Ommaviy qabulda qanday muammolar hal etildi?

    Ijtimoiy hayot 1 Noyabr 2022 1008

    Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida Prezident Xalq qabulxonalari Zomin tumanidagi Peshagʻor qishlogʻida tashkil qilgan navbatdagi ochiq-jonli muloqotlarda asosan elektr energiyasi, gaz, yoʻl, ichimlik suvi, sogʻliqni saqlash, ijtimoiy himoya bilan bogʻliq masalalarda murojaatlar koʻp boʻldi.

    Zominning Baxmatchoy qishlogʻidan qabulga kelgan Abduqayum Iskandarov, Rahmon Kattaboyev va Xudoyqul Umarov bir masala – elektr energiyasi taʼminotidagi muammolarni hal qilishda amaliy yordam soʻrashdi. Mazkur murojaat asosida Baxmatchoyga yangi, kattaroq quvvatli transformator oʻrnatib berildi.

    Murojaatlar asosida Zominning chekka-olis qishloqlariga suyultirilgan gaz ballonlari tarqatildi. Gʻoʻlba qishlogʻi aholisidan bu borada kelib tushgan murojaatlar joyida koʻrib chiqilib, aytilgan masalalar hal qilib berildi.

    Beshkubi qishlogʻidan qabulga kelgan Egamberdi Mamatov ham qishloqdoshlari oldiga xushxabar bilan qaytmoqda. Dasturlar asosida qishloqning 2,5 mingdan ziyod aholisi ichimlik suvi bilan taʼminlanadigan boʻldi.

    Peshagʻordagi ommaviy qabulda “Gulshan” mahallasida yashovchi Dilshodxon Zoirov, Botirboy Nuraliyev, Oybek Nazirovning kredit ajratish bilan bogʻliq muammolari hal qilib berilgan boʻlsa, oʻzini oʻzi band qilib, daromad topishni istagan bir qator murojaatchilarga subsidiya hisobidan pishiriq pishirish pechlari va tikuv mashinalari olib berildi. Aytaylik, Qoracha qishlogʻida yashovchi 2-guruh nogironi Nasiba Jumanovaga maishiy jihozlar olib berilib, kelgusida uy-joyini taʼmirlashga ham yordam beriladigan boʻldi.

    Qoʻshtollik Gulchehra Oʻrozboyevaga esa avvalgi qabulda subsidiya asosida tikuv mashinasi ajratilgan edi. Gulchehra qisqa vaqtda oʻzi kabi ijtimoiy himoyaga muhtoj qishloq ayollarini birlashtirib kooperatsiya tashkil etibdi, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratibdi.

    Muloqotlar natijasida Davronbek Jalilov, Goʻzal Abulqosimova, Saodat Shoyzoqova, Zilola Olishova, Javohir Abdullayev, Dinara Jumaboyeva, Goʻzal Oʻsarova singari ogʻir ijtimoiy ahvoldagi 23 ta oila talaba farzandlariga kontrakt pullari toʻlab berilishi taʼminlandi.

    Qabullar davomida avvalgi murojaatlar tahlili asosida belgilangan vazifalar ijrosi ham monitoring qilinib, turli yoʻnalishlardagi ishlar jadallashtirildi. Deylik, shu yil bahorida yuz bergan kuchli sel toshqinlari Peshagʻor va unga yondosh oʻndan ziyod qishloqlarning suv oʻzanlaridan toshib, toʻrtta koʻprikni yuvib ketgan, oqibatda aholidan qator murojaatlar kelib tushgan edi.

    Prezidentimiz topshirigʻi asosida bu borada alohida hujjat qabul qilinib, sel oqibatlarini bartaraf qilish, infratuzilmani tiklash boʻyicha zarur mablagʻlar ajratildi. Bugunga kelib, Peshogʻar va Achchi qishloqlari, Jizzax – Zomin avtomobil yoʻlidagi toʻrtta koʻprik yangidan qurildi, koʻprik oʻtkazgichlari, koʻtargichlari mukammal taʼmirlandi. Sel oʻzanlari tozalanib, qirgʻoqlar mustahkamlanmoqda.

    Moʻgʻol qishlogʻida esa tegishli dasturlar asosida 11,4 km. ichimlik suvi tarmogʻi tortilib, yangi suv saqlash rezervuari barpo qilinmoqda. Bu bilan Moʻgʻoldagi 300 ta xonadonga obodlik kirib boradi, shuncha aholini ancha vaqtdan beri oʻylantirgan tizimli masalalar hal qilib beriladi.

    “Oqtepa” mahallasidagi mana bu koʻchalar anchayin taʼmirtalab boʻlib qolgani rost. Shu bois ham joriy yil avvalidagi oʻrganishlardan soʻng bu masala tegishli dasturlarga kiritilib, qariyb 2,8 km.li 6 ta koʻchani asfaltlash rejalashtirilgan edi. Ayni paytda bu koʻchalar tekislanib, uning tosh-shagʻalli asosi bunyod qilinmoqda. Hademay, tosh-shagʻal ustidan asfalt qoplamasi toʻshaladi.

    Ha, bu kabi odamlar hayotida real oʻzgarishlar yasaydigan amaliy ishlar gʻoyalari avvalo xalq bilan ochiq-jonli muloqotlarda paydo boʻladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 25-oktyabrdagi “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan mamlakatimizdagi 5 ming 280 dan ziyod, Jizzax viloyatidagi 159 ta mahalladagi yoʻl, suv, elektr energiyasi, gaz, ijtimoiy soha obyektlari bilan bogʻliq tizimli masalalar hal qilinadi.

    Qabullar jarayonida sayyor tibbiy koʻrik tashkil qilindi, qator murojaatchilarga davolanish uchun yoʻllanmalar ajratildi. Aytaylik, Moʻgʻol qishlogʻida yashovchi Sarvar Bobojonov murojaatidan soʻng uning tugʻma nogironligi bor farzandiga ham bepul davolanishda amaliy yordam koʻrsatiladigan boʻldi.

    Prezident Xalq qabulxonasi Zomin tumani Peshagʻor qishlogʻida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabulda 202 nafar murojaatchining 237 ta masalasi koʻrib chiqilib, uning 64 tasi joyida hal qilindi, 4 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan boʻlsa, 169 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.