Hozirgi kunda radioelektronikada ishlatiladigan koʻplab mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun nodir metallarga boʻlgan talab oshib bormoqda.
Kuni kecha esa Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish boʻyicha IICHBda 99,97% tozalikdagi molibden metallini olinishiga erishildi.
Joriy yilning may oyida birlashmaning molibden va volfram ishlab chiqarish boʻyicha pirrometallurgiya sexi tarkibida molibden metallini olish boʻyicha yangi uchastka faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu uchastkada olib borilgan samarali tadqiqot ishlari natijasida sof holdagi, yaʼni 99,97% li molibden metalli olindi va ishlab chiqarishga joriy etildi.
Shu kungacha ilmiy birlashmada 96,4 % li molibden ishlab chiqarilgan.
Ahamiyatlisi,uning soflik darajasi qancha oshib borsa, narxi ham koʻtarilib boraveradi. Jahon bozorida iyun oyida 1kg 99.97%li molibdenning narxi 46.85 dollarni tashkil etmoqda. Demak, molibden eksportining oʻsish surʼati 2,43 % oshdi.
99,97% lik molibden kombinatga 5 mlrd. soʻmlik foyda keltiradi.
Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasining Molibden va volfram ishlab chiqarish boʻyicha pirrometallurgiya sexi 820 tonna molibden mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlsa, bu moʻjazgina uchastkaning yillik ishlab chiqarish quvvati 400 tonna molibden metallini ishlab chiqarishga moʻljallangan. Shu kungacha uchastkada 1 tonna 99,97%li molibden ishlab chiqarildi. Sof holda olinayotgan molibden metallining 98,5% eksport qilinmoqda.
Yana bir eʼtiborli jihati shundaki, ushbu uchastka tashkil etilishi natijasida 16 ta yangi ish oʻrni yaratildi.
2021-yilda kombinat mutaxassislari va olimlari tomonidan reniy metalli sof holatda olingan edi. Shuningdek, bugungi kunda birlashma mutaxassislari tomonidan molibden tarkibli kompozit mahsulotlar ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyilgan. Bu haqida OKMK Axborot xizmati xabar bermoqda.