Odamiylik diyori

    Yangi Toshkent shahri xalqparvar va ijtimoiy adolatli, saxovatli va qudratli bo'y-basti bilan namoyon bo'ladi.

    Kuni kecha xalqimiz katta orzu-umidlar, yangilanish va yasharish qudrati bilan qutlug' Navro'z ayyomini kutib oldi. Ertaga muqaddas Ramazon kunlari bilan yuzlashamiz. Bugun xalqimiz yaxshi niyatlar bilan shu ulug' oy tadorigini ko'rmoqda.

    Yangilanish faslini qut-baraka bilan boshladik. Ezgu niyatlar bilan katta ishlarga qo'l urdik. Hozir shular haqida o'ylab, beixtiyor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Navro'z umumxalq bayrami tabrigida “Azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va e'tiborini to'la his qilib yashasin”, deya bag'oyat ulug'vor maqsadni ilgari surgani zamirida buyuk zaminimiz mahobati va mohiyatini anglagandek bo'lamiz.

    Shu asnoda, muborak kunlar arafasida boshlangan Yangi Toshkent shahri qurilishi ham tariximizda betakror sahifa ochgani va bu manzil ham o'ziga xos odamiylik diyori sifatida bo'y ko'rsatishiga umid va havas uyg'onadi.

    Yurtimizda boshlangan olamshumul o'zgarishlardan ruhlanib, xayolimizga shunday fikr keldi: har qanday davlat barqaror rivojlanishi, taraqqiyot yo'lida sobit odimlashi uchun, avvalo, o'sha yurt kishilari qalbida faxrlanish va qoniqish hissi ulg'aygan bo'lishi kerak.

    Bu hisning yo'qolishi va yoki qayta quvvatlanishi oqibatlarini bugun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki O'zbekistondagi ijtimoiylashuv hodisasini idrok qilgan dunyo hamjamiyati ham yaxshi anglab turibdi.

    O'tgan zamon: faxrlanish va qoniqish hissining yo'qolishi. Gapni tariximizning yaqin davridan boshlasak. O'zbekistonliklar o'z davlati bilan faxrlana olmagan zamonni ko'rdik. Uzoq mamlakatlar odamlariga-ku bizning yurt ochiq tanish emasdi, lekin qo'shni davlatlarga borsak ham, u erda bizni bilardi va ochiqchasiga past nazar, kamiga achinish hissi bilan qarardi. Muomala ham shunga yarasha bo'lgan. Oqibat shu darajaga etib bordiki, ko'p hollarda ularning aravasiga chiqib, qo'shig'ini aytishga ko'ndik. Qanday bo'lsa ham pul topib, ro'zg'orini tebratish, bolasini boqish tashvishida yurgan ba'zi odamlarimiz shunga majbur edi-da.

    Bu vaziyat, birinchidan, odamlarning o'z yurtiga begonalashuviga olib keldi, ikkinchidan, davlatga ishonchsizlik va mehrsizlik kayfiyatini paydo qilib, jamiyatdagi islohotlar ommalashmadi. Shu tariqa mamlakat qiyofasi sezilarli o'zgarmasdan qolaverdi...

    Bugungi zamon: quvvatlanish holi. O'zbekiston yangi islohotlar fonida Markaziy Osiyodagi nufuzini bir-ikki oy ichida tiklab olishga erishdi. Ha, biz yillar demayapmiz, kunlar, oylar o'tgani sayin mamlakatimiz obro'-e'tibori yuksala bordi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev, eng avvalo, qo'shni davlatlar etakchilari bilan samimiy muloqotni tikladi, chegaralar ochildi, ichki siyosatda ham ochiqlik yo'li tanlandi. Oddiy odamlar munosib yashashi uchun to'siq bo'lib kelgan “sun'iy qoplamalar” olib tashlandi.

    O'zbekistonda keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari boshlandi. Bu paytgacha bizning fuqarolar qo'shni davlatlardagi qurilishlarda mehnat qilgan yoki arzimas pulga boshqa ishlar bilan shug'ullanib yurgan bo'lsa, endi u mamlakat yoshlari Toshkentga kelib ishlayotgani haqida eshita boshladik.

    Mamlakatimizda taraqqiyot shiddat bilan davom etaverdi. Pirovardida, odamlarimiz ongida ishonch oshdi, qalbida faxrlanish va hayotdan rozilik hissi kuchga to'la boshladi. Nihoyat, bizning zaminda qudratli tabiat qonuni yana hayotga qaytdi, bu – quvvatlanish holi bo'ldi.

    Biz nima uchun bu haqda aytyapmiz? Gap shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qo'ydi. Kishi tasavvurlari cheksiz va hadsiz bo'ladi. Unga bir soniyada dunyoni joylash mumkin. Ammo Yangi Toshkent haqidagi tasavvurlarimiz hali tiniqlashmagani bois, bu fusunkor manzilning bor bo'y-basti va u erda yashash iqbolini keng mushohada qilib olmoq joizga o'xshaydi.

    IKKI DARYO YUVAR KOKILIN...

    Xalqimizning ardoqli va hassos shoiri Hamid Olimjonning vodiylarni yayov kezib, bir ajib hislar bilan yozgan “O'zbekiston” she'ri hammamizga yod bo'lib ketgan: Chiroylidir go'yo yosh kelin, Ikki daryo yuvar kokilin. Qorli tog'lar turar boshida, Gul vodiylar yashnar qoshida...

    Oradan necha asrlar, davru davronlar o'tib, bu safar Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig'ida yana bir kentga poydevor qo'yilyapti. Bu – Yangi Toshkent shahri.

    Davlatimiz rahbari ulug' ayyom arafasida ezgu niyatlar bilan qurilishi boshlangan bu go'zal shahar jozibasini ta'riflar ekan, “Loyiha juda mukammal bo'lyapti. Nega desangiz, sizlar ham, biz ham besh yil oldingi odamlar emasmiz. Bizning tajribamiz ortdi, sizlarning ham talablaringiz oshdi”, deya bejiz ta'kidlamadi.

    Shu o'rinda, tajriba va talablar ortishi zamirida qanday hayotiy haqiqatlar mujassam ekaniga ham e'tibor qaratish adolatdan bo'ladi.

    Keyingi davrda mamlakatimiz fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari amalda tiklandi. Buning yorqin dalili sifatida poytaxt – Toshkent shahri butun O'zbekiston aholisi uchun ham ochilganini aytish mumkin. Qat'iy va o'zgarmas rejim sifatida ko'rilgan “propiska” tizimi bekor bo'ldi. Natijada poytaxt aholisi soni keskin oshdi. O'z navbatida, shaharda keng ko'lamda uy-joylar, zamonaviy korxona va inshootlar qurildi. Bog'cha, maktab, oliy ta'lim va tibbiyot muassasalari ko'paydi. Jamoat transportining eski ahvoli tubdan yangilandi.

    Ekoinqirozli vaziyat bilan ham to'qnash keldik. Shunda biz bog'lar yaratish, shahar ichi va tashqarisini “yashil belbog'lar” bilan o'rash qanchalik muhimligini tushundik. “Yashil makon” umummilliy loyihasini boshlaganimiz boisi ham shunda.

    Yaqinda Turkiya va Suriyada sodir bo'lgan dahshatli zilzilaning fojiali oqibatlari barchamizni jiddiy xulosalar chiqarishga undaydi. Ya'ni uy-joy, umuman, har qanday inshootni qurishda zarracha e'tiborsizlik yoki korruptsiyaga yo'l qo'yish kechirib va qayta tiklab bo'lmas oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ko'rdik.

    Shu qishda bo'lgan anomal sovuq tafsilotlarini hali unutganimiz yo'q. Gaz, svet, issiqlik energiyasi bilan bog'liq uzilishlar katta talafot etkazdi, fojialar bo'ldi. Bu holat xorijlik investorlarni ham o'ylantirib qo'ydi. Iqtisodiyot katta zarar ko'rdi. Shu kabi tabiiy va texnogen vaziyatlar bizning hayotiy tajribamizni oshirib bormoqda.

    Aholi talablari haqida aytsak, bugun ularning ongu tafakkuri, hayotga, xususan, bugungi hayotida munosib yashashga bo'lgan qarashlari, orzu-umidlari va rejalari keskin o'zgargan.

    Kechagina qishloqlarda, hatto viloyatlar markazi va shaharlarda bir kunda bir-ikki soat elektr energiyasi berilganiga rozi edik, chiroq ikki-uch soat yonib tursa xursand bo'lardik. Gaz, toza ichimlik suvining kelishi haqida o'ylashga ishonchimiz etmasdi. Bugun-chi? Olis tog' qishlog'ida bir soat chiroq o'chsa, xabari o'sha zahoti azim poytaxtga etib keladi.

    Yoki yana bir misol. Yaqin-yaqingacha bir amallab uy olish haqida orzu qilardik. Yangi O'zbekiston muhitida esa uyimiz zamonaviy bo'lishini, komfort sharoitlarda yashashni, metro, bog'cha, maktab, poliklinika, bozor yaqinligini istaymiz. Albatta, xalqimiz shunga haqli. Aslida, keng taraqqiy etgan, demokratik tamoyillar hukmron davlatlarda 100 yillardan buyon vaziyat va hayotga qarashlar shunday shakllangan.

    Faqat aytmoqchimizki, biz bugun shunday fikrlayotganimizning o'zi O'zbekiston yuritayotgan xalqchil siyosat va inson qadri uchun yo'lga qo'yilgan islohotlar samarasi emasmi?!

    Bugun poytaxtimizda yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 millionga etgani aytilmoqda. Shu bois, shaharda yiliga 20 mingdan ziyod xonadonli ko'p qavatli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog'cha, poliklinika qurishga talab bor. Yangi Toshkent xalqimizning ana shu talab va ehtiyojlarini eng zamonaviy va “xavfsiz shahar” tamoyillari asosida qondirish maqsadida bunyod etilayotgani tahsinga loyiqdir.

    Shu o'rinda yangi shaharning raqamlardagi jozibasini sharhlasak.

    Birinchidan, mega loyihaga ko'ra, 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun zarur sharoit yaratiladi. Ilk bosqichda 60 ming aholiga ko'p qavatli uylar quriladi. Ularga har tomonlama qulay bo'lishi uchun 20 ta bolalar bog'chasi, 30 maktab, 5 ta oilaviy poliklinika va ko'p tarmoqli shifoxona barpo etiladi.

    Ikkinchidan, zamonaviy ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Avtomobillar uchun 14 ta zamonaviy tunnel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko'prik bo'ladi, metro va elektrobuslar uyg'unligida harakatlanadi, piyodalar va velosipedlarning erkin yurishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda 100 ming avtomobil` uchun er osti turargohlari quriladi.

    Uchinchidan, “Toshkentning yashil belbog'i” loyihasi boshlanadi va uning doirasida 420 gektar maydonda Markaziy bog' barpo etiladi. Renessans bog'i, deb nomlanishi taklif etilayotgan mazkur hududga 200 ming tup daraxt ekiladi.

    To'rtinchidan, Yangi Toshkent va poytaxtimiz ehtiyojini ta'minlash uchun quvvati 2,400 megavattli 4 ta yirik quyosh stantsiyasi barpo etiladi. Ular Qibray, Yuqori Chirchiq, Ohangaron va Bo'kada joylashadi.

    Beshinchidan, Markaziy Osiyoda ilk bor “uch-generatsiya” stantsiyasi quriladi. Bu stantsiya orqali elektr ishlab chiqariladi, binolar kuz-qishda isitilib, yozda esa sovitiladi.

    Oltinchidan, yuqori daromadli 200 ming ish o'rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, ta'lim vatibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

    Ettinchidan, “O'n besh daqiqalik shahar” tamoyili joriy etiladi. Shaharsozlarimiz fikricha, bu tizimning qulayligi shundaki, bog'cha, maktab, poliklinika va shunga o'xshash boshqa muassasalar piyoda 15 daqiqalik masofada joylashadi. Bu shaharda transport oqimini kamaytirish imkonini beradi, o'z navbatida, atrofda sokinlik va ekologik toza muhitni ta'minlaydi.

    E'tibor bering, Yangi O'zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, katta teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu erda joylashadi. Shuningdek, bosqichma-bosqich davlat idoralari yangi shaharga ko'chiriladi. O'z navbatida, bu idoralarning hozirgi binolari o'rnida mehmonxonalar, xizmat ko'rsatish va savdo ob'ektlari ochilib, Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylantiriladi.

    Mutaxassislar aytishicha, shahar qurilishida “Yashillik va moviylik” falsafasi ilgari surilmoqda. Bu o'simliklar va suvning o'zaro uyg'unligida yangi shaharni qamrab olishi demakdir. Shuningdek, shaharning 40-45 foizlik hududi yashil maskanga burkanadi, har bir insonga 12-15 metr/kvadrat yashillik to'g'ri keladi. Bu Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti belgilagan me'yordan yaxshiroq natija hisoblanadi.

    Yangi Toshkent mana shu jihatlari bilan ham Jeneva, Singapur kabi ekologik musaffo poytaxt shaharlar bilan bemalol raqobatlasha oladi.

    MARKAZIY OSIYONING TARIXIY TIMSOLI

    Barcha zamonlarda ham yangi shahar qurish oson bo'lmagan. Qolaversa, butun dunyoda tahlikali muhit hukm surayotgan, ekologik muammolar, geosiyosiy ziddiyatlar avj olayotgan, texnologik yondashuvlar dam sayin o'zgarib borayotgan sharoitda, va ayniqsa, yangi shaharni noldan barpo etishga bel bog'lashning o'zi katta jasorat. Bunday qarorga kelish uchun kuchli siyosiy iroda bilan birga, davlatning o'zi yuritayotgan islohotlari natijadorligiga katta ishonchi talab etiladi. Bu ishonch kelajak 100 yilliklarga tutash bo'lishi ham zarur. Shu ma'noda, Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal tosh qo'yilishi timsolida uzoq kelajakda ham baxtli hayot kafolatining asosli zamirini ko'rish mumkin.

    Endi yana bir gap. Prezidentimiz Yangi Toshkent ruhi o'zbekona bo'lishi kerak, dedi. Bizning zaminda qadim zamonlardan me'morchilik va shaharsozlik an'analari rivojlanib kelgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, umuman, qariyb barcha shaharlarimizda necha asrlar avval bunyod etilgan inshootlar siru sinoati, ularning tabiiy ofatlarga bardoshliligi hali-hamon jumboqligicha qolmoqda. Bu birinchi jihat.

    Ikkinchi jihat ularning falsafasi va ma'naviy qiyofasida. Bobolarimiz qurdirgan har bir inshoot, u qaysi asrga tegishli bo'lmasin, mohiyatan ezgulik ruhi va odamiylik mezonlari bilan yo'g'rilgan. Yana bir jihat shundaki, ota-bobolarimiz bunyod etgan qutlug' maskanlarda hamisha ijtimoiy-iqtisodiy, ma'naviy-ma'rifiy taraqqiyot va kamolot uyg'unligiga guvoh bo'lamiz. Ularning barchasi birlashib buyuk o'zbek ruhini tashkil etadiki, Prezidentimiz Yangi Toshkent timsolida ana shu o'lmas meros va qudratli an'analar davomiyligini bugun yana qayta jilolantirishni niyat qilgan bo'lsa, ne tong.

    Yana bir quvonchli holat. Yangi Toshkent shahri Markaziy Osiyoning tarixiy timsoli bo'lishi ham e'tirof etilmoqda. Chunki azal-azaldan O'zbekiston zamini, xususan, Toshkent ilm-fan va tsivilizatsiya markazi sifatida ma'lumu mashhur bo'lgan, qolaversa, o'tgan asrlarda bag'rikenglik tamoyillari shakllangan, do'stlik aloqalari qadrlangan oqibatli shahar, mehr-muruvvat, farovonlik timsoli sifatida ham tanilgan.

    Shu ma'noda, yangi bunyod etilayotgan shahrimiz O'zbekiston zaminida Uchinchi Renessans hodisasining tamal toshi sifatida ham bo'y ko'rsatishida tarixiy haqiqat asoslari borligidan mujda beradi.

    Yuqorida bugungi zamonda yangi shahar bunyod etish oson emasligi haqida aytgan edik. YAna bir tomoni, u juda katta mablag' talab qiladi. Lekin davlatimiz rahbari Toshkentning bugungi holati, yuzaga kelayotgan vaziyat va poytaxt aholisi talablaridan kelib chiqib mana shu qarorga keldi.

    O'zbekiston barqaror iqtisodiy yuksalish yo'lida. Shunday ekan, mablag' topiladi, vaqt esa tez o'tyapti, hademay Yangi Toshkentda yashayotgan yurtdoshlarimizning baxtiyor qiyofasi, qarindoshlarining hayotdan roziligini ko'rib, Vatanimizga mehr-muhabbatli har bir inson faxrlanib yurishiga ishonchimiz komil. O'shanda buyuk bobokalonimiz Amir Temurning “Qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan binolarga boqing”, degan purma'no gapini yodga olishimizga ham shubha yo'q.

    Darvoqe, Yangi Toshkent qurilishiga tamal tosh qo'yilgan kun yana bir holga guvoh bo'ldik. Yurtimizga yoshlik va yasharish qudrati qaytgandek tuyuldi go'yo. Shu kuni 20 yoshgacha bo'lgan futbolchilardan tarkib topgan milliy terma jamoamiz Osiyo chempionligini qo'lga kiritdi.

    Ana shu tarixiy o'yinni Prezident Shavkat Mirziyoyev stadionga tashrif buyurib kuzatdi. Davlatimiz rahbari terma jamoamizni taqdirlash marosimida ham ishtirok etdi va bosh sovrin – Osiyo kubogini yosh qahramonlarimizga shaxsan o'zi topshirdi.

    Hozir bu voqeani eslayotganimiz ham bejiz emas. Boisi, futbolchilarimiz timsolida fuqarolarimizda, ayniqsa, yoshlar orasida ahil jamoaviy muhit paydo bo'layotganini ko'rdik. Shuning o'zi ham yurtimizga, odamlar qalbiga yoshlik va yasharish qudrati qaytayotganini anglatadi, nazarimizda.

    Yangi Toshkent falsafasi bevosita yoshlar hayoti bilan uyg'un ko'rilayotgani ham quvonarli, albatta. Bu, avvalo, Prezidentimiz tashabbusi bilan shahar qurilishida yoshlarning ham fikrlari, orzu-umidlari, kelajak rejalariyu maqsadlari inobatga olinganida o'z aksini topmoqda.

    Jumladan, bu erda texnoparklar, IT-parklar, Yangi O'zbekiston universiteti, boshqa ta'lim muassasalari, madaniy-ma'rifiy maskanlar va butun boshli Olimpiya shaharchasi qurilishi ham yosh avlodning buguni va ertangi kuni uchun xizmat qiladi.

    Tez kunlarda mamlakatimizda yana bir tarixiy voqelik kutilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilish arafasida turibmiz. Yurtdoshlarimiz umumxalq referendumiga qizg'in tayyorgarlik ko'rmoqda.

    Bosh qonunimizning yangi tahririda ijtimoiy adolat va birdamlik g'oyalari mustahkamlab qo'yilmoqda. Shunday ekan, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, buguni va ertasi farovonligini ta'minlash bosh maqsadimiz va asosiy burchimiz bo'lib qolaveradi. Yangi Toshkent shahri esa ana shu konstitutsiyaviy tamoyilning hayotdagi ifodasi sifatida qad rostlaydi.

    Shu o'rinda tarixiy timsolning yana bir hikmati ko'z oldimizda gavdalanadi, bugun Qadimiy Toshkent, Toshkent va Yangi Toshkent uyg'unlashuvi, ular bir-birini inkor qilmayotgani zamirida ham katta ma'no mujassam, tarixga hurmat, ajdodlar ruhiga, qadriyatlar bardavomligiga ehtirom uhdasi bor.

    Salim DONIYOROV