Uchrashuvda partiya faollari, deputatlari, xayrixohlar, hamkor tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar, faol xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirok etishdi.

Uchrashuvni nomzodning Xorazmdagi ishonchli vakili, Xorazm Maʼmun akademiyasi professori Abdullayev Ikram Iskandarovich kirish soʻzi bilan ochib berdi.

Uchrashuv dastavvalida ishonchli vakil nomzodning tarjimayi holi va faoliyati toʻgʻrisida atroflicha maʼlumot berdi.

Shundan soʻng nomzod Bahrom Abduhalimov soʻzga chiqib, oʻz saylovoldi dasturida ilgari surilgan ilgʻor gʻoyalar, asosiy masalalarni saylovchilar eʼtiboriga havola qildi.

Jumladan, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirish orqali ijro hokimiyatini ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini oʻrnatish, barcha darajadagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga vatanparvar, professional va fidoyi insonlar kelishini taʼminlash, jinoyatchilikka, poraxoʻrlikka, taʼmagirlikka, zoʻravonlikka qarshi murosasiz kurashish, prokuratura, adliya organlari va sud xodimlari oʻrtasidagi ijtimoiy tengsizlikni tugatish, adolatli va mustaqil sud-huquq tizimini yaratish ishlarini davom ettirish, sudni tom maʼnoda adolat qoʻrgʻoniga aylantirish kabi asosiy masalalar ishtirokchilar diqqat markazidan joy oldi.

Fikr va mulohazalarga, taklif va tavsiyalarga boy boʻlgan uchrashuv soʻngida nomzod Bahrom Abduhalimov saylovchilarning qiziqtirgan savollariga atroflicha, hayotiy misollar bilan asosli javoblar berdi.

Nomzodning saylovoldi dasturi saylovchilar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga koʻrsatilgan nomzod Abduhalimov Bahrom Abdurahimovichga ovoz berishga chaqirildi.