Bugun musobaqa oldidan jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Ta'kidlanganidek, mazkur chempionat Markaziy Osiyo aralash jang san'atlari Konfederatsiyasi, Xalqaro aralash jang san'atlari federatsiyasi va O'zbekiston jang san'atlari assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil qilinmoqda.
Musobaqada O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Ozarbayjondan aralash jang san'ati ustalari g'oliblik uchun kuch sinashadi.
Chempionat jadvaliga ko'ra, 9 oktyabr kuni sportchilar 52,2 kg, 56,6 kg, 61,2 kg, 65,8 kg, 70,3 kg, 77,1 kg, 83,9 kg, 93 kg, 120 kg va +120,2 kg vazn toifalarida saralash bellashuvlariga kirishadi. So'ngra yarim final janglari boshlanadi.
Shu kuni kechqurun Markaziy Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimi ham o'tkaziladi.
Final bellashuvlari va g'oliblarni taqdirlash marosimi 10 oktyabrga rejalashtirilgan.
O'zbekiston terma jamoasi safida Zokirov Humoyunshoh, Behro'z Isroilov, Husniddin Sattorov, Shukrullo Rustamov, Behro'z Akbarov, Munis Mo'minjonov, Ikrom erjanov kabi 20 nafar sportchi g'oliblik uchun kurashadi.
Matbuot anjumanida musobaqaning faxriy mehmoni – Xalqaro aralash jang san'ati federatsiyasi prezidenti Kennit Braun so'zga chiqib, O'zbekistonda, xususan, chekka-chekka hududlarda ham sport turlariga berilayotgan e'tibor, sportchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar tufayli bugungi kunda xalqaro maydonlarda o'zbek sporti nufuzi ortib borayotgani haqida iliq fikrlarini bildirdi.