“Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, ayni sovuq kunlarda tizimning barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida ushbu tashkilot mutaxassislari 24 soatlik rejimda faoliyat koʻrsatmoqda.

Tizimda muammolar kuzatilgan joylarda gaz taʼminotini yaxshilash borasida soha mutaxassislari tomonidan barcha kerakli ishlar davom ettirilmoqda. Avariya-tiklash jarayonlari tezkorlik bilan olib borish uchun barcha zaxiralar yaratilgan.  

Joriy yilning 12-dekabr kuni mamlakatimizning ayrim hududlarida yuzaga kelgan avariyalar bartaraf etilgan.  

Aholi isteʼmolchilarida uzilishlarning oldini olish maqsadida bugun poytaxt, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlaridagi AGTKSHlarning faoliyatida qoʻshimcha cheklovlar kiritildi.

Hozirgi vaqtda belgilangan grafik boʻyicha 1179 tadan 547 AGTKSH ish faoliyatida.  

“Oʻzgidromet” xabariga koʻra, 14-15-dekabrda Oʻzbekiston hududidan sovuq havo massasi chekina boshlaydi va sovuq kuchsizlashadi.