Tadbirda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati masʼullari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va bir guruh jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirda moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga oʻtish, strategiya va operatsion samaradorlik, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, barqaror rivojlanish (ESG), raqamlashtirish kabi yoʻnalishlarda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.
Sunʼiy intellekt tizimlarini rivojlantirish va axborot xavfsizligini oshirish maqsadida “Qalmoqqir” va “Yoshlik-I” konlarida kon-transport boshqaruv tizimi doirasida maʼdan oʻlchamlarini, ekskavator kovshining tishlarini nazorat qilish hamda haydovchilarning charchoqlarini kuzatish funksionallari ishga tushirildi, — deydi “Olmaliq KMK” AJ Raqamlashtirish departamenti direktori v.b. Aziz Roziqulov. — Shuningdek, mis boyitish fabrikasida maʼdanni boyitish jarayonida video analitika Mashina koʻz nazorati pilot loyihasi joriy etilmoqda.
Xavfli ishlab chiqarish sex va hududlarda korxona xodimlarini mehnat muhofazasi va sanoat xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, shaxsiy himoya vositalari bilan foydalanish hamda yongʻinlarini aniqlash uchun 2900 dan ziyod videokuzatuv kamerali orqali video tahlil pilot loyihalari ham olib borilayotgani ham taʼkidlandi.
OKMK nafaqat samarali, balki uzoq muddatli istiqbolda barqaror va raqobatbardosh boʻlishi uchun korxonada Transformatsiya, ESG tartibi va xalqaro reytinglar loyiha ofisi tashkil etilgan, — deydi “Olmaliq KMK“ AJ Xalqaro reytinglar ESG va transformatsiya boʻyicha loyiha ofisi ESG boʻlim boshligʻi Rustam Ahmedov. — Shuningdek, kombinat 56 ball bilan Sustainable Fitch tomonidan uchinchi darajali ekologik reytingga ega boʻldi. Bu Oʻzbekistondagi tarmoq korxonalari orasida eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi.
Taʼkidlanishicha, bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati “masʼuliyatli mis ishlab chiqaruvchi“ sifatida The Copper Mark xalqaro sertifikatlashdan oʻtmoqda. Bu mahsulotlarning Yevropa bozorida raqobatbardoshligini taʼminlaydi va ekologik yoʻnaltirilgan investitsiyalarni koʻproq jalb qilish imkonini beradi.
Zulxumor AKBAROVA
Reklama









