Unda belgilanishicha “Sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlarimizni izchil davom ettiramiz. Biz odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishni boshladik. Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasini kuchaytiramiz. Bunda jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirib boramiz. Sud qarorlari ijrosini so‘zsiz ta’minlamay turib, fuqaro va tadbirkorlar huquqining ishonchli tiklanishiga erishib bo‘lmaydi. Shu bois majburiy ijro jarayoniga samarali muqobil mexanizmlarni ham kiritamiz. Natijada sohaga sun’iy intellekt joriy etilib, kelgusi ikki yilda ijro harakatlarining 30 foizi inson omilisiz amalga oshiriladi”.

Darhaqiqat hozirgi kunda sudlar faoliyatida odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va rolini oshirishda oshkoralik prinsipi muhim ahamiyat kasb etadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 137-moddasiga koʻra, hamma sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yoʻl qoʻyiladi. Mazkur prinsip Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 12-moddasida ham mustahkamlangan. Unga koʻra, barcha sudlarda ishlar muhokamasi oshkora oʻtkaziladi.

Davlat siriga, farzandlikka olish siriga taalluqli maʼlumotlar mavjud boʻlgan ishlar boʻyicha va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ishning muhokamasi yopiq sud majlisida oʻtkaziladi.

Ishda ishtirok etuvchi shaxslarning shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlar oshkor boʻlishining oldini olish, yozishmalar sirini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni saqlash maqsadida yopiq sud muhokamasi oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.

Ish sudning yopiq majlisida koʻrilayotganida ishda ishtirok etuvchi shaxslar, zarur hollarda esa guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar va tarjimonlar ham hozir boʻladi.

Ishni sudning yopiq majlisida eshitish fuqarolik sud ishlari yuritishning barcha qoidalariga rioya qilingan holda olib boriladi. Sudning yopiq majlisida videokonferensaloqa tizimidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Sudning hal qiluv qarori barcha hollarda oshkora oʻqib eshittiriladi.

Qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari taraflarning roziligi bilan yoki shaxsini koʻrsatmagan tarzda sudning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi mumkin, bundan sudning yopiq majlisida qabul qilingan sud hujjatlari mustasno.

Shuningdek, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida”gi Xalqaro Paktning 14-moddasida sud muhokamasining oshkoraligi umumeʼtirof etilgan halqaro huquq prinsip sifatida belgilangan.

Sud muhokamasining oshkoraligi prinsipi Oʻzbekiston Respublikasi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasida ham mustahkamlangan. Unga koʻra, barcha sudlarda ishlar ochiq koʻriladi. Ishlarni yopiq sud majlisida koʻrib chiqishga faqat qonunda belgilangan hollarda yoʻl qoʻyiladi. Sud majlisi zalida hozir boʻlgan shaxslar, ommaviy axborot vositalari vakillari sud majlisi zalida qonunda belgilangan tartibda fotosuratga olishi, video va audio yozuvni amalga oshirishi mumkin.

Huquq prinsiplari ichida ochiq odil sudlov (Open justice) va ochiq sud tamoyili (open court principle) fuqarolik sud ishlarini yuritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ochiq odil sudlov (Open justice) sud hokimiyatiga boʻysunadigan shaxslarning huquqlarini himoya qilish va jamoatchilik nazoratini taʼminlash uchun sud jarayonlarining shaffof va xalq nazorati ostida oʻtkazilishini talab qiladigan huquqiy prinsipdir. Bu atama bir-biriga chambarchas bogʻliq boʻlgan bir qancha maʼnolarga ega: u erkinlikni kafolatlovchi asosiy huquq sifatida qaraladi; u sudlar qanday shaffofroq boʻlishi mumkinligi haqidagi koʻrsatmalarni tavsiflaydi va baʼzida ideal vaziyatni belgilaydi. Sud zalida bu jamoatchilikka sud jarayonlarini real vaqt rejimida koʻrish va tinglash imkonini berish, sud jarayonini televideniya orqali koʻrish, keyinroq koʻrish uchun jarayonni videoga olish, sud hujjatlarining mazmuni va hujjatlarini nashr etish, sud majlisi bayonnomalarini taqdim etish kabi shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan qadamlarni anglatadi. Bu prinsip sudda sodir boʻlayotgan voqealarni jamoatchilik va matbuot uchun tushunarli qilishga harakat qilishni oʻz ichiga oladi.

Ochiq sud tamoyili (open court principle) sud jarayonlari ochiq va jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari uchun ochiq boʻlishini talab qiladi. Faqat oshkoralikka mutanosib ravishda sud adolatsizligiga nisbatan qoʻllaniladigan har qanday tekshiruv oʻtkazilishi mumkin. Oshkora boʻlmagan joyda adolat boʻlmaydi. Ommaviylik adolatning jonidir. Bu harakat qilish uchun eng kuchli turtki va nomaqbullikdan himoya qiluvchi eng ishonchli vositadir. Sud jarayonida sudyaning oʻzini ushlab turadi.

Ochiq sud tamoyili jamoatchilikning axborot olish huquqini oʻz ichiga olgan soʻz erkinligi va matbuot erkinligi bilan bogʻliq. Matbuot jamoatchilikning davlat muassasalari faoliyatiga oid maʼlumotlarni olishi uchun vosita sifatida muhim rol oʻynaydi.

Shu oʻrinda qonunchilik hujjatlari va ilmiy yuridik adabiyotlarda sud muhokamasining “ochiqligi”, “shaffofligi” va “oshkoraligi” tushunchalari oʻzaro nisbatini tahlil qilib oʻtsak. 

E.K.Sobirov fikricha, “sud muhokamasining oshkoraligi – bu konstitutsiyaviy prinsip hisoblanib, sud tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonuniy va asosliligini taʼminlash barobarida hamma sudlarda ishlarning ochiq koʻrilishini, ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yoʻl qoʻyilishini hamda mazkur prinsip asosida mamlakatimiz protsessual kodekslari orqali ishlarni yopiq sud majlisida koʻrib, qaror chiqarish asosi va tartibini belgilaydi. Uning fikricha sud hokimiyatining ochiqligi odil sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratining oʻziga xos koʻrinishlaridan biri boʻlib, sudlar faoliyati toʻgʻrisida maʼlumotlar olish va uni eʼlon qilish, sud tizimining axborot makonini yaratish va sudlar faoliyati haqida axborot olish va ularga ega boʻlish vositasi hisoblanadi”.

A.K. Gorbuz fikricha, masalan, “ochiqlik” atamasi bir tomondan, sud qaroriga, ikkinchi tomondan, sudning davlat organi sifatidagi faoliyatiga nisbatan koʻproq qoʻllaniladi va “oshkoralik” tushunchasi sud muhokamasiga tegishli deb hisoblaydi.

Y.G.Fomenko fikricha, “oshkoralik ommaviylikning tarkibiy qismi sifatida qaraladi, transparentlik esa – u oʻz ichiga  ham ommaviylik ham oshkoralikni olgan keng qamrovli tushuncha deb biladi”.

Yuqoridagi huquqshunos olimlarning fikrlaridan kelib chiqib, aytadigan boʻlsak, oshkoralik, ochiqlik, shaffoflik tushunchalari umumiy mazmun-mohiyati jihatidan bir biriga yaqin boʻlsa-da, ular oʻrtasida nisbatan sezilarli ravishda xilma-xillik, farq mavjud. Oshkoralik deganda sud jarayoni, ishni koʻrib chiqish tartibini tushunishimiz kerak. Sud muhokamasining oshkoraligi - insonlarning sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi, oshkora koʻrilgan ishlarning ommaviy axborot vositalari orqali yoritilishi jamiyat tomonidan sud faoliyatini xalq nazoratiga olinishini taʼminlaydi va tarbiyaviy ahamiyatga ega. Shuningdek, mazkur prinsip sud hujjatlarining qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinishini kafolatlaydi.

Sud ishlarini ochiqligi deganda  birinchi navbatda sudlar faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanish imkoniyatini taʼminlaydigan, davlat hokimiyatining bir tizimi sifatida sud faoliyatining ochiqligi, sud hujjatlarini Internet saytlarida ochiq shaxssizlantirilgan holda eʼlon qilinishi, har bir insonning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida (33-moddasi) belgilangan shaxsiy huquq va erkinliklari sifatida sudlar faoliyati toʻgʻrisida axborot olish huquqini taʼminlanishi tushunilishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudi Plenumining 2020-yil 21-fevraldagi “Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida”gi 4-son qarorida ham tushuntirish berilishicha, sud muhokamasi oshkoraligi, sudlar faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikka oʻz vaqtida va obyektiv axborot berish jamiyatda huquqiy xabardorlik darajasi oshishiga imkon yaratadi, odil sudlovni amalga oshirishning muhim kafolati hisoblanadi, sudlov faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash va sudga nisbatan jamiyat ishonchini oshirishning samarali vositasi hisoblanadi.

Yuridik adabiyotlarda koʻrsatilishicha, “fuqarolik sud ishlarining ochiq, oshkora koʻrilishi ishda ish­tirok etuvchilarga, shuningdek sud zalida xozir boʻlgan boshqa shaxs­larda ham, katta taassurot qoldirib, sud jarayonining tarbiyaviy ro­lini taʼminlaydi. Bu qoidaga koʻra, balogʻatga yetgan xohlagan kishi­lar sud zaliga kirishi mumkinligi ham tushuniladi. Ishlarning ochiq koʻrilishi, fuqarolarga sudyalarning ishlari bilan bevosita tanishish, ularning faoliyatini xalq nazorati ostiga olish imkonini beradi va shuning oʻzi bilan fuqarolik ishlarining toʻgʻri xal etilishini taʼminlaydi”.

Aholining sud tizimiga ishonchi mustaqil va adolatli odil sudlovning eng muhim koʻrsatkichidir. Sudga ishonchni shakllantirishda sud jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligi muhim rol oʻynaydi. Sud jarayonining ochiqligi va oshkoraligining kafolati fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillarining barcha sudlarga kirish imkoniyatini yaratadigan sud hokimiyatining shunday tashkil etilishidir.

Xulosa qilib aytganda, ochiqlik sudlarning mustaqilligi va xolisligini taʼminlash uchun zarur boʻlsa,  oshkoralik sud jarayonining qonuniyligining asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi. Sud muhokamasining ochiqligi va oshkoraligi tushunchalari oʻzaro bir birini toʻldirib, ushbu prinsipning pirovard maqsadi jamoatchilikni sudlar va sud hokimiyati organlari faoliyati toʻgʻrisida xabardor qilish, sud-huquq tizimi toʻgʻrisida ijobiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, fuqarolarning sud hokimiyatiga boʻlgan ishonch darajasini oshirish bilan bevosita bogʻliq boʻlib, oxir oqibat mamlakatda ommaviylik va shaffoflikni taʼminlashdan iboratdir. 

D.Y.Xabibullayev,
TDYU “Fuqarolik protsessual va
iqtisodiy protsessual huquqi”
shobasi mudiri, yu.f.d., professor