Olimlar sayyoraning qadimiy iqlimini uning zamonaviy landshaftini hisobga olgan holda modellashtirdi. Tadqiqot natijalariga koʻra, yogʻingarchiliklar sayyora yuzasini milliardlab yillar avval shakllantirgan kanal tarmoqlarini suv bilan taʼminlagan.
Koʻpchilik olimlar Mars yuzasida taxminan 4,1-3,7 milliard yil oldin maʼlum miqdorda suv boʻlgan, degan fikrga qoʻshiladi. Ammo uning kelib chiqish manbasi aniq emas. Oʻsha davrda Quyosh hozirgiga nisbatan atigi 75 foiz yorqinroq boʻlgan va nazariyalardan biriga koʻra, Mars ekvatori atrofidagi togʻli hududlarni qoplab yotgan muzli qoplamalar vaqti-vaqti bilan erigan.
Yangi tadqiqotda olimlar ekvator yaqinidagi Marsga oʻxshash relefni kompyuter orqali modellashtirishgan. Baʼzi ssenariylarda ular suvni yogʻingarchilik natijasi tariqasida qoʻshishgan, boshqalarida esa muzli qoplamalarning erishini hisobga olishgan. Soʻngra oʻnlab va yuz minglab yillar davomida suvning qanday oqqanini kuzatishgan.
Tadqiqotda vodiylar va tepaliklar faqat qor yoki yomgʻir koʻrinishidagi yogʻingarchiliklar natijasida shakllanishi mumkinligi maʼlum boʻldi. Chunki mavsumiy muz qoplamalarining erishi bunga taʼsir koʻrsata olmaydi.
Aniq xulosa chiqarish qiyin, ammo bir jihat eʼtiborni tortadi: bu vodiylar turli balandliklarda boshlanadi, buni esa faqat muzliklarning vaqti-vaqti bilan erishi orqali tushuntirib boʻlmaydi, deydi tadqiqot mualliflari.
Tadqiqot guruhi kompyuter modellashtirish natijalarini NASAning Mars Global Surveyor va Mars Odyssey apparatlari orqali olingan haqiqiy maʼlumotlar bilan solishtirdi. Yogʻingarchilikni oʻz ichiga olgan simulyatsiyalar Marsning haqiqiy relefini ancha aniq aks ettirdi.
Olimlar taʼkidlashicha, bu natijalar sayyoraning qadimgi iqlimi haqida yakuniy xulosalarni bermaydi. Ayniqsa, Mars qanday qilib qor yoki yomgʻir uchun yetarlicha issiq haroratni ushlab turgani hali ham sirligicha qolmoqda.