Ofis badantarbiyasi nima uchun kerak?

    Ofis ishchisiga tahdid soluvchi xavf – organizmning butun tizimini ishdan chiqaruvchi gipodinamiya. 8-10 soatlab kompyuter qarshisida oʻtirib, kam harakat qilganimiz bois energiya notoʻgʻri taqsimlanadi va ortiqcha vazn shaklida toʻplanadi.

    Har ikki soatda badantarbiya mashqlarini bajaring va kompyuter qarshisidagi har 45 daqiqalik ishdan soʻng kichik tanaffus qilishni unutmang.

    Koʻproq harakatlanishingiz uchun stoldagi predmetlarni oʻzingiz uchun maksimal noqulay holatda joylashtiring. Masalan, stepler stol ostida, telefon stolning uzoq burchagida. Umuman, smartfonni chetga surib, ish vaqtida oʻzingizni faol tuting.

    Ishdan tashqari vaqtda sport bilan shugʻullansangiz ham, ofis badantarbiyasidan qochmang. Ertalab, ishga kelganingizdan soʻng 15 daqiqalik oddiy badantarbiya mashqlari kuni boʻyi tetik yurishingizni taʼminlaydi. Bu harakatlaringizga ham yengillik bagʻishlaydi. Shuningdek, barcha harakat aʼzolarining faoliyatini yaxshilaydi, mehnat qobiliyatini oshiradi.

    Jismoniy mashqlar miya hujayralariga kislorod va ozuqa moddalarini yetkazib berish orqali miyada qon oqimini meʼyorlashtiradi.

    Alsgeymer va Parkinson kasalliklari xavfini kamaytiradi, xotirani, eʼtiborni va fikrlashni yaxshilaydi.

    Olimlarning fikriga koʻra, miya faoliyatini yaxshilash uchun haftasiga kamida 150 daqiqa oʻrtacha yuklama bilan, 75 daqiqa esa yuqori intensivlikda mashq qilish kerak.

    Albatta, vazn tashlashingizda ham bu mashqlarning ahamiyati kattadir.