Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 28 Iyul 2021 3187

    2021-yil 28-iyulda Oliy Majlis Senati Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda senatorlar, Qoʻmita ekspertlari, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

    Majlisda Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar muhokama qilindi.

    Dastlab 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2021-yilning birinchi yarim yilligidagi ijrosi boʻyicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti eshitildi.

    Qayd etilganidek, 2021-yilning birinchi yarmida Davlat dasturining 116 ta bandi ijrosini taʼminlash nazarda tutilgan boʻlib, shundan hisobot davrida 89 ta bandda qayd etilgan topshiriqlar bajarilgan.

    Xususan, Davlat dasturida Xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi mavqeini yana-da oshirishga qaratilgan yaxlit tizimni yaratish vazifasi yuklatilgan boʻlib, bu borada birgina oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-martdagi “Xotin-qizlarni qoʻllab quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash tizimini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Shu bilan birga, joriy yilda 6 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi va mazkur hujjatlar amaliyotga samarali tatbiq etilyapti.

    Dasturning 19-bandiga muvofiq, Oʻzbekistonda 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi. Strategiya barcha sohalarda hamda darajalarda xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi. Majlisda mazkur hujjat insonning fundamental huquqlariga rioya qilishni ifoda etadigan, iqtisodiy sohada, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targʻib qilinishini taʼminlashga xizmat qilishi ahamiyatli ekanligi yana bir bor taʼkidlandi.

    Shuningdek, dasturning 268-bandiga koʻra, mamlakatimizda 2021-2022-yillarda xalqaro tashkilotlar bilan gender tenglik masalalari boʻyicha hamkorlik qilishga qaratilgan milliy dastur yaratilib, tasdiqlandi va amaliyotga tatbiq etilmoqda.

    Muhokamalar davomida Davlat dasturidagi ijrosi kechiktirib bajarilgan hamda toʻliq bajarilmagan vazifalar tanqidiy koʻrib chiqildi. Xususan, Davlat dasturining 197-bandida Xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda ogʻir turmush sharoitida yashayotgan nogironligi boʻlgan ayollarga yordam koʻrsatish boʻyicha belgilangan tadbirlar ijrosi taʼminlanmaganligi tanqid qilindi.

    Majlisda qonunlarning ijro etilishi holati, huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi. Jumladan, “Yod yetishmasligi kasalliklari profilaktikasi toʻgʻrisida”gi hamda “Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari muhokama qilinib, ularga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha bir qator taklif va mulohazalar berildi.

    Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.