Darhaqiqat, chorvachilik — narx-navo barqarorligida muhim soha. Eng ko'p turdagi oziq-ovqat mahsulotlari shu tarmoqda etishtiriladi.

Mamlakatimizning boshqa hududlarida bo'lgani kabi chorvachilik tarmog'ini yanada rivojlantirish uchun Toshkent viloyatining Ohangaron tumani ham katta imkoniyat va salohiyatga ega. Qulay geografik o'rni, keng yaylovlar va qir-adirliklarda joylashgani tufayli tumanda chorvachilik yaxshi rivojlangan. Shunga qaramay, hali ishga solinmagan imkoniyatlar ko'pligi bois, 2019 yilning 23 oktyabrida Vazirlar Mahkamasining “Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish to'g'risida”gi qarori qabul qilingan edi.

Mazkur hujjatda tumandagi mavjud yer maydonlaridan samarali foydalanishni tashkil etish hisobiga sohani yanada rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalar asosida chorvachilik komplekslarini qurish hamda aholi iste'moli uchun sifatli go'sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko'paytirish vazifalari belgilangan.

Xo'sh, ushbu qaror asosida tumanda chorvachilikni rivojlantirish borasida ishlar qanday yo'lga qo'yildi? Belgilangan vazifalar ijrosi qay darajada samara bermoqda?

Avvallari Ohangaron tumanida 70 ming boshgacha jundor merinos qo'ylar, angor zotli echkilar boqilgan. Keyinchalik ular boshqa zotlar bilan chatishib, zoti buzilib ketgan. Shu bois, bunday qo'y va echkilarni ko'paytirishga bugun yana alohida e'tibor qaratilmoqda. Qo'ylar zotini yaxshilash uchun 50 bosh zotli merinos qo'chqor, 320 bosh qo'y olib kelingan. Ayni paytda tumandagi merinos zotli qo'ylar soni 4100 boshga, angor zotli echkilar soni 7800 boshga etdi.

2021 yilning yanvar oyidan 2022 yilning may oyigacha tumanga chetdan 5325 bosh naslli yirik shoxli qoramol, 276 bosh yilqi olib kelindi. Ushbu zotdor sigirlar kuniga 20-25 litr sut beryapti. Avvallari faqat sut yo'nalishidagi zotli mollar keltirilgan bo'lsa, endilikda, asosan, go'sht uchun boqiladigan angus va limuzin zotli mollar ham olib kelinyapti. Hozirgi kunda tumanda 1080 bosh ushbu zotli mollar boqilyapti.

Sut va go'shtni ko'paytirish, ya'ni chorva hayvonlari mahsuldorligini oshirishda birinchi galda sifatli ozuqa tayyorlash, ularni to'g'ri oziqlantirib, parvarishlashga bog'liqligi ilmiy asoslangan. Shundan kelib chiqib, Ohangaron tumanida chorva mollarini sanoat usulida boqishga alohida e'tibor qaratilyapti.

— Davlatimiz rahbari viloyatimizga tashrifi chog'ida hududni chorvachilikka ixtisoslashtirish, buning uchun chorva komplekslarini tashkil etish yuzasidan topshiriqlar bergan edi, — deydi tuman hokimi Abdurasul Abdullaev. — Shundan kelib chiqib, qoramolchilik yo'nalishida qiymati 749 milliard so'mlik 43 ta loyihadan 32 tasi — zamonaviy chorva kompleksi ishga tushirildi, qolgan 11 tasida qurilish ishlari olib borilmoqda. Qo'ychilik yo'nalishida qiymati 157,4 milliard so'mlik 52 ta loyihadan 39 tasida ish boshlandi, 13 tasida qurilish ishlari davom etmoqda.

— Yetti gektar yerni egallagan chorva kompleksimiz 2019 yilda qurib bitkazilgan, — deydi “Isa Halol” mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Afzal Qayumov. — U yerda Slovakiyadan olib kelingan simmental va golshtin zotli qoramollar boqilmoqda. Korxonamiz barcha zamonaviy vositalar bilan ta'minlangan. O'tgan yili 60 tonna go'sht va 300 tonna sut mahsuloti tayyorlab, poytaxt viloyati va Toshkent shahri aholisiga yetkazib berdik. Chorva kompleksimizda 21 kishining bandligi ta'minlangan. Bu yil ham 60 tonna go'sht yetkazib berishni, sut miqdorini esa 3 tonnaga oshirishni rejalashtirganmiz. Bugun sohada erishilayotgan ijobiy natijalar Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikka, xususan, chorvachilikka qaratilayotgan katta e'tibor, yaratib berilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar mahsulidir.

Tumanda qoramol zotlarini tez va arzon usulda yaxshilash uchun sigirlarga embrion ko'chirib o'tkazishni yo'lga qo'yish borasida ham samarali ishlar qilinayotganini ta'kidlash lozim. Tabiiyki, bu juda qiyin va ilm talab etadigan ish. Hozirgi kunda mazkur yo'nalishda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Argentina davlatining “Werthein Agro” kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib borilyapti.

— Argentina delegatsiyasi tumanga kelib, joylar bilan tanishib, loyiha uchun 150-200 million dollar pul ajratadigan bo'ldi, — deydi tuman Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo'limi boshlig'i Alimardon Jumaboev. — Buning ahamiyatli tomoni shundaki, bitta avlodda zotli buzoq olinadi va bu arzonga tushadi. eng asosiysi, mazkur jarayon o'zimizda amalga oshiriladi. Yana bir afzal tomoni, mahsuldorligi kamayib qolgan sigirlar hamda o'zimizning mahalliy sigirlardan ham embrion o'tkazish hisobiga 100 foiz naslli buzoq olinadi.

Ohangaron tumanidagi yerlar qir-adirlardan iborat bo'lgani bois, tez-tez suv tanqisligi kuzatiladi. Bu esa sifatli ozuqa tayyorlashga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Ushbu muammoni hal etish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda Turkiya davlatidan quduq qaziydigan mashina olib kelindi. Ushbu mashinaning afzalligi shundaki, u 5 kunda 1200 metrgacha quduq qaziydi. Tik quduq qazib, suv chiqargandan keyin, suvdan samarali foydalanish maqsadida tomchilatib, yomg'irlatib sug'orishga alohida e'tibor berilyapti.

2021-2022 yillarda 37 ta fermer xo'jaligi tomonidan 547 gektar maydonda yomg'irlatib va 823 gektar maydonda tomchilatib sug'orish texnologiyalari joriy qilindi. Misol uchun, Avstriyaning “BAUER” kompaniyasi tomonidan “Abdurahim ota” MCHJga qarashli 312 gektar, “Sherzod-Bekzod faxri” fermer xo'jaligining 200 gektar maydonida yomg'irlatib sug'orish texnologiyasi o'rnatildi. Natijada har bir gektar yerdan olinadigan hosil uch barobargacha oshishi kutilyapti.

Tumandagi “Mirzali ota” fermer xo'jaligining 5 gektar maydonida makkajo'xorining amarant, vigna va everest xorijiy navlari ekilib, yangi turdagi silos qadoqlash uskunalari olib kelindi. Bunda kichik hajmlarda qadoqlangan silosning sifati ta'minlanadi. Shuningdek, Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda tumanda lavlagining ozuqabop “O'zbekiston-83” navining urug'chilik ishlarini tashkil etish yo'lga qo'yildi.

Joriy yilda yog'ingarchilikning ko'p bo'lganligi bois, yaylov va lalmi maydonlardan olinadigan pichanlar miqdori kamida 40-50 foiz ko'p bo'lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, hozirgi kunda 1 litr sut uchun 400 so'm, 1 kilogramm go'sht uchun 4 ming so'm, bir dona tuxum uchun 100 so'm, chetdan olib kelingan naslli qo'y uchun 400 ming so'm va qoramol uchun 2 million so'm subsidiya berilmoqda. Bu fermerlarga o'z faoliyatini yanada kengaytirishga turtki bo'lyapti.

Yuqoridagi ishlarni samarali amalga oshirish natijasida tumanda yil oxirigacha sut ishlab chiqarish 106,3 foizga, go'sht ishlab chiqarish 107,8 foizga yetadi.

Tumanda aholi talabidan ortiqcha ishlab chiqarilgan 7159 tonna go'sht, 48112 tonna sut va 54 million dona tuxum viloyat hamda Toshkent shahri aholisi ehtiyoji uchun yo'naltirilmoqda.

Muxtasar aytganda, bugungi kunda Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishilyapti. Buni chorva komplekslari tashkil etilayotgani, chorva soni oshib, sut mahsulotlari ishlab chiqarish ko'payayotganida yaqqol ko'rish mumkin. Bu esa tarmoq rivojlanishi, bandlikni ta'minlash va eng asosiysi, aholi farovonligi oshishiga xizmat qilmoqda.

Shahzod G'afforov,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri