Yurtimizda sanoat, energetika, infratuzilma, servis sohalarida koʻplab yirik loyihalar ishga tushirilmoqda. Har bir hududda yangi uy-joy massivlari, taʼlim va tibbiyot muassasalari, turizm va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda.
Mamlakatimiz sanoati rivoji uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan 3-mis boyitish fabrikasi ham ana shunday keng koʻlamli ishlar va bunyodkor xalqimizning fidokorona mehnati mahsulidir.
“Yoshlik-1” konini oʻzlashtirish dasturi doirasida 196 gektar maydonda amalga oshirilayotgan qiymati 2 milliard 700 million dollarlik ushbu loyiha shunchaki korxona emas, balki mamlakatimiz sanoat qudratini yanada mustahkamlaydigan, tabiiy boyliklarimizni chuqur qayta ishlashga xizmat qiladigan zamonaviy industrial majmua hisoblanadi.
Fabrika yiliga 60 million tonna maʼdanni qayta ishlab, 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqarish quvvati bilan nafaqat Markaziy Osiyodagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi majmualardan biri, balki dunyodagi yirik boyitish fabrikalari sirasiga kiradi.
Loyihani jahon standartlari darajasida amalga oshirish maqsadida Italiyaning “Wood”, Buyuk Britaniyaning “Worley Parsons” kabi kompaniyalari jalb etildi. Fabrikada jahonning yetakchi kompaniyalari – “Metso”, “FLSmidth”, “Weir Minerals” va “Siemens” texnologiyalari joriy etilgan.
Mazkur loyiha hududdagi turdosh sanoat tarmoqlari rivojiga ham kuchli turtki berdi. Qurilishda ishlatilgan metall konstruksiyalar hajmiga teng materialdan 10 ta Eyfel minorasi, temir-beton sarfiga esa qariyb 2,5 ta Burj Xalifa minorasini barpo etish mumkin. Bu fabrikaning megaloyiha ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida fabrika hududida keng koʻlamli koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Tomchilatib sugʻorish tizimlari va ekodizayn yechimlari sanoat hamda tabiat muvozanatini taʼminlashga xizmat qiladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida soʻnggi yillarda togʻ-kon sanoatida amalga oshirilgan islohotlar natijalari va kelgusi rejalar haqida soʻz yuritdi.
Konlarni investorlarga berish boʻyicha shaffof tizim yaratilganining hisobiga toʻqqiz yilda 10 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritildi. Bugun sohada 65 ta xususiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Natijada tarmoqda ishlab chiqarish 1,7 barobar oʻsib, oʻtgan yilda 270 trillion soʻmga yetdi. Sanoat hajmi va budjetga tushumning toʻrtdan biri ushbu tarmoq hissasiga toʻgʻri kelmoqda. Muhimi, yuqori daromadli eng koʻp ish oʻrinlari ham aynan shu sohadagi korxonalarda.
Xorijiy hamkorlar bilan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilgani ham eng katta yutuqlardan biri boʻlgani taʼkidlandi.
Xususan, Olmaliqda “Moskva poʻlat va qorishmalar instituti” universiteti filiali (“MISiS”), Olmaliq texnika instituti, Toshkent shahrida Geologiya fanlari universiteti (Uxan geologiya universiteti bilan hamkorlikda) hamda Italiyaning Piza universiteti filiali tashkil qilindi. Navoiy konchilik texnologiyalari universitetida ham Rossiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Chilining ilgʻor oliygohlari bilan qoʻshma dasturlar yoʻlga qoʻyildi.
Buning samarasi oʻlaroq, ilgari qimmatbaho va rangli metallar asosan xomashyo shaklida eksport qilingan boʻlsa, bugun yiliga 100 ming tonna mis oʻzimizda qayta ishlanib, yuqori qiymatli mahsulot yaratilmoqda, qisqa muddatda zargarlik sanoatida ishlab chiqarish 3,3 karra oʻsib, 13 trillion soʻmdan oshdi.
Prezidentimiz joriy yilning oʻzida ishga tushadigan loyihalarni hisobga olib, misni chuqur qayta ishlash quvvatlari 240 ming tonnaga yetishini taʼkidladi. Yaqin ikki-uch yildagi yangi loyihalar natijasida bu koʻrsatkichlar yanada oshadi.
Mis sanoat, energetika, elektrotexnika, raqamli iqtisodiyot, sunʼiy intellekt, “yashil” taraqqiyot uchun strategik xomashyoga aylangani koʻrsatib oʻtildi.
– Kimki mis sanoatida yuqori qiymat zanjirini yaratsa, kelajak sanoatini barpo etgan boʻladi. Qaysi davlat bu xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun kuchli infratuzilma yaratsa, u minglab oilalarga daromad, hududlarga taraqqiyot, mamlakatga qudrat olib keladi. Shu bois, biz islohotlarimizning ilk kunlaridan geologiya-qidiruv ishlariga alohida eʼtibor qaratib, mavjud zaxiralar va ularni ishga solish boʻyicha imkoniyatlarimizni belgilab oldik, – dedi davlatimiz rahbari.
Birgina “Yoshlik-1” konidan joriy yilning oʻzida 20 million tonna ruda qazib olinadi. Bu raqam kelgusi ikki yilda 60 million tonnaga yetadi.
Umuman, “Yoshlik-1” va “Qalmoqqir” konlarida 45 million tonna mis, 5 ming tonnadan ziyod oltin zaxirasining borligi, ushbu zaxira sanoatga kamida 100 yilga yetadigan kafolatli xomashyo bazasi boʻlishi taʼkidlandi. Konlardagi molibden, selen, tellur, reniy kabi noyob metallar yangi innovatsion yoʻnalishlardagi loyihalar uchun mustahkam zamin yaratadi.
3-mis boyitish fabrikasi toʻliq ishga tushganidan keyin Olmaliq kombinatida mis konsentratining kunlik hajmi hozirgi 2 ming 400 tonnadan 5 ming tonnaga oshadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 6 mingdan ziyod yoshlar yuqori daromadli ish joyiga ega boʻladi. Fabrikada AQSh, Germaniya, Rossiya, Xitoy va Finlyandiyaning togʻ-kon sanoatidagi eng ilgʻor texnologiyalari joriy qilinmoqda. Barcha texnologik jarayonlar raqamlashtirilib, sunʼiy intellekt asosida yagona boshqaruv tizimiga ulanadi. Bularning hisobiga energiya sarfi 10 foizga, tannarx 15 foizga kamayadi, mehnat unumdorligi esa 10 foizga oshadi.
Bundan tashqari, qiymati 2,5 milliard dollarlik yangi mis eritish zavodini barpo etish boʻyicha ishlar ham boshlangan.
Umuman, ushbu 2 ta yirik quvvat hisobiga mis katodi ishlab chiqarish yillik hajmi 148,5 ming tonnadan 300 ming tonnaga, oltin 20 tonnadan 33 tonnaga, kumush 161 tonnadan 203 tonnaga, molibden 850 tonnadan 1,7 ming tonnaga yetishi taʼkidlandi. Shu bilan birga, uran qazib olish va kimyo sanoati uchun zarur xomashyo boʻlgan sulfat kislotasini ishlab chiqarish 3 karra oshadi.
Prezidentimiz bu koʻrsatkichlarni yana 1,5 karra oshirishga xizmat qiladigan 4-misni boyitish fabrikasi boʻyicha loyihaoldi ishlar jadal ketayotganini taʼkidladi.
Oʻzbekiston 2030-yilga qadar ishlab chiqarishni oltinda 175 tonnaga, kumushda 500 tonnaga, uranda 15 ming tonnaga, misda 500 ming tonnaga yetkazishni maqsad qilgan. Bu borada amalga oshirilayotgan 22 milliard dollarlik loyihalar doirasida yaratiladigan 40 mingga yaqin yuqori daromadli ish oʻrinlari yoshlarimiz uchun katta imkoniyat boʻladi.
Davlatimiz rahbari fabrikani qurishda faol ishtirok etayotgan barcha ishchi-xodimlar, quruvchi va mashinistlar, muhandis va texnologlar, geolog va konchilar, oʻzining tajribasi va kasbiy salohiyati bilan yoshlarga ustozlik qilayotgan faxriylar, loyihaga oʻz hissasini qoʻshayotgan xorijiy hamkorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Fabrikaning yangi mehnat jamoasiga esa kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tiladi.
Kombinat ishchilari, mehnat faxriylari, professor-oʻqituvchilar bilan muloqot boʻldi.
Marosim yakunida davlatimiz rahbari ramziy tugmani bosib, fabrika faoliyatiga start berdi.