Senat Raisi yalpi majlis yigʻilishi oldidan barchani Navroʻz bayrami bilan tabrikladi. Oʻzbek paxtasiga qoʻyilgan baykotning bekor qilinishi, uning ahamiyati, bu borada olib borilgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
17-19-mart kunlari boʻlib oʻtadigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. “Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati toʻgʻrisida”gi, “Kiberxavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Organik mahsulotlar toʻgʻrisida”gi, “Reklama toʻgʻrisida”gi kabi bir qator Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari koʻrib chiqiladi.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Tashqi ishlar vazirligining 2021-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti, Ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi 2021-yil yakuni boʻyicha axboroti koʻrib chiqilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini oʻzgartirish va Koʻkdala tumanini tashkil etish masalasi ham yalpi majlis kun tartibidan oʻrin olgan.