Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish orqali tashviqot olib borish huquqi taʼminlanadi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va siyosiy partiyalar tomonidan mustaqil ravishda oʻtkaziladi.

Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida siyosiy partiyalarning saylovoldi jarayonlarda faol ishtirok etishlari uchun zarur shart-sharoit yaratish, ushbu muhim siyosiy jarayonda siyosiy partiyalarning qonun bilan kafolatlangan saylovoldi tadbirlarini amalga oshirishlarini taʼminlash bilan bogʻliq ayrim masalalar koʻrib chiqildi.

Xususan, Komissiyaning qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatuvchi siyosiy partiyalarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini yuqori saviyada xalqaro standartlarga mos ravishda oʻtkazish maqsadida saylov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga va siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlarni oʻtkazish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullandi.

Bunda siyosiy partiyalarga saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishda ishtirokchilar oʻrtasida ijtimoiy masofani saqlash, tibbiy niqobda boʻlish, antiseptik vositalardan foydalanishga rioya etish kabi sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya etishga hamda uchrashuvlarga taklif etilayotgan fuqarolarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganligiga eʼtibor qaratish tavsiya etildi.