Musiqa ta'limi yo'nalishi bo'yicha o'tkazilayotgan imtihonlarning belgilangan talablar asosida shaffof, adolatli hamda oshkora o'tishi jamoat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, ommaviy axborot vositalari, shu bilan birga, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligidan biriktirilgan vakillar tomonidan nazorat qilinmoqda.
Imtihonlar Internet tarmog'i orqali ota-onalar va keng jamoatchilik vakillariga to'g'ridan-to'g'ri olib ko'rsatilmoqda.
Abituriyentlarning bilim va ko'nikmalarini baholash uchun O'zbekistonning turli joylaridan tajribali professorlar va mutaxassislar jalb qilingan bo'lib, ular tomonidan har bir abiturientning tayyorgarligi odilona baholanib, to'plagan ballari o'sha vaqtning o'zida ma'lum qilinmoqda.
— Bugun nabira qizim institutning musiqa ta'limi yo'nalishiga ijodiy imtihon topshirmoqda. Uning kichkinaligidan shu sohaga bo'lgan qiziqishini ko'rib, qo'llab-quvvatlashga harakat qildik. Qizim musiqa sirlarini o'rganib, oliy ma'lumotli, etuk kadr bo'lishni o'z oldiga maqsad qilgan. Mana, bugun institutga kelib, bu erdagi yaratilgan sharoitlardan ko'nglim to'ldi. Imtihon jarayonlari qanday o'tayotganligini to'g'ridan-to'g'ri tomosha qilyapmiz, — deydi Qo'ng'irot tumanidan kelgan nuroniy Seytnazar Qudaynazarov.
Biz imtihonda ishtirok etgan abituriyentlarning fikrlari bilan ham qiziqdik.
— Imtihonga yaxshi tayyorgarlik ko'rdim. Cholg'u ijrochiligi, musiqa nazariyasi va xonandalik mahorati bo'yicha ustozlarimdan o'rgangan bilim va ko'nikmalarimni ko'rsatishga harakat qildim. Imtihonlar adolatli o'tmoqda deb hisoblayman. Chunki, o'z tayyorgarligimga mos yaxshi baho oldim, — deydi qonliko'llik abiturient Tazabay Ajibayev.
Eslatib o'tamiz, institutda bakalavriatning musiqa ta'limi yo'nalishiga imtihonlar 1-avgustdan, jismoniy madaniyat ta'lim yo'nalishiga 2avgustdan, tasviriy san'at va muhandislik grafikasi ta'lim yo'nalishiga esa kasbiy (ijodiy) imtihonlar 3-avgustdan boshlanishi belgilangan.
Imtihonlar joriy yil 9-avgustgacha davom etadi.
Minajatdin Qutlimuratov