Tadbirda, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Germaniyaning Oʻzbekistondagi elchisi Tilo Kinner, Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, Turizm va madaniy meros vaziri Rasul Zarikiyev, Germaniyaning xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti loyihasining rahbari Beate Shoreitga, shuningdek, turizmni rivojlantirish boʻyicha xalqaro ekspertlar Nikol Hausler, Julian Felten va xalqaro tashkilot vakillari ishtirok etishdi.
Maʼlumot uchun, GIZ va Turizm qoʻmitasi hamkorligida Qoraqalpogʻiston Respublikasini noyob sayyohlik yoʻnalishi sifatida namoyon etuvchi “2023-2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida turizmni barqaror rivojlantirish” strategiyasi ishlab chiqildi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.
Strategiyaning maqsadi turizm mahsulotlarini diversifikatsiya qilish va xizmatlar sifatini koʻtarish, infratuzilmani yaxshilash, yangi sayyohlik yoʻnalishlarini yaratish, sohada eksport koʻrsatkichini oshirish va tashqi turizm bozorlarida targʻibot ishlarini olib borish, yangi ish oʻrinlarini yaratishga yoʻnaltirilgan.
Strategiyaga muvofiq:
- hududda yulduz toifali mehmonxonalar tashkil etish;
- mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun transport-logistika tizimini yaxshilash, xususan, mahalliy hamda xorijiy avia/temir yoʻl qatnovlarini tashkil etish;
- tajriba va bilimga ega boʻlgan ingliz, rus, nemis, fransuz, italyan, turk, ispan tillarida soʻzlashuvchi gidlarni tayyorlash;
- sayyohlarning qolish davomiyligi (tunash) va ular tomonidan sarflanadigan xarajatlarni yiliga oʻrtacha 7-10% ga oshirish;
- 2026-yilga kelib, xorijiy turistlar sonini 180 000 (2022-yilda 50 ming) va mahalliy turistlar sonini 1 million nafarga yetkazish (2022-yilda 552 ming), turizm xizmatlari eksportini 13,5 dan 60 million dollarga yetkazish, joylashtirish vositalarida xonalar sonini 1 005 tadan 1 905 taga yetkazish;
- Xorazm viloyati bilan qalʼa turizmi (Castles)ni rivojlantirish, Saviskiy muzeyi, Orol dengizi, Sudochiye koʻli va Ustyurt palatasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish;
- marketing choralarini koʻrish va xalqaro sayyohlik platformalarida Qoraqalpogʻiston turizm mahsulotlarini joylashtirish kabi bir qator ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshirilishi zarur boʻlgan vazifalar belgilab olindi.