Mamlakatimiz keyingi yillarda koʻplab oʻzga ellar bilan doʻstlik rishtalarini bogʻladi. Bu borada milliy qadriyatlarimiz, hunarmandligimiz, sportdagi yutuqlar barobarida madaniyat va sanʼat ham eʼtibor tortguvchi jihatlardan biri. Millat va elatlarning tillari, dillari bir-biriga bogʻlanib, qadriyatlar uygʻunlashayotgani ham haqiqat. Bu Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekovning Qatar madaniyat vaziri Abdurahmon bin Hamad Al-Soniy bilan yaqinda boʻlib oʻtgan uchrashuvida ham oʻz aksini topdi.
Vazirlar muloqoti Qatar Davlati Amirining yaqinda Oʻzbekistonga tashrifi chogʻi namoyish etilgan madaniy tadbirlar yuqori saviyada oʻtkazilgani uchun alohida minnatdorlik bildirish bilan boshlandi. Qatar madaniyat vaziri Oʻzbekiston bilan madaniyat sohasida hamkorlikni yuqori saviyaga olib chiqish boʻyicha alohida koʻrsatmalar olganini taʼkidladi. Bu esa milliy madaniyatimizga boʻlgan hurmatning amaldagi ifodasi edi.
Doʻstona suhbatda madaniyat sohasida hamkorlik memorandumining ijrosini taʼminlash maqsadida qator loyihalar muhokama qilindi. Jumladan, kelgusi yilda Qatarda Oʻzbekiston, mamlakatimizda Qatar madaniyati kunlarini tashkil etish, bunda sanʼatkor va ijodiy jamoalarning qoʻshma loyihalariga alohida eʼtibor qaratish belgilandi. Muhokama qilingan loyihalar asosida 2023–2024-yillarda hamkorlik dasturini ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi. Biz Oʻzbekiston madaniyat va turizm vazirining Doha shahrida oʻtkazilgan Xalqaro kitob yarmarkasidagi ishtirokiga alohida toʻxtalishni joiz topdik.
Eng qadimiy, eng yirik xalqaro tadbir
Doha xalqaro kitob yarmarkasi mintaqadagi eng qadimiy va yirik xalqaro kitob koʻrgazmalaridan hisoblanadi. Uning ilk ochilishi 1972-yilda boʻlib oʻtgan. 2002-yilga qadar u ikki yilda bir marta tashkil etilgan boʻlsa, hozirda har yili oʻtkaziladi.
Yarmarka dunyoning eng yirik va yetakchi nashriyotlarini jalb qilishga muvaffaq boʻlgan. Birinchi koʻrgazmada 20 dan ortiq nashriyot ishtirok etgan boʻlib, hozirda 34 davlat vakillari qatnashadi. Mazkur tadbir oʻtkaziladigan maydon 29 000 kvadrat metrni tashkil etadi. Koʻrgazma doirasida seminar, maʼruza, mahorat darslari kabi koʻplab madaniy tadbirlar tashkillashtiriladi. Yarmarka Doha koʻrgazma va anjumanlar markazida oʻtkaziladi.
Abdulrahmon bin Hamad Al-Soniy taklifi bilan O.Nazarbekov xalqaro kitob koʻrgazmasida qatnashib, koʻrgazma direktori Jassim Ahmad Al-Buaynayn bilan uchrashdi. Maʼlum boʻlishicha, bu yil 37 davlatdan 500 dan ortiq yetakchi nashriyot va tashkilotlar ishtirok etmoqda. Arab mamlakatlaridagi eng yirik maʼrifiy platformalardan biriga aylangan koʻrgazma anʼanaviy nashriyotchilikni rivojlantirish barobarida aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarni kitobxonlikka qiziqishtirishda eng ilgʻor gʻoyalarni jamlagan.
Yana bir muhim jihat shundaki, 2010-yildan beri qaysidir mamlakat koʻrgazmaning “Faxriy mehmoni” sifatida tanlanib kelinadi. Xususan, shu paytgacha AQSH, Rossiya, Turkiya, Eron, Yaponiya, Braziliya va Germaniya kabi davlatlar bunday sharafga muyassar boʻldi. Oʻzbekiston 2024-yil uchun “Faxriy mehmon” sifatida ishtirok etish taklifini oldi.
Bu mamlakatimizdagi maʼrifiy islohotlarning amaliy natijasini keng namoyish etish, nashriyotlarimiz va xorijiy hamkorlar oʻrtasida yangi loyihalarni amalga oshirish, adabiyot sohasidagi eng sara asarlarimizni arab dunyosida targʻib qilishda muhim platforma boʻlib xizmat qiladi.
Shuningdek, koʻrgazmada bir qator yetakchi nashriyot uylari va hamkor tashkilotlar bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, Saudiya Arabistoni Adabiyot, nashriyot va tarjima komissiyasi bosh menedjeri Hayla Al-Halaf xonim bilan oʻzbek shoir va adiblarining eng sara asarlarini arab tiliga oʻgirish boʻyicha grant loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish boʻyicha kelishuv mamlakatimiz uchun yanada manfaatli boʻldi.
Ajdodlarimiz qoʻlyozmalari — Qatar milliy kutubxonasida
Qatarga safar davomida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov mamlakat milliy kutubxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Ushbu maʼrifat markazi Prezidenti Hamad bin Abdulaziz Al-Kavari Qatar milliy kutubxonasining tarixi, bugungi faoliyati, maskanning yangi binosini barpo etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, istiqboldagi rejalari bilan tanishtirdi.
Qatar Milliy kutubxonasi — Qatar taʼlim, fan va jamiyatni rivojlantirish jamgʻarmasiga qarashli notijorat tashkilot. Ziyo maskani Fors koʻrfazi mintaqasida eng birinchi (1962-yil 29-dekabrda) tashkil etilgan kutubxonalardan biri hisoblanadi. Kutubxona fondida 1 milliondan ortiq kitob, 500 mingdan ortiq elektron kitob, davriy nashrlar va gazetalar hamda maxsus toʻplamlar saqlanadi.
Hamad bin Abdulaziz Al-Kavari ilm, islom madaniyati rivojida yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar, xususan Imom Al-Buxoriy, Ibn Sino, Al-Xorazmiylarning oʻrni katta ekani, shuning uchun Oʻzbekistondagi mavjud qoʻlyozmalar, ilmiy asarlarni oʻrganish, tadqiq etishga katta ehtiyoj borligini taʼkidlagani buyuk ajdodlarimiz merosi naqadar buyukligiga yana bir ishora boʻldi.
– Uchrashuv yakunida tomonlarning Qatar milliy kutubxonasi bilan qadimiy ilmiy asarlar, qoʻlyozmalarni oʻrganish boʻyicha hamkorlik oʻrnatish, kutubxonaning uzoq yillik tajribasini oʻrganib qadimiy va noyob asarlardan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash, asarlarni qaytarish boʻyicha texnologik va uslubiy yechimlar yuzasidan tajriba almashishga kelishib olindi. Bu har ikkala mamlakat ilm-fani va madaniyatining porloq ertasiga xizmat qilishi shubhasiz, – deya qayd etdi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, qadimiy qoʻlyozmalarni izlab topish, kerak boʻlsa, shaxsiy kolleksiya va auksionlardan sotib olish va jamlash eng muhim vazifalaridan biri boʻlgan mazkur kutubxona fondida Ibn Sino va Muso at-Termiziylarning qoʻlyozmalari ham jamlangan.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri