Mana, nihoyat mezbon yilni kuzatib, mehmon yilniham qarshi oldik. Oʻtgan yilni sarhisob qilib, ortga nazar tashlaydigan boʻlsam 2023-yil, men uchun, katta quvonch va ulkan yutuqlarga boy yil boʻldi.
Sport sohsida erishgan muvaffaqiyatlarimning barchasi avvalo Yaratgandan, tunu-kun, baxtu-omadimni soʻrab iltijo qilayotgan onamning duolaridan va imkoniyatlar eshigini keng ochib bergan davlatimiz rahbarining eʼtibori va gʻamxoʻrligi natijasidanir.
Har bir inson bayram arafasida, yangi yilni, yaxshiliklar, ezgu-niyatlar bilan qarshi oladi. Bu yilning eng baxtli voqeasi, mening baxtim butun boʻldi, onajonimning kelin olish niyati roʻyobga chiqdi. Buning uchun shukrona keltiraman va istaymanki, jufti-halolim umrim naqshi va hayotimning halovatli bekasi boʻlsin.
Aslida nafaqat 2023-yil balki oxirgi 7-yilda sanashga sanogʻi bor yutuqlarim bisyor. Ayniqsa, Prezidentimiz koʻksimga, ”Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvonini taqib qoʻyganidagi tuygʻularimni bir soʻz bilan ifodalash qiyin. Dunyo sahnasida raqibingni magʻlub qilib, gʻoliblikni his qilish qanchalar shavqli va zavqli boʻlmasin, oʻz ona Vataningda eʼzozlanishing va taqdirlanishingni gashti oʻzgacha boʻladi!
Soʻnggi yillarda ketma-ket, gʻalaba shohsupasida boʻldim. Ammo, har bir gʻalabamda, xalqimizning ishonchini, mehrini yurakdan his qilib turdim. Yurt otasi qoʻlingdan ushlab, yelkangga qoqib, dalda berib, qoʻllab turar ekan, qanday qilib raqibdan yengilish mumkin? Hammamizga maʼlumki, mamlakat nufuzini dunyoga tez tanitadigan sohalardan biri – bu, sport. Oʻtgan yillar davomida jismoniy tarbiya va sportga doir Prezidentimizning oʻndan ortiq farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 100 ga yaqin meʼyoriy-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Ayni chogʻda ushbu hujjatlar, mamlakatimiz sharafini jahon arenalarida munosib himoya qilishga qodir sportchilarni yetkazishda asosiy koʻprik vazifasini oʻtamoqda. Yanayam ochiqroq aytadigan boʻlsam, men kabi sportchilarning mavqeini yuksaltirib, yorugʻ va istiqbolli marralarga chorlyapti.
Davlat rahbarining ”Boksni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Boksni 2025-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasining tasdiqlanishi, barcha bokschilar qatorida meni ham ruhlantirdi. Boks boʻyicha, “Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorning imzolanishi esa, hayotimdagi tub burilish boʻldi! Bugun, oʻtgan kunlarimni koʻz oʻngimdan birma-bir oʻtkazar ekanman, oʻzbek sportchilari uchun bunday toʻkis sharoitlar ilgari hech qachon boʻlmaganligini ochiq-oshkor va baralla aytgim kelyapti.
“Yangi yil ostonasida faqat yaxshi tilaklar aytiladi ammo, oʻtmishning ogʻriqli kunlarini eslash ham bir fazilat”, derdilar bobom rahmatli. Men ham shunday shukuhli kunlar ostonasida, dilgir oʻylar qurshovida bir zum qolib ketdim. Aslida, 17 yoshimda ham Oʻzbekiston va Osiyo chemipioni edim? Nega, meni hech kim tanimagan, qoʻllab-quvvatlamagan? Agar, bugungi islohotlar boʻlmasa men, Bahodir Jalolov boʻlib tanilmasdim. Davlatimizning gʻamxoʻrligi, sport sohasidagi islohotlar tufayli qadr topdim, zafar quchdim va yuksalib boryapman.
Shunday shukuhli kunlar ostonasida turib, yaratib berilgan barcha imkoniyatlar, yorugʻ va oydin yoʻllar uchun shukrona keltiraman va davlatimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman. 2023-yilning avgust oyida AQSHning Oklaxoma shtatida nigeriyalik Onorede Ehvaremega qarshi ringga koʻtarildim va birinchi raundidayoq raqibimni nokautga uchratib, gʻalaba qozondim. Bu mening professional boksdagi 13 gʻalabam boʻldi. Oʻzbekiston shaʼnini himoya qilish, yurtim bayrogʻini yuqori koʻtarish sharafli burchim va vazifam ekanligini har doim teranroq his qilib boraman.
Har bir inson bayram arafasida, yangi yilni, yaxshiliklar, ezgu-niyatlar bilan qarshi oladi. 2023-yilning soʻnggi oyi shaxsiy hayotimga yana bir ajoyib taqdir tuhfasini inʼom etib ketayotir. Yangi yil arafasida men oila deb atalmish baxt ostonasiga qadam qoʻydim, baxtim butun boʻldi, onamnining kelin olish niyati roʻyobga chiqdi. Xudo xohlasa, jufti-halolim umrim naqshi va hayotimning halovatli bekasi boʻladi.
Kirib kelgan yangi yil, bu hayotning bizga bergan benazir inʼomi, ezgu-maqsadlarimizni amalga oshirishimiz uchun yana bir imkon! Ilohim, Yangi, 2024-yil barchamizga omadli, xayrli va baxtli lahzalarga boy boʻlsin! Yurtimiz tinch, dasturxonimiz toʻkin boʻlib barcha orzularimiz ushalsin!
Bahodir JALOLOV,
“Oʻzbekiston iftixori”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi,
”Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni sohibi.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Gulichehra DURDIYEVA yozib oldi