Fuqaro D.J. Sirdaryo viloyati Guliston shahar IIBga nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab, ariza bilan murojaat qildi.
Uning maʼlum qilishicha, internet tarmogʻiga kirib, olx.uz eʼlonlar sayti orqali “Kadirova Zarina” ismli shaxs bilan gaplashib, u bilan konditsioner sotib olishga kelishgan. Kelishuvga koʻra, unga oldindan 345.000 soʻm miqdordagi pullarni bank kartasiga oʻtkazib bergan.
Biroq “Z.Kadirova” ismli shaxs boshlangʻich toʻlovni olganidan soʻng telefon apparatini va ijtimoiy tarmoq orqali yozishmalarni oʻchirib tashlagan va kelishuv boʻyicha konditsionerni yetkazib bermagan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida, mazkur jinoyatni fuqaro Z.K. sodir etgani aniqlandi. Z.K.ga nisbatan Oʻz.R. JKning 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borildi.
"Hurmatli fuqarolar, notanish insonlardan tovar va narsalarni xarid qilganda ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlishingizni, jinoyatdan jabrlanib qolmasliklaringizni soʻraymiz," deyiladi IIV Kiberxavfsizlik markazi xabarida.