Patogen bakteriyalar bemor organizmida juda uzoq vaqt oʻzi haqida belgi bermaydi. Koʻpincha oʻpka va toʻqimalarda rivojlanadi, koʻpayadi.

Mamlakatimizda ushbu kasallik bilan ogʻrigan mahkumlar ham mavjud. Bu kasallik yuqumli boʻlgani sababli bemorlar alohida saqlanishi lozim. Shuning uchun Oʻzbekistonda sil kasalligiga chalingan mahkumlar saqlanadigan yagona maxsus davolash koloniyasi mavjud.

Ombudsman boshchiligida harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga qilinadigan monitoring tashriflarida Buxoro viloyatida joylashgan ushbu 20-sonli maxsus davolash jazoni ijro etish koloniyasi ham qamrab olinadi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova mahkumlar murojaatini oʻrganish maqsadida ushbu muassasaga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Mintaqaviy vakil dastlab tibbiyot boʻlimiga kirib, mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar, tibbiyot xodimlarining xizmat xonalari, bemor mahkumlar saqlanadigan palatalar hamda ruhiy tinchlantirish xonasi bilan tanishdi. Muassasada dori-darmon vositalari, laboratoriyalar, texnik jihozlar, jumladan, rentgen apparati, stomatolog ish stoli va boshqa kerakli vositalar foydalanishga yaroqli holatda.

Soʻng mintaqaviy vakil koloniyada mahkumlar uchun moʻljallangan oshxona va ovqat tayyorlash jarayoni bilan tanishdi. Taomnoma bilan tanishilib, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash joylari koʻzdan kechirildi.

Koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlarning yaqin qarindoshlari bilan qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarga moʻljallangan xonalar ham mintaqaviy vakil eʼtiboridan chetda qolmadi.

Chunki maxsus koloniyada sogʻaygan mahkumlar darhol ajratilib, salomatligi tekshirib turiladi. Ularning yaqinlari kelib, mahkum bilan uchrashishi mumkin. Izolyatsiyalangan mahkumlarga uzoq muddatli uchrashuvlarga ruxsat berilmaydi. Bu tartib oila aʼzolarining sogʻligʻini saqlash maqsadida joriy etilgan.

Shundan soʻng koloniyaning mahkumlar yashash sahniga oʻrnatilgan, mahkumlarning ariza va shikoyatlari uchun moʻljallangan “Ombudsman quti”laridan murojaatlar olinib, oʻrganish uchun olib ketildi.

Bundan tashqari, koloniyada jazo oʻtayotgan mahkumlar bilan sayyor qabul oʻtkazilib, murojaatlari boʻyicha sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya qilingan holda birma-bir suhbatlashilib, murojaatlari yuzasidan huquqiy maslahatlar berildi.

Monitoring tashrifi doirasida Ombudsmanning Buxorodagi mintaqaviy vakili mana shu koloniyada ishlaydigan xodimlar bilan ham suhbatlashib, ularga qonunchilikda belgilangan sharoitlar yaratib berilgani, oylik ish haqi toʻlanishi borasidagi savollariga javob oldi.

Oʻrganish yakunlariga koʻra, koloniyada jazo oʻtayotgan mahkumlarga va shu yerda xoʻjalik ishlariga jalb etilib, jazo oʻtayotgan mahkumlarga yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan kamchiliklar aniqlanmadi.