Ushbu jinoyat ishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati sudyasi S. Davletmuratov raisligida birinchi instansiya sudida koʻrib chiqildi.
Jinoyat-protsessual kodeksining 410-moddasi (sud muhokamasida sudlanuvchining ishtiroki) ga asoslanib, sudlanuvchilar Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida boʻlganligi va ularni sudga keltirish imkoni yoʻqligi bois ushbu jinoyat ishi boʻyicha sud muhokamasi A. Sagidullayev va N. Urazbayevning ishtirokisiz oʻtkazildi.
Eʼlon qilingan sud hukmiga koʻra:
A. Sagidullayev Jinoyat kodeksining 158-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi, 159-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 4-qismi, 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada oʻtash belgilandi;
N. Urazbayev Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli, deb topilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoni umumiy tartibli koloniyada oʻtash belgilandi.
Shuningdek, sudlanuvchilarning aybidan Jinoyat kodeksining 28,104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ushbu xarakatlar Jinoyat kodeksining 244-moddasi 3-qismi bilan qamrab olinganligi sababli) chiqarildi.
Bundan tashqari, sud hukmi bilan Internet tarmogʻidagi A.Sagidullayevga tegishli sahifalar, kanallar bloklanishi belgilandi.
Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli ekanligi maʼlum qilinadi.