Oʻrta Chirchiq tumani Tuyaboʻgʻiz suv ombori hududida oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish, ularni noqonuniy ovlash holatlarining oldini olish maqsadida ekologik nazorat tadbirlari muntazam oʻtkazib kelinadi.
21-dekabr kuni oʻtkazilgan navbatdagi nazorat reyd tadbirida Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari hamda Toshkent viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi xodimlari tomonidan fuqarolar R.A, I.O, D.I va X.N. noqonuniy ravishda taʼqiqlangan 520 metr leskali toʻr yordamida zogʻora, sudak, tovon baliqlarini ovlagani aniqlandi.
Shuningdek, nazorat tadbiri davomida 1580 metr egasi maʼlum boʻlmagan leskali toʻrlar suv omboridan yigʻib olindi, jami hayvonot dunyosiga 18 million 90 ming soʻm zarar keltirilgan holat aniqlandi.
Holat yuzasidan fuqarolarga nisbatan Oʻzbeksiton Respublikasi MJtKning 90-moddasi 4-qismiga asosan javobgarlik belgilash uchun toʻplangan hujjatlar sudga taqdim etildi.