Xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda elektrotexnika, toʻqimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati boʻyicha 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqildi.

Bugun ochiq muloqotda ishtirok etayotgan tadbirkorlarga “140 ta ilgʻor sanoat korxonasi” loyihalari taqdimot qilindi.

Ushbu loyihalarning jami qiymati 10 milliard dollarga teng boʻlib, ularda 60 mingta ish oʻrinlarini yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish koʻzda tutilgan. 

Mazkur 140 ta loyiha elektron platformaga qoʻyilib, tadbirkorlarga ochiq-oshkora shartlar asosida taklif qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari tadbirkorlarni ushbu dasturda ishtirok etishga chaqirdi. Ular qiziqish bildirsa, hozirdayoq shartnoma tuzilishi mumkinligini, joyi ham, mablagʻi ham, infratuzilmasi ham hozirning oʻzida hal qilinishi taʼkidlandi.

Dasturga kirgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan 10 yil muddatga past foizli kreditlar ajratiladi.