Delegatsiya aʼzolari Moskva oblastining Odinsovo shahar rayonidagi kuzatuvchilar jamoatchilik qarorgohi markazida boʻlishdi. Moskva oblastida Davlat Dumasiga, Moskva oblast Dumasiga deputatlar saylovi boʻlib oʻtdi, ayrim okruglarda munitsipalitet deputatlar saylandi.
— Saylovni tashkil etish, unga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish sifatli darajada tashkil etilgani juda taassurotli. Ushbu Markazdan Jamoatchilik palatasi vakillari, ekspertlar va jurnalistlar har bir uchastkadagi vaziyatni toʻliq kuzatib borish imkoniyatiga ega boʻldi. Bu mintaqadagi vaziyatni juda yaxshi, qulay, xolisona baholash imkonini beradi, – dedi Qoʻmita raisi Boriy Alixonov.
Xorijiy davlatlardan kelgan delegatsiya Moskva oblastidagi saylovni monitoring qilish va jamoatchilik bilan kuzatish markazi ishi bilan tanishdi.
Shuningdek, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Sh.Choʻlliyev ham Rossiya Federatsiyasida boʻlib oʻtgan saylovda MDH PA delegatsiyasi tarkibida ishtirok etdi.
Tashrif kun tartibidan Hamdoʻstlik parlamentlari aʼzolarining ishchi dasturida partiyalar, Markaziy saylov komissiyasi va Rossiya Jamoatchilik palatasi vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazish, saylov uchastkalariga tashrif buyurish, shuningdek, Moskva shahridagi Jamoatchilik qarorgohi markazi tomonidan tashkil etilgan brifingda ishtirok etish oʻrin olgan edi.
Senator Sh.Choʻlliyev “Masofadan turib kuzatish – bu raqamli kelajak emas, balki raqamli hozirgi kun” mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.
MDH PA kuzatuvchilari va Palata vakillari feyklarga qarshi kurashish, masofadan ovoz berishda anonimlikni saqlab qolish kabi masalalarni muhokama qildi.
Siyosiy maydonda plyuralizm va haqiqiy raqobat mavjudligi, saylov yuksak tashkiliy saviyada oʻtgani taʼkidlandi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.