aniqlanib, ularni
rasman oqlash uchun hujjatlar Oliy sudga taqdim etildi. Mahalliy va xorijiy
arxivlardan jadid bobolarimiz oʻz qoʻli bilan yozgan asl xatlari, tergov
paytidagi jasoratli javoblari va ular ustidan chaquv yozgan soxta
guvohliklarning asl bayonnomalari topildi. Qatagʻon qilinganlarning oila
aʼzolari, “vatan xoinining oilasi” sifatida surgun qilingan ayollar va
bolalarning ayanchli taqdiriga oid aniq raqamlar va hujjatlar ilk bor ilmiy
muomalaga kiritildi. Toʻplangan yangi tarixiy faktlar shunchaki arxivda
qolmadi, ular hududlar kesimida koʻp tomli kitoblar holiga keltirilib, taqdim
etildi. Ilmiy xodimlarimizdan iborat maxsus guruhlar Rossiya, Qozogʻiston va
Germaniya fondlariga samarali ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirdi. U yerdan
yurtimizdan surgun qilingan va otib tashlangan vatandoshlarimizga oid yuzlab
yangi tergov hujjatlari, shaxsiy xatlar va “oʻta maxfiy” tamgʻali bayonnomalar
nusxalari olib kelindi. Muzey ilmiy xodimlari tomonidan oʻzbek, rus, ingliz va
nemis tillarida oʻnga yaqin kitob va monografiya, yuzga yaqin ilmiy maqola va
tezis chop etildi. Bu ishlar qatagʻon qilinganlar tarixini chuqur va har
tomonlama oʻrganishga xizmat qilmoqda.
2026-yilda “Tarixning nomaʼlum sahifalari” toʻplamining
13-kitobi kamina muharrirligi ostida nashrdan chiqarildi. Unda tariximizning
hali toʻliq oʻrganilmagan, ilmiy jihatdan muhim boʻlgan sahifalari yoritilgan.
— Sunʼiy intellekt,
raqamli avatarlar va interaktiv xaritalarning muzey ekspozitsiyasiga kirib
kelishi tarixni jonlantirishda qanday oʻzgarish yasamoqda?
— Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyining ekspozitsiyasi
“Yangi Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans asoslari” konsepsiyasi asosida tubdan
yangilandi. Zamonaviy infokiosklar, multimedia monitorlari, interaktiv ekranlar
va raqamli texnologiyalar joriy etildi. Tarixiy hujjatlar, fotosuratlar va
muzey ashyolari zamonaviy ekspozitsiya yechimlari bilan uygʻunlashtirildi.
Ekspozitsiyada tarixiy manba, badiiy obraz va raqamli
texnologiya bir butun tizimga aylandi.
Bu esa tashrif buyuruvchilarga tarixiy voqealarni shunchaki
kuzatish emas, balki ularni chuqurroq his qilish va anglash imkonini bermoqda.
Ekspozitsiyada sunʼiy intellekt, raqamli avatarlar, interaktiv xaritalar va
multimedia kontentidan foydalanilishi tarixiy voqealar va shaxslar haqidagi
maʼlumotlarni yangi, taʼsirchan shaklda qabul qilish imkonini yaratmoqda.
— Sunʼiy intellekt
va raqamlashtirishning keng tus olishi insonning jonli mulohazasini soʻndirib,
tarixiy haqiqatning asl mohiyatini susaytirib qoʻymaydimi? Nima deb oʻylaysiz?
— Bu masala dunyo muzeyshunosligidagi eng dolzarb bahslardan
biri. Biroq tajriba koʻrsatmoqdaki, toʻgʻri foydalanilsa, texnologiya tarixiy
haqiqatni oʻchirib yubormaydi. Biz muzey ekspozitsiyalarida multimedia yoki 3D
texnologiyalardan foydalanganimizda, ularning zamirida faqat haqqoniy arxiv
hujjatlari turadi. Masalan, sensorli ekranga jadid bobolarimiz surati yoki
tergov bayonnomasi joylashtiriladi. Texnologiya hujjatni toʻqib chiqarmaydi,
balki yillar davomida chang bosib yotgan qogʻozni yoshlar tushunadigan
zamonaviy tilga oʻgirib beradi.
Muzeyshunoslikda har qanday zamonaviy texnologiya asosida
ishonchli tarixiy manba, arxiv hujjati va ilmiy tadqiqot turishi kerak.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Gulichehra DURDIYEVA suhbatlashdi.