Ochiq muloqot hayotimda unutilmas voqea sifatida katta taassurot qoldirdi

    Fikr 20 Avgust 2023 740

    Prezidentimizning biz tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqoti sohamiz rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratgani, yangi tashabbuslarga undagani bilan ham katta taassurot qoldirdi, ruhlantirdi. 

    Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbaridan mamlakatimizning yuksak mukofoti — “Doʻstlik” ordenini qabul qilib olganim chindan ham hayotimdagi eng unutilmas kun sifatida muhrlanib qoldi.

    Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot soha rivoji uchun qanchalik ahamiyatli ekanini oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar misolida barchamiz koʻrib, bilib turibmiz. Shu bilan birga, muloqot doirasida bevosita davlat rahbari bilan yuzma-yuz uchrashib, fikr bildirish imkoniyatiga ega boʻlayotganimiz tadbirkorlar faoliyatiga katta ragʻbat va kuch beradi. Bunga Moʻynoq tumanida amalga oshirilayotgan ishlar yaqqol misol boʻladi. Gap shundaki, Prezidentimiz aynan, Moʻynoqqa tashrifi chogʻida “Madaniyat Moʻynoqdan boshlanadi”, degan edi. Moʻynoqning bugungi qiyofasi bu gap naqadar toʻgʻri ekanini isbotlab turibdi.

    Shu zamin farzandi, qolaversa, ishbilarmon vakili sifatida ayrim oʻzgarishlarni sanab oʻtsam nortoʻgʻri tushunmang. Chunki Moʻynoq bugun, chin maʼnoda, oʻzgargan. Hozirgi hayot kechagidan goʻzal.

    Prezidentimizning Moʻynoqni rivojlantirish borasida ilgari surgan gʻoya va tashabbuslari, ular asosida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarish hamda yangilanishlar xalqning ertangi kunga ishonchini mustahkamlamoqda.

    Muynoq tumani 1931-yili tashkil etilgan. Bir vaqtlar katta qismini dengiz egallagan hudud boʻlgan choʻl va yarim dashtliklardan iborat. Soʻnggi maʼlumotlarga qaraganda, tumanda 32 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Chet davlatlarga koʻchib ketgan moʻynoqliklar yangilanayotgan hududga qaytib kelyapti.

    Moʻynoq tarixida muhrlanib qoladigan katta yangilikning biri yangi aeroportning ishga tushishi boʻli. Toshkent – Moʻynoq oʻrtasida birinchi marta yoʻlovchi samalyot qatnovi yoʻlga quyildi.

    Bugungi Moʻynoq koʻchalarida yurib, boshqa shaharga kelib qolganday his etadi kishi oʻzini. Shaharning bundan 5–6 yil oldingi qiyofasi tubdan oʻzgargan. Keng va baland imoratlar, mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish shoxobchalari, amfiteatr, kurant, muzey, xullas, barcha inshootlar savlat toʻkib turibdi. Sayyohlar eng koʻp keladigan ochiq osmon ostidagi muzeyda dengiz tomon suzmoqchi boʻlib turgan kemalar uzoq tarixdan soʻzlaydi.

    Moʻynoq tumanida moddiy-madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga jami 12 ta madaniy meros va ziyorat obyektlari kiritilgan. Ekologiya muzeyi, Orol tarixi muzeyi, Hunarmandlar alleyasi, “Baliqchi uyi” uy muzeyi, Hakim ota, Toqmaq ota va Ajiniyoz bobo maqbaralari shular jumlasidan. Orol dengizi, Sudochye koʻli, Ustyurt tekisligi (konyon, chink), Urga qishlogʻi va “Oroldagi bogʻim” loyihasi asosidagi innovatsion bogʻ ham shular qatoriga kiradi.

    Umuman, davlatimiz rahbarining qoraqalpoq eliga mehri oʻzgacha. Qoraqalpogʻistonlik tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan alohida hujjatlar ham qabul qilingan. Bu katta eʼtibor.

    Uchrashuvda tadbirkorlar faqat oʻziga emas, butun sohaga naf keltiradigan masalalarni koʻtarayotgani quvonarli hol ekani taʼkidlandi. Bular ochiq muloqot natijalari boʻyicha qabul qilinadigan qarorlarda inobatga olinishini aytdi.

    Korxonamiz ham Moʻynoqqa yangi hayot kirib kelgan — 2017-yilda tashkil etilgan. Hozirgi kunda Orolboʻyi mintaqasida ham sayohat, ham ziyorat uchun qulay sharoit yaratish, yaʼni Yevropa, Osiyo va boshqa qitʼalardan keladigan sayyohlar qatnovini koʻpaytirish, ichki turizmni yanada rivojlantirish maqsadida mijozlarga xizmat koʻrsatib kelyapmiz.

    Bugun Oʻzbekiston jadal taraqqiy etib, jahon hamjamiyatida munosib oʻrin egallayapti. Bunda boshqalarni ham oʻz izidan ergashtira oladigan fidoiy, yuksak maʼnaviyatli tadbirkorlarning oʻz oʻrni bor, albatta.

    Prezidentmizning “...Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat boʻlib kelgan. Oʻzbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qoʻshayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz” degan gaplari bizga katta gʻurur va kuch-quvvat bagʻishladi. Chunki bu katta eʼtirof, ragʻbat. Bunga munosib boʻlish uchun ishimizni yanada rivojlantirishimiz, yangi tashabbus va gʻoyalarni yuzaga chiqarishimiz lozim.

    Amina BEKJANOVA,

    Moʻynoq tumanidagi “Muynak Tour”

    masʼuliyati cheklangan jamiyati direktori,

    “Doʻstlik” ordeni sohibasi