Mamlakatimizda nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, to'siqsiz muhit yaratish, jamiyatga integratsiya qilish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining bu borada muhim farmon va qarorlari qabul qilingani nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning hayotga intilishini oshirish, jamiyat hayotida faol qatnashishini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Albatta, har bir sohaning rivojlanishi, ayniqsa, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari bilan bog'liq masalalarni hal etish, avvalo, qonunchilikni takomillashtirishni taqozo etadi. SHu nuqtai nazardan keyingi yillarda qonunchilikka muhim o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Ushbu soha huquqiy tomondan to'liq qamrab olindi.
Masalan, nogironligi bo'lgan shaxslarning ta'lim olishi, ilm o'rganishi, kasb tanlashi, hunar o'rganish borasidagi huquqlarini amalga oshirish masalasida Mehnat kodeksiga, “Ta'lim to'g'risida”gi qonunga yangi me'yorlar kiritildi.
Bundan tashqari, SHaharsozlik kodeksida nogironligi bo'lgan shaxslarning erkin harakatlanishi, ijtimoiy ob'ektlarga emin-erkin kirib chiqishi uchun sharoit yaratish masalalari ko'zda tutildi. Binolarni qurishda, loyihalashtirishda ham nogironligi bo'lgan shaxslarning harakatlanishini hisobga olish alohida me'yor sifatida belgilandi.
Umuman aytganda, nogironligi bo'lgan shaxslarning bilim olishi, hunar o'rganishi, jamiyatda o'z o'rnini topishi uchun huquqiy jihatdan sharoit yaratildi. Bu borada davlat tashkilotlarining majburiyatlari aniq belgilab berildi.
Ma'lumki, shu yil 15 oktyabr` kuni davlatimiz rahbari “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunni imzoladi. 2021 yildan e'tiboran kuchga kiradigan mazkur qonun orqali nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini amalga oshirish bo'yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladigan bo'ldi.
Bu borada ishlarning barchasi jismoniy imkoniyati cheklangan kishilarni nafaqat qo'llab-quvvatlash, balki ularning hayotda o'z o'rnini topishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatga ega. Bu qonun davlatning nogironligi bo'lgan shaxslarga nisbatan munosabati, mas'uliyati yangi darajaga ko'tarilayotganini ham bildiradi. Hukumat, vazirlik-idoralar tomonidan qonun talab etadigan bir qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqiladi.
Qonun asosida nogironligi bo'lgan shaxslarni eng ko'p qiynab kelayotgan masala — tibbiy tekshiruv komissiyalari faoliyati takomillashadi, murojaat qiluvchi 10 kalendar` kunida xulosani oladi. Tibbiy tekshiruvlar bepul amalga oshiriladi. Nogironligi bo'lgan shaxslar ambulator va statsionar tartibida imtiyozli davolanadi, protez-ortopediya anjomlari bilan ta'minlanadi.
Binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yo'lakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus o'rindiqlar joylashtiriladi. Ta'lim olishning barcha bosqichlarida sharoit yaratilib, kasb-hunarga o'rgatish, kollej va texnikumlarda ta'lim olishlari davlat hisobidan ta'minlanadi.
Mahalliy hokimliklar nogironligi bo'lgan shaxslarning uy-joy sharoitini yaxshilashga mas'ul bo'ladi. Nikoh tuzish va oila qurish, bolalarni farzandlikka olish, bolalarni tarbiyalashga doir majburiyatlarni bajarishi chog'ida yordam olish, shu jumladan, uyida va yashash joyida xizmatlar ko'rsatilishi huquqi ta'minlanadi.
Davlat nogironligi bo'lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarga moddiy, maslahatga oid va boshqacha tarzda yordam beradi hamda ularni qo'llab-quvvatlaydi.
Ma'lumki, 2020/2021 o'quv yilidan boshlab oliy ta'lim muassasalariga abiturientlar qabulining umumiy sonidan nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qo'shimcha ravishda ikki foizli kvotalar qo'llanilishi joriy etildi. Natijada joriy o'quv yilida 3 mingga yaqin nogironligi bo'lgan yoshlar oliy ta'lim muassasalariga o'qishga qabul qilindi.
YAkka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug'ullanuvchi I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslar, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslarni xodim sifatida yollagan yakka tartibdagi tadbirkorlarga qat'iy belgilangan soliqning imtiyozli stavkasi qo'llaniladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi huzurida ixtisoslashtirilgan idora va Nogironligi bo'lgan shaxslarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etilgan.
2018 yilning 1 iyunidan boshlab nogironligi bo'lgan shaxslar to'g'risida umumiy ma'lumotlarni (ajratilgan texnik reabilitatsiya vositalari, protez-ortopediya buyumlari va boshqalar) o'z ichiga olgan yagona elektron reestr joriy qilingan.
Bir necha yillar davomida nogironligi bo'lgan shaxslarning manfaatlarini himoya qiladigan jamoat tashkilotlarini davlat tomonidan moddiy qo'llab-quvvatlash masalasi ko'tarib kelinardi. Bunday tashkilotlar faoliyati nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilishda nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Lekin ularning moddiy-texnika bazasi, vakolatlari, imkoniyatlari cheklanib qolgan edi. SHuning uchun birinchi marta mana shu tashkilotlarga davlat tomonidan 1 milliard so'm subsidiya ajratildi. Bu yordam orqali O'zbekiston Nogironlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasi o'z faoliyatini to'g'ri yo'lga qo'yib, nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlarini, manfaatlarini ta'minlashga xizmat qilmoqda.
2021 yilga mo'ljallangan byudjet to'g'risidagi qonun loyihasi parlamentdagi keng va qizg'in muhokamalardan keyin qabul qilindi. Bu qonunni muhokama qilishda ham ijtimoiy sohaga ajratilgan xarajatlarga alohida e'tibor qaratildi. Davlat byudjetidan kelgusi yilda 1,2 million oilani moddiy qo'llab-quvvatlash nazarda tutilgan. Albatta, bunday oilalarda nogironligi bo'lgan shaxslar ham bor.
Bundan keyin ham nogironligi bo'lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, bu boradagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamlash, yuzaga kelayotgan muammolarni parlament darajasida hal qilish bo'yicha taklif va tashabbuslar davom etadi.
Amalga oshirilayotgan o'zgarishlarga qaramay, nogironligi bo'lgan shaxslarni o'ylantirib kelayotgan muammoli masalalar ham oz emas. O'zbekiston Nogironlar, Ko'zi ojizlar va Karlar jamiyatlari a'zolari, deputatlar bilan bu borada doim fikr almashib turibmiz, echim topish choralari ko'rilmoqda.
Jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslarga belgilangan tibbiy xizmatlar joylarda vaqtida ko'rsatilmayotgani, protez-ortopediya vositalari etishmasligi, jamoat transportlari moslab jihozlanmagani, bekatlar va marshrutlarda eshittiruvchi, elektron ma'lumotlar tablolari kabi maxsus vositalarning yo'qligi bilan bog'liq muammolar kun tartibida turibdi.
Nogironligi bo'lgan kishilar, odatda, boshqalardan farqli o'laroq, sog'ligi sustroq, ta'lim sohasidagi yutuqlari kamroq, iqtisodiy imkoniyatlari cheklangan va moddiy sharoiti ham yomonroq bo'ladi. Bu o'z navbatida ularning har kunlik hayotida ko'plab to'siqlarni tug'dirishini hisobga olib, joylarda nogironligi bo'lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi va moslashuvi samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilishi zarur.
“Nogironlar huquqlarini himoya qilish to'g'risida”gi xalqaro konventsiyani bosqichma-bosqich ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik ko'rish masalasi ham muhimdir.
Mamlakatimizda “Xalqaro nogironlar kuni” munosabati bilan joriy yil 30 noyabrdan 30 dekabrga qadar “Mehr-muruvvat oyligi” o'tkazilmoqda. Bu xayrli tadbirlarda faol qatnashish barchamizning insoniy burchimiz hisoblanadi.
Ulug'bek INOYATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o'rinbosari