“Hozirgi zamonda axborotni berkitib boʻlmaydi. Chunki zamonaviy texnologiyalar shuni koʻrsatyaptiki, axborotni bir joyda berkitgan bilan u baribir chiqadi. Hozir axborot erkin aylanyapti va bu soʻz erkinligi bilan bogʻliq.Oʻzbekistonda axborot kommunikatsiya texnologiyasi rivojlanishi natijasida shaxs soʻz erkinligi, haq-huquqlarini talab qilish imkoniga ega boʻldi. Odamlar ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrlarini bildirishyapti. Albatta, u yerda turli fikrlar yuradi, ular orasida tanqidiylari ham bor. Va bu tanqidiy fikrlarni davlat boshqaruvi organlari eshitishi kerak. Oʻzlarining faoliyatini shu berilgan soʻzlar orqali tahlil qilib, qanaqa muammolar borligi, bu muammolarni qanday qilib yechish, ular tizimlimi yoki ayni bir shaxs yoki voqeaga tegishlimi, bularning barchasini davlat boshqaruvi organlari tahlil qilishi kerak. Muloqotga oʻrganishi kerak”, — degan u.

Asad Xoʻjayev, shuningdek, OAVlarda juda koʻp tanqidiy materiallar chiqishini ham taʼkidladi.

«Shu orqali bizning davlat boshqaruvi organlari yangi reallikda, yangi Oʻzbekistonda faoliyatini boshlayapti. Davlatimiz rahbari ʻMatbuot bu kimgadir achchiq gapirsa, yoqadi yoki yoqmaydi. Bu yoʻnalishdan biz qaytmaymizʻ, deb aytdi. Oʻtgan yili bajarilgan katta ishlardan biri — matbuot xizmatlari tashkil etilgani boʻldi. Hozirda 1000 dan ziyod matbuot kotiblari faoliyatini amalga oshiryapti. Lekin ular qay darajada ishlayapti, malakasi va tezkorligi, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlarni davlat boshqaruvi organlariga qay darajada yetkaza olyapti — shularga eʼtibor qaratishimiz kerak.

Pandemiya sharoitida biz koʻrdik: aholimizga tezkorlik bilan davlat boshqaruvi organlari qabul qilayotgan turli qarorlarni yetkazib berishda ehtiyoj sezyapmiz. Axborot vaqtida yetib bormasa, bu turli noxolis axborotlar tarqalishiga sabab boʻladi. Biz baʼzida OAV vakillari va blogerlar bunda aybdor degan gaplarni eshitamiz, yoʻq, bu yerda davlat boshqaruvi organlari jurnalistlar bilan muloqotga tayyor emas.Agar davlat organlari tezkorlik bilan javob qaytarsa, asossiz maʼlumotlar, fikrlar bildirilishiga oʻrin qolmaydi. Shuning uchun biz doimiy ravishda davlat organlari ochiqligini taʼminlash borasida muloqotni kuchaytirishimiz kerak deb bilamiz», — degan AOKA rahbari.

Eslatib oʻtamiz, “Gazeta.uz”, “Daryo.uz”, “Podrobno.uz” koronavirus statistikasiga shubha bildirgani va oʻz materiallarini rasmiy idoralar bilan bogʻlanib, aniqlik kiritmagani sabab, “Kun.uz” esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining gaz va elektr taʼminoti muammosiga oid izohlarini eʼlon qilgani uchun ogohlantirish olgandi. AOKA ular qonunchilik talablariga mos kelmaydigan axborot tarqatgan deb aytgan.

Shundan soʻng BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer va qator xorijiy davlatlarning Toshkentdagi elchilarida mamlakatdagi mustaqil onlayn-OAVga Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga kelgan ogohlantirish xatlariga munosabat bildirib, agentlikning bu kabi xatti-harakatini tanqid qilgandi.