Ushbu institut fuqarolarning odil sudlovni amalga oshirishda bevosita ishtirokini taʼminlab, huquqiy tizimni jamiyat standartlari va axloqiy qarashlari bilan bogʻlaydi.

Xalq vakillari ishtirokidagi sud tizimining ildizlari qadimgi davrlarga borib taqaladi. Baʼzi tadqiqotchilar qadimgi Gretsiyadagi “galieya” sudini zamonaviy xalq vakillari sudining ilk koʻrinishi deb hisoblaydilar. Bu sudga xos boʻlgan kollegiallik va oshkoralik tamoyillari bugungi kunda ham ushbu institutning asosini tashkil etadi.

Biroq xalq vakillari hayʼati institutining chinakam vatani Angliya hisoblanadi. Uning rivojlanishida bir nechta muhim tarixiy bosqichlar mavjud. Xususan, “Erkinliklar Buyuk Xartiyasi” (Magna Carta) ning 39-moddasida har bir ozod inson faqat “oʻz tengdoshlarining qonuniy hukmi” asosida jazolanishi mumkinligi belgilab qoʻyilgan edi.

Zamonaviy dunyoda ushbu institutning asosan ikkita: klassik va gibrid modeli farqlanadi. Klassik modelda qatnashchilar odatda 12 nafardan iborat boʻlib, ular alohida honada mustaqil qaror chiqaradi. Vakillarning vakolat doirasi faqat shaxsning aybdor yoki aybdor emasligini hal qiladi. Gibrid modelda esa Sudya va vakillar birgalikda maslahatlashadi hamda vakolat doirasi nafaqat dalillar boʻyicha aybdorlikni belgilash balki jazo tayinlash masalalarini ham hal qilishi mumkin.

Xalq vakillari hayʼati shunchaki sud tartiboti emas, balki kuchli demokratik vositadir. Uning ijobiy jihatlari sifatida quyidagilarni koʻrsatish mumkin:

- fuqarolarning bevosita ishtiroki sud hokimiyatining xalqqa yaqin va tushunarli boʻlishini taʼminlaydi;

- xalq vakillari jamiyatdagi adolat va maʼnaviyat mezonlarini sud zaliga olib kiradilar. Bu baʼzida eskirgan yoki haddan tashqari qattiq qonun normalarini hayotiy haqiqat bilan yumshatishga imkon beradi;

- koʻp sonli va tasodifiy tanlangan fuqarolardan iborat hayʼatga taʼsir oʻtkazish bir nafar professional sudyaga taʼsir qilishdan koʻra ancha murakkab;

- kundalik ish faoliyati davomida professional sudyalarda paydo boʻladigan bir yoqlama qarashlarni oddiy fuqarolarning hayotiy tajribasi muvozanatlashtiradi.

Xorijiy mamlakatlar tajribasiga nazar tashlanadigan boʻlsa, bugungi kunda xalq vakillari nafaqat jinoyat ishlarida, balki murakkab fuqarolik va maʼmuriy nizolarda ham ishtirok etmoqda. Masalan: AQSHda 20 dollardan ortiq boʻlgan fuqarolik daʼvolarida hayʼat sudini talab qilish huquqi mavjud. Xitoyda xalq vakillari hayʼati jamiyat manfaatlariga daxldor boʻlgan atrof-muhitni muhofaza qilish yoki oziq-ovqat xavfsizligi ishlarida qatnashadilar. Buyuk Britaniya va Kanadada tuhmat, noqonuniy hibsga olish yoki firibgarlikka oid fuqarolik ishlari xalq vakillari tomonidan koʻrib chiqilishi mumkin.

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 26-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatida endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hayʼati” instituti bosqichma-bosqich joriy etilishi qayd etib oʻtildi.

Mamlakatimizda jinoyat protsessida xalq vakillari hayʼati instituti joriy etiladigan boʻlsa qator ijobiy oʻzgarishlarga erishish mumkin boʻladi. Jumladan, davlat tizimidan mustaqil boʻlgan hakamlar hayʼati dalillar yetarli boʻlmaganda oqlov hukmini chiqarish ehtimoli yuqori boʻlib, aybsizlik prezumpsiyasini nafaqat nazariyada, balki amalda ham taʼminlaydi. Fuqarolarning bevosita odil sudlovni amalga oshirishga jalb etilishi ularni passiv kuzatuvchidan faol ishtirokchiga aylantiradi. Bu huquqiy tizimga nisbatan fuqarolik masʼuliyatini shakllantiradi. Tergov organlari dalillarni toʻplash standartlarini oshirishga majbur boʻladi. Majburiy iqrorlar yoki kuchsiz bilvosita dalillar koʻpincha hakamlar hayʼatini ishontira olmaydi, garchi ular ish materiallariga koʻnikkan sudya tomonidan qabul qilinishi mumkin boʻlsa-da.

Shu bilan birga, Oʻzbekistonda nizoli masalalarni jamoaviy hal etish anʼanasi mavjud hisoblanadi. Xalq vakillari hayʼati instituti jamoaviy mushohada va adolatning ushbu madaniy qadriyati bilan uygʻunlashib, uni rasmiy huquqiy tizim doirasida zamonaviylashtirishga xizmat qiladi. Bu esa dunyoviy huquqni xalqning adolat haqidagi anʼanaviy tasavvurlari bilan uygʻunlashtirish imkonini beradi. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda “oʻta ogʻir va jamiyatda shov-shuvga sabab boʻlayotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida koʻrib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli boʻlishiga xizmat qiladi”.

Xalq vakillari hayʼati instituti – bu shunchaki huquqiy mexanizm emas, balki jamiyatning adolatga boʻlgan ehtiyojini qondiruvchi yuksak maʼnaviy-huquqiy tuzilmadir. Uning rivojlanishi odil sudlovning shaffofligini, inson huquqlarining himoyasini va eng muhimi, xalqning oʻz davlatiga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi.

Mahmud MAXAMATOV,

Toshkent davlat yuridik universiteti

Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi dotsenti