Yurtimiz tabiati dorivor o'simliklarga boy. Ularning aksariyati haqida bobomiz Abu Ali Ibn Sino o'zining “Tib qonunlari” asarida yozib qoldirgan. Ammo bugungi davrda tanamiz va ruhiyatimiz uchun foydali bo'lgan ko'plab giyohlardan turmush sharoitimizda deyarli foydalanmaymiz.

O'zbekistonda dorivor o'simliklarning 700 dan ortiq turi mavjud bo'lib, shulardan tabiiy sharoitda o'sadigan va madaniylashtirilgan 120 ga yaqin o'simlik turlarigina ilmiy va xalq tabobatida qo'llaniladi. Jahon amaliyotida ham bu boradagi natijalar yuqori emas. Yer yuzida aniqlangan 10-12 mingdan ortiq turdagi dorivor giyohlardan mingdan ziyodining kimyoviy, farmakologik va is xossalari tekshirilgan xolos. Vaholanki, dunyo bo'yicha farmasevtika sanoatida ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining 50 foizdan ortig'i dorivor o'simliklar xomashyosidan tayyorlanmoqda.

Bu boradagi ko'rsatkich yurtimizda ham farmasevtika sanoatining rivojlanishi bilan bir qatorda yil sayin o'sib bormoqda. Ana shu talab asosida so'nggi yillarda mamlakatimizda dorivor o'simliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor o'simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish va ularni qayta ishlash orqali qo'shimcha qiymat zanjirini yaratish bo'yicha izchil ishlar amalga oshirilyapti. 2020-yil 10-aprelda qabul qilingan “Yovvoyi holda o'suvchi dorivor o'simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda etishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori bilan sohada yanada aniq vazifalar belgilandi.

Farmasevtika yo'nalishida katta tajribaga ega dorishunos Anvar Ibragimov necha yildirki, turli shifobaxsh giyohlarni o'rganib, yurtimiz sharoitiga moslashtiradi. Ularni 20 sotixli tomorqasida yetishtiradi, urug' va ko'chatlarini tayyorlaydi, o'simliklarni qayta ishlab, iste'molga tayyor holda dorixona peshtaxtalariga chiqaradi. Ochig'i, bitta o'simlikni o'rganib, so'ng uni tayyor holda qadoqlab, peshtaxtaga qo'yish oson ish emas. Buning uchun bilim, tajriba va ishtiyoq zarur.

Toshkent viloyati Yangiyo'l tumanida tug'ilib o'sgan Anvar Ibragimov qariyb 60 yildan buyon shu sohaning ichida yurgan odam. 1968-yilda Farmasevtika institutini tamomlagach, turli yillarda qator lavozimlarda mehnat qildi. Faoliyatini dorixonada boshlab, to viloyat, so'ng Respublika dorixonalar boshqarmasi boshlig'i, O'zfarmsanoat kontserni raisi o'rinbosari darajasigacha ko'tarildi. Hozirda Zangiota tumanida o'zi asos solgan “Ibrohim Rahmat” xususiy korxonasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Mehnatkash, ilmli inson har qaysi yoshda ham izlanishdan to'xtamaydi. Anvar akaning ibratli hayot yo'li buning yorqin misoli. Mutaxassisning yoshga doir nafaqaga chiqishi uning yangi faoliyatiga zamin yaratdi. O'tgan yillar davomida dorixona tarmoqlari, ishlab chiqarish bo'yicha tajriba orttirgan mutaxassis dorixona tizimini yo'lga qo'ydi. Shu bilan bir vaqtda, hozirgi zamon ilmiy va xalq tabobatida muhim ahamiyatga ega bo'lgan bir qator shifobaxsh giyohlarni korxonasi hamda o'z tomorqasida ekib o'stira boshladi. Ular orasida turli davlatlarda paydo bo'lib, ko'paygan steviya, topinambur, godji, rozmarin, lavanda, hozirda yo'qolib borayotgan va muhofazaga muhtoj bo'lgan yo'ng'ichka, qoncho'p, olao't, gulxayri, temirtikan, za'faron, marjumak va boshqa o'simliklar bor. Qahramonimiz farmatsevtika instituti mutaxassislari va olimlar bilan hamkorlikda o'simliklarning agrotexnikasi, hosildorligi va boshqa jihatlarini o'rganib, shu asosida urug', ko'chat ham tayyorlaydi.

Ko'rinishidan kamtarin, sohada uzoq yillik tajribaga ega dorishunos farmatsevtika rivojini doim tahlil qilib, xorij davlatlari amaliyotini o'rganishdan charchamaydi. Tajribalari asosida yangiliklar yaratib, hayotga tadbiq etib kelmoqda.

Anvar aka shu kunga qadar 6-7 xil o'simlikni yurtimiz sharoitiga moslashtirishga erishdi. Ulardan biri — hozir jahon amaliyotida ko'p ishlatilayotgan steviya o'simligidir. Asosan Braziliya, Paragvay davlatlarida o'sadigan bu giyohning barglari shakarga nisabatan 30 barobar shirin. Ammo shakarga o'xshab qonga o'tmaydi, kaloriya bermaydi. Shu bois, qand kasalligi, ortiqcha vazndan aziyat chekayotgan insonlarga tavsiya etiladi. Ushbu o'simlikdan ko'chat va urug' tayyorlash o'rganilgan. Mutaxassis respublikada birinchilardan bo'lib Tibet o'lkasining godji o'simligini ham tomorqasida ekib o'stirib, yurtimiz sharoitiga moslashtirgan. Qariyb 15 yildan beri o'stirib kelayotgan sumax daraxti bargidan esa Respublika bioorganika ilmiy tekshirish instituti tomonidan “Rutan” tabletkasi ishlab chiqarilib, uning virusli kasalliklarga ta'siri o'rganilmoqda.

Tomorqadagi o'simliklar orasiga 2 yildan buyon olao't ham qo'shilgan. Jigar uchun nihoyatda foydali bo'lgan bu o'simlik xorijdan olib kelinadigan juda qimmat dori vositalarining o'rnini bosadi. Ko'p yillik rozmarin o'simligi esa quvvatni oshiradi, eslash qobiliyatini tiklaydi, mikroblarni o'ldiradi. Xullas, bu mo'jazgina maydon o'simliklar bog'ining o'zginasi. Yana oddiy, manzarali emas, balki salomatlik uchun foydali giyohlar bog'i.

Dorishunosning tomorqasiga yaqinlashgan kishi dorivor o'simliklarning isiga mast bo'lib, Anvar akaning tili bilan aytganda, ulardan tayyorlangan foydali “kofe”dan ta'tib ko'rishni istab qoladi. Giyohlarning shifobaxsh xususiyatlarini bilgan inson esa, ularning qaynatma yoki damlamasini doimiy ichimliklari qatoriga qo'shishi turgan gap.

— Odamlar dori vositalarini emas, shifobaxsh giyohlarni ichishni ko'paytirishi kerak, — deydi Anvar Ibragimov. — Boisi, ular ham tabiiy, ham arzon, ham yuqori samaraga ega, asosiysi, nojo'ya ta'sirlardan holi. Yurtimizda so'nggi yillarda xalq tabobati yo'nalishi kengaytirilayotgani sababi ham shunda. Masalan, tog' rayhoni asosida tayyorlangan tabletkaga nisbatan, tog' rayhoni qo'shilgan qaynatma yoki damlama organizmga yaxshiroq ta'sir qiladi. Ibn Sinoning “Tib qonunlari” asarida osh rayhon bosh miya tiqinlarini ochadi, deb yozilgan. Aslini olganda, rayhon deyarli hamma hovlida ekiladi, lekin uni choy qilib ichmaymiz. Buning uchun dorivor o'simliklar, ularning foydali jihatlari haqida bilishimiz kerak. Nima bilan ovqatlanyapmiz, nima uchun eyapmiz, nima manfaat ko'ramiz, degan savollarga javobimiz bo'lishi lozim. Salomatlikning asosiy qismi to'g'ri taomlanishga bog'liq. Bu katta ilm, uni bolaga bog'cha, maktab yoshidanoq chuqur o'rgatib borish zarur.

Anvar aka tomorqasida o'stirib, quritib, kukun holida sotuvga chiqarilgan topinambur o'simligi haqida alohida to'xtaldi. Xalqimiz ko'proq qand kasaliga davo sifatida ishlatadigan bu giyoh tarkibida organizmning umumiy ish faoliyati uchun muhim bo'lgan kremniy elementi ko'p miqdorda borligini ta'kidladi. Mutaxassis 15 yildan buyon topinambur o'stiradi. Undan tayyorlangan kukun holatidagi dori vositasini ro'yxatdan o'tkazib, amaliyotga kiritgan. Dorishunos mutaxassisning aytishicha, barcha a'zolarning bir me'yorda ishlashi ritmini kremniy boshqarar ekan. Uning organizmda yetishmasligi organlarning ritmik harakatida pala-partishlikni keltirib chiqaradi. Natijada turli kasalliklar bir-birini etaklab kelaveradi. Topinambur, qirqbo'g'im, oqqandirmoq kabi o'simliklar damlamalarinini muntazam ichib turish esa organizmning kremniyga bo'lgan ehtiyojini ta'minlashga xizmat qiladi.

Bitta o'simlikdan 200 kilogramgacha asal olish mumkin

Yurtimiz sharoitida yuqoridagi kabi dorivor o'simliklarning ko'pi o'rmon xo'jaligi yerlarida yetishtiriladi. Shu bois, 2020-yil 6-oktyabrda “O'zbekiston Respublikasida o'rmon xo'jaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konseptsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unda belgilangan davrga qadar o'rmon bilan qoplangan erlarni 6 million gektarga, dorivor o'simliklar etishtirish hajmini yiliga 11,6 ming tonnaga, asalari oilalari sonini esa 300 mingtaga yetkazish belgilandi. Ushbu Konseptsiyada asalari oilalari sonini hozirgi holatga nisbatan 13,2 barobar ko'paytirish vazifasi qo'yilgani Anvar akaning e'tiborini tortdi. Qisqa vaqtda korxonada dorixona faoliyati bilan birga, asalarichilikni ham yo'lga qo'ydi. Hozirgi kunda 60 ta yashikda asalari oilalarini boqish bilan parallel tarzda ularga ozuqa bo'ladigan o'simliklarni o'rganish ishlarini olib boryapti. Bu borada ayniqsa, sug'orishni talab qilmaydigan, erta bahorda lalmi yerlarga ekiladigan o't va daraxtlarga e'tibor qaratilmoqda.

— Asalari oilalarini ko'paytirish bir masala bo'lsa, ularni boqish ikkinchi masala, — deydi dorishunos. — Buning uchun yurtimizda etarli ozuqa bazasini yaratish kerak. Odatda asalarichilarimiz paxta dalalari, o'rmon xo'jaliklari, umuman, tabiatdan foydalanib asal yig'ishtirib oladi. Ammo dunyoda o'nlab, yuzlab asal beradigan o'simliklar mavjud. Ularni tahlil qilganimda, ko'pchiligini hududimiz iqlim sharoitiga moslashtirish mumkinligini ko'rdim. Joylarda bu o'simliklarni o'stirib, ko'paytirish kerak. Shu maqsadda, ayrim turdagi ana shunday o'simlik va daraxtlarni o'stirishni yo'lga qo'ydim. Masalan, Janubiy Koreya, Xitoy davlatining ayrim viloyatlarida ekiladigan evodiya, degan ko'p yillik daraxt bo'larkan. Bo'yi 15 metrgacha boradi. Daraxt shu qadar ko'p gul beradiki, shiraga boy bu gullar atrofidan asalari arimaydi. Bitta daraxtdan 60 kilogramdan 90 kilogramgacha asal olish mumkin. O'tgan yildan boshlab shu daraxt urug'idan ko'chat tayyorlayapmiz. 3-5 yilda daraxt guli shiraga kiradi.

Fatseliya o'simligi ham asalarilarning eng sevimli ozuqa manbalaridan biri ekan. Ushbu tur Anvar akaning tomorqalariga 2 yildan buyon urug' holida ekilyapti. Aytishlaricha, urug'i 70 kunda pishadigan bu o'simlik asosan Shimoliy Amerikada o'sadi. Bir oy davomida gullab turadi. O'simlik 1 gektar joyga ekilsa, undan 200 kilogramm asal olish mumkin. Urug'idan yog' ham olinadi. Bizning sharoitimizda o'simlikdan 2-3 marta hosil olsa bo'ladi. Iqlimizga mos keladigan o'simliklardan biri. Anvar aka bu yil g'alladan bo'shagan 10 sotix yer maydoniga fatseliya urug'larini qadadi. Ayni paytda o'simlik gulga kirgan. U ushbu o'simliklarni yanada o'rganib, so'ng soha mutaxassislarini bu bilan tanishtirish ustida ishlar olib boryapti. Kelgusida bu o'simliklarni katta hududlarga ekish, asalari oilalarini ko'paytirishda zarur ozuqa bazasini yaratishda o'z hissasini qo'shish maqsadida takliflar ishlab chiqmoqda.

Qoshiqchali shifobaxsh choylar — O'zbekistonda yangilik

Umri davomida amaliyotda toblanib kelayotgan Anvar akani boshqa davlatlarda ham malakali mutaxassis sifatida bilishadi. O'z vaqtida bir nechta yurtlarda bo'lib, tajriba oshirdi. Faoliyati taqazosi bilan 5-6 mingta assortimentdagi dori vositalarini bilish, barchasining hisob-kitobini qilish oson bo'lmagan. Buning siri doim o'z kasbiga bo'lgan fidoyilik va mas'uliyat bilan yondoshishda. Oliy toifali dorishunos, Sog'liqni saqlash a'lochisi Anvar Ibragimov 2 o'g'il, 2 qizini ham shu sohada o'qitdi. Hozir ular otalari bilan elkama-elka ishlab, izlanishda, yangilik yaratishda davom etmoqda.

Dorivor o'simliklar asosida shifobaxsh choylar ishlab chiqarish oilaning yangi tashabbuslaridan biri. “O'zbegim choyi” nomi ostida yaratilgan mahsulot shu turdagi boshqa brendlardan farq qiladi. Avvalo, choy qadog'iga milliylik singdirilgan. Qolaversa, maydalangan dorivor o'simliklar maxsus plastmas qoshiqchalarga joylangan. Choy qutisi qadog'iga “shifobaxsh o'simliklar asosida maxsus qoshiqchalarda damlama uchun”, deb yozilgan. Bir quti ichiga 12 ta qoshiqcha kiritilyapti. Barining ichida iste'molchi tanlagan giyoh kukini bo'ladi. Qadoq ochilgach, qoshiqchalardan biri olinadi va stakanga solinib, ustidan qaynoq suv quyiladi. Qarabsizki, damlama tayyor.

Bundan tashqari, ichiga 20 ta paketchali giyohli choy solingan qutilar ham tayyorlangan. YAna bir yangilik tomoni, kattaroq hajmdagi choy qutisi ham ishlanib, uning ichiga qoshiqchali choylardan tashqari, ikkita bandli stakanlar kiritilgan. Ayni paytda ushbu stakanlarning ko'rinishiga milliy ruh berish ishlari olib borilmoqda. Uning xomashyosini sopoldan tayyorlanib, ustki qismida choy ichib o'tirgan nuroniy keksalarimiz tasviri aks ettiriladi.

— Biz tabiatan choyxo'r xalqmiz, iqlim sharoitimiz ham shuni taqazo etadi, — deydi Anvar aka. — Agar har kuni ichayotgan choyimiz odatdagidek ko'k yoki qora emas, balki giyohli bo'lsa, organizmga ko'p karra foydali. Aslini olganda, choy deganda tabobatda biror ma'dan yoki dorivor o'simliklarni qaynoq suv bilan damlab ichish tushuniladi. Giyohli choylar turli kasalliklarni davolash, oldini olishda muhim sanaladi. Har kim dorivor o'simliklarni choy ko'rinishida o'zining yoshi, uni qiynayotgan xastaliklar, hatto, kasbiga qarab tanlab iste'mol qilishi lozim. Giyohli choyning xususiyatlari, qo'llash me'yorlari haqida qo'llanma orqali albatta, tanishib chiqish zarur. Shundagina uning foydasi ko'proq bo'ladi.

Ayni paytda ushbu yangilikni takomillashtirish ishlari olib borilmoqda. Barcha tashkiliy jarayonlar nihoyasiga etgach, shifobaxsh choylar 20 ga yaqin xilda ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorga chiqariladi. Yurtimizdagi sayyohlik maskanlari, mehmon uylariga tarqatish ham rejalashtirilgan. Bunda quti ichidagi qo'llanma va qadoq ustidagi yozuvlarning uch — o'zbek, rus va ingliz tillarida yozilgani qo'l keladi. Choy iste'moli borasida ko'plab davlatlarni ortda qoldiradigan o'zbek xalqining milliy choy mahsulotlariga xorijliklarda qiziqish bo'lishi shubhasiz. Yana ular shifobaxsh giyohlardan tayyorlangan bo'lsa, talab yanada ortadi.

Iroda TOSHMATOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri