Oilaviy mehmon uylari faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan kichik tadbirkorlik subyektlariga kompensatsiya beriladi

    Turizm 5 Avgust 2022 3228

    2022-yil 26-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Turizm sohasi subyektlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 407-son qarori qabul qilindi.

    Qaror asosida oilaviy mehmon uylari faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi boʻlgan kichik tadbirkorlik subyektlariga tijorat banklari tomonidan milliy valyutada ajratiladigan, umumiy qiymati 5 milliard soʻmdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,5 baravaridan oshmagan kreditlar boʻyicha ularning asosiy stavkadan oshgan, biroq asosiy stavkaning 30 foizidan koʻp boʻlmagan qismini qoplash uchun uch yil muddatgacha kompensatsiya beriladi. Kompensatsiya Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻalchilikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratiladi.

    Shuningdek, endilikda turistik axborot markazlarini chegara oʻtkazish punktlarida ham barpo etish mumkin. Ular Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktlarida bepul joylashtiriladi.

    Qabul qilingan qarorga muvofiq oʻtovli va chodirli oromgohlar xizmatlarini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda, oilaviy mehmon uylari, xostellar, oʻtovli va chodirli oromgohlarni oʻrganish dalolatnomasi asosida ularni Oilaviy mehmon uylari va xostellar yagona reyestriga kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

    Maʼlumki, bugungi kunda investorlarga yangi qurilgan mehmonxonasi 3 yulduzli toifaga va 50 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega yoki 4 yulduzli toifaga va 100 ta xonadan kam boʻlmagan xonalar fondiga ega boʻlganda subsidiya ajratiladi. Qarorda “yangi qurilgan mehmonxona” tushunchasi mustahkamlangan boʻlib, unga muvofiq tasdiqlangan loyiha asosida kapital bino va inshoot sifatida qurilgan yoki oxirgi oʻn yilda mehmonxona fondida mavjud boʻlmagan holda qayta qurilgan mehmonxona yangi qurilgan mehmonxona hisoblanadi. Shuningdek, qurilish jarayonida oʻzgartirilgan loyiha boʻyicha (mehmonxonani rekonstruksiya va (yoki) renovatsiya qilish bundan mustasno) joylashtirish vositasi sifatida qurilib, yangidan ishga tushirilgan obyekt ham yangi qurilgan mehmonxona sifatida qayd etiladi, deb xabar beradi Turizma va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.