Dunyoning ayrim mamlakatlarida, xususan, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarida NIPAH virusi bilan bogʻliq holatlar kuzatilayotgani munosabati bilan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi aholiga murojaat bilan chiqdi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, ayni paytda Oʻzbekiston hududida ushbu virus bilan kasallanish holatlari umuman qayd etilmagan va mamlakatdagi epidemiologik vaziyat toʻliq barqaror nazorat ostida saqlanmoqda. Taʼkidlanishicha, yurtimiz sarhadlari orqali turli yuqumli kasalliklar kirib kelishining oldini olish maqsadida 54 ta chegara oʻtkazish punktlarida sanitar-karantin nazorati kuchaytirilgan rejimda ish olib bormoqda.

Qoʻmita xabarida NIPAH virusining tabiati va xavflari haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Bu virus asosan hayvonlardan, xususan, koʻrshapalaklardan insonga yuqadigan xavfli kasallik boʻlib, u bosh miya yalligʻlanishi yoki ogʻir nafas yoʻllari xastaliklarini keltirib chiqarishi mumkin.

Kasallik nafaqat hayvonlardan, balki zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari va kasallangan odam bilan yaqin muloqot orqali ham tarqaladi. Garchi mamlakatimizga ushbu virusning kirib kelish ehtimoli juda past boʻlsa-da, mutaxassislar ogohlikni yoʻqotmaslikka chaqirmoqda.

Shu munosabat bilan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi chet elga, ayniqsa virus oʻchoqlari mavjud boʻlgan mamlakatlarga borishni rejalashtirayotgan yurtdoshlarimizga bir qator muhim tavsiyalarni taqdim etdi.

Birinchi navbatda, shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, qoʻllarni sovun bilan tez-tez yuvish va antiseptik vositalardan foydalanish zarur.

Isteʼmol qilinadigan meva va sabzavotlarni albatta yuvish, faqat tekshirilgan suv ichish lozim. Eng muhimi, koʻrshapalaklar tishlagan yoki tirnagan boʻlishi mumkin boʻlgan, sirtida shikastlanish izlari bor mevalarni aslo yemaslik kerakligi alohida uqtirilmoqda.

«Agar safar davomida yoki yurtimizga qaytgach, sizda yuqori harorat, kuchli bosh ogʻrigʻi yoki nafas olishda qiyinchiliklar kabi belgilar paydo boʻlsa, zudlik bilan shifokorga murojaat qilishingiz soʻraladi,« — deyiladi xabarda.