Bu usul oʻzining maʼlum bir shartlari va tamoyillariga ega boʻlib, mediatsiyaning maxfiyligi, ixtiyoriyligi, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligidan iborat. Uning baʼzi koʻrinishlari avvaldan mavjud boʻlgan. Masalan: mahalla oqsoqollari, nuroniylar, katta hayot tajribasiga ega boʻlgan kishilar qoʻshnilar va er-xotin oʻrtasidagi nizolarni hal etishda mediator vazifasini bajarib kelgan.

Respublikamizda 2018-yil 3-iyulda “Mediatsiya toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilinib, uning amal qilish sohasi ham aniq belgilab qoʻyilgan. Hujjatga koʻra, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish munosabati bilan kelib chiqadigan, shuningdek, yakka mehnat nizolari va oilaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan kelishmovchiliklarga mediatsiyani qoʻllash mumkin.

Prezidentimiz tomonidan 2020-yil 17-iyun kuni qabul qilingan “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda belgilanishicha, bundan keyin ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni koʻrib chiqishning muqobil usullarini qoʻllash mumkinligini aniqlab, tomonlarga yoʻnalish beradi.

Vaqt, eng asosiysi, emotsional resurslarni tejaydigan bu usulning tartib-taomillarini amalga oshirishda mediatorning xolisligi taʼminlanishi ham katta ahamiyatga ega. Agar mediatorning mustaqilligi va xolisligiga toʻsqinlik qiladigan holatlar mavjud boʻlsa, u mazkur jarayonni amalga oshirishdan voz kechish kerak.

Aslida, nizolarni hal etishning har qanday usuli xalqimizning azaliy urf-odati bilan uzviy bogʻliq. Sohadagi yangi tartiblarga xalqimizga xos bagʻrikenglik, hamjihatlik, bosiqlik, eng asosiysi, tomonlar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar vaqtida ham bir-birini hurmat qilish kabi qadriyatlar asos qilib olingan.

Toshtemir Moʻminov,

Professional mediator

Dehqonobod tumani