Nurmat ATABEKOV: Oʻzbekistonda “omikron” aniqlangani yoʻq, biroq xotirjamlikka berilish ham yaramaydi

    Salomatlik 8 Yanvar 2022 1068

    Dunyo boʻylab koronavirusning “omikron” shtammi tez surʼatda tarqalmoqda. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, yangi mutatsiya allaqachon jahonning 126 ta mamlakatida qayd etilgan. Ayniqsa, kuni kecha Qozogʻistonda ushbu shtammni yuqtirgan ilk bemorlar roʻyxatga olingani xavotirli holdir.

    Albatta, istaymizmi-yoʻqmi, “omikron”ning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yoʻq emas. Xoʻsh, agar shunday holat kuzatilsa, mamlakatimiz tibbiyot tizimi bunga qanchalik tayyor?

    SSV Matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat ATABEKOVning bu boradagi fikr va xulosalarini yozib oldi.

    — Darhaqiqat, soʻnggi kunlarda dunyo boʻylab ushbu mutatsiyaning tarqalish geografiyasi shiddat bilan kengayib bormoqda, — deydi N.ATABEKOV. — Shuni inobatga olsak, yangi shtammning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yoʻq emas. Biroq bu holatdan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli yolgʻon va asossiz axborot tarqatish, aholi orasida ortiqcha vahima koʻtarish, oʻylaymanki, hech bir mezonga toʻgʻri kelmaydi.

    Bilamizki, shu paytgacha, yurtimizda koronavirusning bir necha turi qayd etilgan va kasallanish koʻrsatkichlari yilning maʼlum davrida koʻtarilib, qaysidir paytda pasayib borgan.

    Aytish lozimki, oʻtgan davr ichida mamlakatimizda virusning tarqalish tendensiyasini pasaytirish, emlash tadbirlarini tashkil etish, bemorlarni davolash boʻyicha tibbiyot xodimlarimiz katta tajriba toʻpladi.

    Shu maʼnoda, “omikron”dan sogʻayish muddati qisqa va kasallanganlarda shifoxonalarga yotish ehtimoli past ekanligini inobatga olsak, Oʻzbekiston virusning koʻtarilish xavfiga tayyor, deyishga asoslarimiz yetarli. Negaki, davlatimiz rahbari boshchiligida hamda Respublika maxsus komissiyasining bevosita kuzatuvida yurtimizda koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar bunga misol boʻla oladi.

    Biroq ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi. Sababi “omikron” boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkin. Shu bois ayni paytda karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidan-da muhim.

    Qolaversa, mamlakatimizda COVID-19 bilan kasallanish holatlari koʻtarilgan avvalgi paytlarda yaxshi samara bergan amaliyotni davom ettirish, yaʼni oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali “COVID-box” (aptechka) tarqatish, xastalik yengil kechayotgan bemorlarni ambulator sharoitda davolash maqsadga muvofiq. Bu, oʻz navbatida, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamalar tushishining ham oldini oladi.

    Eslatib oʻtamiz, 2021-yil dekabr oyida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va yurtimiz hududiga koronavirus infeksiyasining yangi “omikron” shtammi kirib kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida bir qator yangi tartib va cheklovlar joriy etilgan edi.

    Sogʻliqni saqlash vazirligi
    Matbuot xizmati.