Unda milliy komissiya aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Milliy komissiya raisi Tanzila Narbayeva olib borgan majlisda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2021-yilning 1-yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar, koʻrilgan choralar hamda ushbu yoʻnalishlarda hali oʻz yechimini kutayotgan masalalar muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, oʻtgan davr mobaynida sohada milliy qonunchilik asoslarini takomillashtirish jarayoni izchil davom ettirildi. Xususan, 2 ta Qonun, Prezident Farmoni va Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilinib, amaliyotga tatbiq etildi. Xalqaro mehnat tashkilotining “Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish asoslari toʻgʻrisida”gi Konvensiyasi (Jeneva, 2006-yil 15-iyun) ratifikatsiya qilindi. Oʻzbekistonda ilk marotaba odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajada qayta yoʻnaltirish tizimi joriy qilindi.

Yigʻilishda odam savdosi jabrdiydalariga yordam koʻrsatish, ularni reabilitatsiya qilish, shuningdek, xorijdagi fuqarolarimiz manfaatlarini himoyalash masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Odam savdosidan jabrlangan, uzoq muddat xorijda boʻlib qaytgan va deportatsiya qilingan ayollarga har tomonlama yordam koʻrsatilgani taʼkidlandi.

Eʼtiborli jihati, mamlakatimizda odam savdosi, bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish boʻyicha olib borilayotgan ishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng eʼtirof etilmoqda. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Yevropa Ittifoqi, AQSH Davlat departamenti, Mehnat vazirligi ushbu yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni munosib baholamoqda.

Tadbirda AQSH Davlat departamentining yillik hisobotidagi tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari ham muhokama qilinib, bu borada tegishli “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqishga kelishildi.

Shuningdek, yigʻilishda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash boʻyicha oʻz yechimini kutayotgan masalalarga eʼtibor qaratildi. Ayrim mahalliy ijro hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari rahbarlari tomonidan majburiy mehnatga jalb qilish holatlari hali hamon kuzatilayotgani tanqid qilindi.

Misol uchun, hisobot davrida Mehnat inspeksiyasi tomonidan joylarda xodimlarni oʻz funksional vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb etish boʻyicha 41 ta holat aniqlangan. Sohalar kesimida aytganda, majburiy mehnat holatlarining aksariyati xalq taʼlimi, bank-moliya, tibbiyot, transport va obodonlashtirish tarmoqlarida uchramoqda.

Yigʻilishda joriy yilgi paxta yigʻim-terim mavsumida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik, mehnat munosabatlarini toʻgʻri rasmiylashtirish, terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratish borasida amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalar ham muhokama qilindi.

Oʻz navbatida, joylarda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha hududiy komissiyalar hisobotlari eshitildi.

Kun tartibida muhokama qilingan masalalar yuzasidan Milliy komissiyaning tegishli qarori qabul qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilab olindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.