Uchrashuvda, shuningdek, "Nukus" erkin iqtisodiy zonasi direktori B. Qodirov va Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining masʼul xodimlari ishtirok etdi, deb xabar bermoqda Dunyo AA.
Tomonlar "Nukus" erkin iqtisodiy zonasi hududida avtomatlashtirilgan zamonaviy uskunalarni joriy etish orqali, MB (melt-blown) KF94 filtrli tibbiy niqoblar ishlab chiqarishni tashkil qilish imkoniyatlari toʻgʻrisida fikr almashdilar,
Toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarning taxminiy hajmi 30 million dollarni, yillik ishlab chiqarish hajmi 62,5 million niqobni tashkil etadi.
Janubiy Koreya tomoniga "Nukus" EIZ hududida yaratilgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha “Hyundai C Square Co., Ltd.” tomonidan ushbu loyihani amalga oshirish shartlarini oʻrganish va kelgusida muhokama qilish uchun batafsil investitsion taklifni tayyorlash toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi oʻrtasidagi hamkorlik keng koʻlam kasb etgan boʻlib, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan Janubiy Koreya investitsiyali hajmi 7 mlrd dollardan ortdi.
Mamlakatimizda Janubiy Koreya investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan 461 korxona, shu jumladan 386 ta qoʻshma korxona va chet el kapitali yuz foiz boʻlgan 75 korxona faoliyat yuritmoqda. Bu korxonalar neft va gaz, neft-kimyo va kimyo, mashinasozlik, elektr texnikasi va toʻqimachilik, axborot va telekommunikatsiya texnologiyalari, transport, logistika va turizm sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatmoqda.
“Navoiy” IEZda “CNP Dream” bilan hamkorlikda kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha zavod ishga tushirilgan boʻlib, uning mahsulotlari bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlariga eksport qilinmoqda.









