Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Qoraqalpog‘istonda

    Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda vazir so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari, ta’lim jarayonini sifat jihatidan yuqori darajaga ko‘tarish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar hamda kelgusi vazifalarga to‘xtaldi.

    Uchrashuvda qoraqalpog‘istonlik olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda talaba-yoshlar Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonovga sohada amalga oshirilayotgan ishlarni yanada takomillashtirish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi fikr va takliflarini bildirdi.

    Xususan, barcha oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni takomillashtirish maqsadida yangi platforma ishlab chiqish "Yosh ijodkorlar" klubini tashkil etish, mashhur musavvirlarning ijodiy ishlaridan iborat ko‘rgazmalar tashkillashtirish, "Universiada" sport o‘yinlari qatoriga paralimpiya o‘yinlarini kiritish, talabalarning xorijda hamda respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida akademik almashinuvlarini yo‘lga qo‘yish, respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarning ilmiy jurnallarida qoraqalpoq tilida ham maqolalarni chop etish imkoniyatini yaratib berish, shuningdek, yoshlar o‘zlarining startap hamda innovasion loyihalarining vazirlik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi yuzasidan takliflar bildirildi.

    Ibrohim Abdurahmonov bildirilgan takliflar va ko‘tarilgan masalalarni birma-bir tinglab, ularning ijobiy hal etilishi hamda qo‘llab-quvvatlanishini alohida ta’kidladi va mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.