Niderlandiyalik investor Toshkent viloyatida beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻymoqda

    Investitsiyalar 25 Fevral 2021 775

    Oʻzbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchixona tomonidan mamlakatimizga sarmoyalar jalb qilish boʻyicha vazifalarni amalga oshirish doirasida Niderlandiyaning “Lumidea Engineering” kompaniyasi bosh direktori Eshref Ozshaxin bilan videokonferensiya shaklida muloqot oʻtkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Rotterdam shahrida joylashganmazkur kompaniya Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etmoqda. “Lumidea Engineering” Niderlandiyaning infratuzilma loyihalariga ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalaridan biridir. Kompaniya turar joy majmualari, kasalxonalar, yoʻllar va koʻpriklar qurishga ixtisoslashgan. Uning xizmatlari mutaxassislartanlash va yollashdan tortib, qurilish obyektlarini loyihalashtirish va uni boshqarishgacha davom etadi. Shu kunga qadar kompaniya xorijda, xususan, Iroq va Turkmanistonda qator infratuzilma loyihalarini amalga oshirgan. Bundan tashqari, korxona negizida muhandislik infratuzilmasi, jarayonlarni avtomatlashtirish, koʻpriklar, suv omborlari, piyodalar uchun yoʻlaklar qurish texnologiyalari, shuningdek, asfalt ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlar boʻyicha oʻquv markazlari faoliyat yuritmoqda.

    Suhbat chogʻida Niderlandiya tomoni mazkur loyiha rejalashtirilgan jadvalga muvofiq amalga oshirilayotgani taʼkidladi. Jumladan, xorijdan Oʻzbekistonga yetkazilgan texnologik jihoz va uskunalar joʻnatmasining bojxona rasmiylashtiruvi yakunlandi. Ayni paytda navbatdagi joʻnatma uchun bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilmoqda.

    Eshref Ozshaxinning soʻzlariga koʻra, beton mahsulotlari ishlab chiqarish uchun Oʻzbekistonga olib kelinadigan uskunalarning umumiy qiymati 300 ming dollarga teng. Hisob-kitoblarga koʻra, korxonaning ishlab chiqarish quvvati kuniga qariyb 20 ming dona mahsulotni (issiqlik izolyatsiyali pardozlash materiallari, beton plitalar, toʻsiqlar, yoʻlak toshlari va boshqalar) tashkil etadi. Mahsulotlar ekologik toza va kengaytirilgan loy asosida issiqlik izolyatsiyasini birlashtirgan innovatsion texnologiyalarga asoslangan boʻladi.

    Korxonada montaj ishlari yakunlanganidan soʻng, mart oyining oxirida dastlabki mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayoni rejalashtirilgan.