Bir narsa aniqki, ayollarga nisbatan zoʻravonlik holatlari aslida bundan-da koʻp boʻlishi mumkin. Buni inkor eta olmaymiz. Chunki, oʻzbek ayoli qanchalik qiynalsa ham, uni ijtimoiy tarmoqlar u yoqda tursin, hatto mahalla-koʻy, tanish-bilishlariga ham oshkor etishni istamaydi.
Aytish joizki, Bosh prokuratura oʻz xisobotida, 2020-yilda nomusga tegish holatlari 27,7 foizga oshganligini bayon qilgan. Bu juda achinarli. Foiz hisobida koʻrsatilgan ushbu raqamlar ortida qancha qizning singan taqdiri, toptalgan shaʼni va qadr-qimmati yotibti.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) nomiga yoʻllangan murojaatlar tahlili, 2021-yilning 15-apreliga qadar xotin-qizlar tomonidan 20 ga yaqin jinsiy va jismoniy zoʻravonlik, ruhiy tazyiq oʻtkazish bilan bogʻliq holatlari boʻyicha murojaat kelib tushganini koʻrsatmoqda. Ularning aksariyati Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlariga toʻgʻri keladi.
Jumladan, fuqaro M.M. 2013-yilda surxondaryolik yigitga turmushga chiqib, 2 nafar farzand dunyoga keltiradi. U oʻz murojaatida turmush oʻrtogʻi koʻp yillardan buyon doimiy ravishda kiynoqqa solib, ruhiy hamda jismoniy tazyiq oʻtkazib kelayotganligini yozib, turmush oʻrtogʻiga nisbatan tegishli choralar koʻrishni va himoya orderi olishda yordam soʻragan. Ombudsman mazkur arizani nazoratga olib, uni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻrgandi. Natijada fuqaro M.M.ga 2021-yil 10-fevral kuni “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlar uchun himoya orderi” taqdim etildi. Ayollar qadrlanadigan mamlakatda xotin-qizlardan shu kabi murojaatlarning kelib tushishi kishi koʻnglini gʻash qiladi albatta.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi 1995-yil qoʻshilgan “Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisida”gi Konvensiyasining 3-moddasiga asosan, ishtirokchi davlatlar erkaklar bilan tenglik asosida xotin-qizlarning inson xuquqlari hamda asosiy erkinliklarini roʻyobga chiqarishlari va ulardan foydalanishlarini kafolatlash maqsadida xotin-qizlarning har tomonlama rivojlanishini va taraqqiyotini taʼminlash uchun barcha, xususan siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamma tegishli choralarni, shu jumladan qonunchilik choralarini koʻrishlari belgilangan va bugungi kunda qonunchiligimizga implementatsiya qilingan.
Milliy qonunchiligimizda avvalambor Konstitutsiyamiz, shuningdek xalqaro standartlarga mos xotin-qizlarning huquqlarini kafolatlovchi maxsus qonunlar, shuningdek bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunida jins boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻymaslilik hamda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash kafolatlari belgilangan.
Qolaversa, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunda ham xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish bilan bogʻliq normalar oʻz aksini topgan.
Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 4-yanvar kuni 3-son Qarori bilan “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini taʼminlash va monitoring olib borish toʻgʻrisida”gi Nizom tasdiqlangan. Mazkur Nizom bilan tazyiq va (yoki) zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berilishi va tazyiq va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoki sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarga bir qator cheklovlar yoki taqiqlari oʻrnatilishi, kelgusida tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning himoyasiga qaratilgan shuncha huquqiy mexanizmlar boʻla turib, ularning taxqirlanayotganliklari albatta achinarli. Biz barchani, shu jumladan xalq ichida yurib, ular dardini koʻtarayotgan jurnalist va blogerlarni yuqoridagi salbiy holatlar bilan kurashishga chaqiramiz va ular bilan har doim hamkorlik qilishga tayyor ekanligimizni bildiramiz.
Barchamiz yodda tutishimiz zarur! Barcha xotin-qizlar davlat himoyasida. Hech kim ularni tahqirlashga, huquqlarini poymol etishga va erkinligini cheklashga haqli emas!
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati