Onlayn to‘lov — qulayliklari ko‘p, biroq...

    Bugun millionlab odamlar onlayn to‘lov tizimlaridan faol foydalanmoqda. Bunga, avvalo, onlayn to‘lovlar joriy etilishi keng yo‘l ochib berdi. Hozir deyarli har bir oilada plastik karta bor. Ular orqali nafaqat savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalariga o‘rnatilgan terminallar, balki foydalanuvchining shaxsiy smartfoni yoki kompyuterlar yordamida turli onlayn to‘lovlar, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyati mavjud.

    Xavfsizlik masalasi

    Mutaxassislar yurtimizda faoliyat yuritayotgan onlayn to‘lov usullarini mutlaqo xavfsiz deb e’tirof etadi. Chunki foydalanuvchi haqida kiritilgan barcha axborot shifrlangan ko‘rinishda saqlanadi va aloqa kanallari orqali yuboriladi.

    Ammo xavfsizlik faqatgina texnik jihatlarga bog‘liq emas. Bunda inson omili ham muhim o‘rin tutadi. Onlayn kartalar va elektron to‘lov tizimlari rivoji bilan ushbu yo‘nalishdagi firibgarlik va o‘g‘irlik holati ham avj olyapti. Jahon tajribasida bu jiddiy muammoga aylanib ulgurgan.

    Bankomatdan muayyan miqdorda pul yechganda kartadagi hamma summa yo‘qolib qolishi, notanish onlayn do‘kondan arzon mahsulot sotib olib, katta pul yo‘qotish, o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, plastik karta ma’lumotlarini bilib olish yoki kartangiz qulflanib qolgani haqida SMS yuborib, uni ochish uchun karta ma’lumotlarini o‘g‘irlash kabi bir qancha usullardan foydalanayotgan firibgarlar har yili milliardlab pul o‘zlashtiryapti. Vaqt o‘tishi bilan firibgarlikning yangi usullari paydo bo‘lyapti.

    Banklar va onlayn to‘lov tizimida xavfsizlik kuchaytirilishiga qaramay, foydalanuvchilarning ehtiyotsizligi tufayli firibgarlar o‘z maqsadiga osongina erishyapti.

    Mamlakatimizda onlayn plastik kartalar yoki elektron hamyonlardan qanday va qancha miqdorda o‘g‘irliklar sodir bo‘layotgani haqida aniq statistik ma’lumotlar mavjud emas, biroq ijtimoiy tarmoqlarda shu to‘g‘ridagi xabarlarga ko‘zimiz tushib turadi.

    Turli banklarning plastik kartalaridan o‘zaro pul o‘tkazmalari yo‘lga qo‘yilishi internet orqali pul ishlash imkonini keskin oshirdi. Bu bir jihatdan ko‘plab insonlar uchun qo‘shimcha daromad yo‘lini ochdi. Misol uchun, siz — dasturchisiz. Uyda o‘tirgan holda xorijiy kompaniyalar buyurtmalari bo‘yicha dasturiy kodlar yozasiz va daromad topasiz. Mehnatingiz uchun to‘langan WMZ (AQSH dollarining Webmoney Transfer tizimidagi elektron titul birligi)ni istasangiz, xorijiy elektron do‘konlardan mahsulot xarid qilishga ishlatasiz, istasangiz, sotib, so‘mga aylantirib olasiz. Buning uchun internet tizimida, ijtimoiy tarmoqlarda istalgancha e’lonlarga duch kelasiz. Aksar firibgarliklar aynan shu palladan boshlanadi.

    Elektron pul almashishga mo‘ljallangan saytlarda 1 WMZning sotilishi va sotib olinishi o‘rtasidagi farq kattagina: 8 ming so‘mdan sotib olish, 9 ming so‘mgacha sotish haqida e’lonlar joylashtirilgan. Ya’ni o‘rtadagi odam 1 WMZdan 1000 so‘mgacha ishlab oladi. Bu xuddi valyuta oldi-sotdisining “qora bozori”ga o‘xshaydi. Faqat onlayn ko‘rinishdagisi.

    Ushbu ayirboshlashlarda aksar hollarda WMZ sotib olish va sotishni taklif qilayotganlar bilan shaxsan uchrashilmaydi, jarayon onlayn amalga oshadi. Ayirboshlashda onlayn to‘lov tizimidan foydalaniladi. Bu aylanmalarda aniq nazorat yo‘qligi sabab firibgarlikdan hech kim sizni sug‘urtalamagan. WMZ xarid qilishdayoq firibgar qarmog‘iga ilinib qolishingiz mumkin. Uyog‘iga turli shakllardagi aldovlarga duch kelaverasiz.

    Internetdan mo‘may daromad?

    Bugungi kunga kelib, aksariyat zamondoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar internetdan erkin foydalanadi. Buning xavfli tomoni, yoshlarning muayyan qismi onlayn o‘yinlarga qiziqadi, bu esa pulli. Deylik, bir soatlik o‘yin —

    2 WMZ. Elektron pul sotuvchilar yoshlarning shu nozik joyidan ushlab, ularga WMZ sotib olish va onlayn o‘yinni taklif qiladi. Ammo bolada buncha pul nima qilsin? U qarmoqqa ilingach, firibgarlar unga ota-onasining plastik kartasidan qanday qilib to‘lovni amalga oshirishigacha onlayn o‘rgatadi. Telefonga to‘lov haqida kelgan SMSni o‘chirish kerakligini ham unutishmaydi. Chunki “ishning misi” chiqib qolmasin, deydi-da. Internetdan oson pul topish — darhol qiziqtirib qo‘yadigan aldamchi taklif. Aniqrog‘i — ishonuvchan odamlarni firibgarlar qarmog‘iga ilintiradigan xo‘rak. Yoshlar o‘rtasida juda ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarda pul topishni taklif etayotgan “uddaburon”lar qisqa vaqt ichida o‘z pullarini bir necha barobar ko‘paytirganini “reklama” qiladi. Shu o‘rinda barchamiz o‘zimizga savol berishimiz kerak: shuncha zo‘r pul topayotgan ekan, nega jimgina shu ishini davom ettiravermaydi? Nega bosh qalarga bu usulni shunchaki o‘rgatmoqchi, bundan unga nima manfaat?

    Demak, bu yerda faqatgina uning manfaati bor. Unga ishonib, u aytgan elektron manzilga pul o‘tkazib berganlar bir muddatdan keyin puliga qo‘shib firibgarni ham topa olmaydi.

    Oson pul topishga qaratilgan bu kabi takliflar shunchalik xilma-xilki, bunda nafaqat firibgarlikdan aziyat chekish va moddiy zarar ko‘rish, balki yoshlarning turli onlayn o‘yinlar, ya’ni qimorga ruju qo‘yishi kabi ayanchli holatlar yuzaga keladi. Shuning uchun ham tarmoqdagi har qanday takliflarga ishonuvchan bo‘lmaslik, ayniqsa, yoshlarning qanday onlayn tizimlardan foydalanayotgani, messenjer yoki ijtimoiy tarmoqlarda kimlar bilan muloqotdaligini nazorat qilib turish kerak. Onlayn do‘konlardan xarid qilish, plastik kartalarni turli tizimlardan ro‘yxatdan o‘tkazish, umuman, elektron to‘lovlar bilan bog‘liq barcha holatlarda ehtiyotkor bo‘lish zarur.

    Mabodo kartangizdan pul yechib olinganini sezsangiz, birinchi navbatda, kartani bloklash chorasini ko‘ring. So‘ng esa tegishli bankka murojaat qilish lozim.

    Kafillik mas’uliyati

    Onlayn to‘lovlarda yuzaga kelayotgan yana bir muammo bank tomonidan ajratilgan kredit kafil hisob raqamidan yechib olinishida ko‘zga tashlanyapti.

    Oxirgi yillarda kredit bozorining erkinlashuvi jismoniy shaxslar uchun ham o‘z faoliyatini moliyalashtirishning keng imkoniyatlarini yaratdi. Odamlar avtomobil, uy-joy yoki shunchaki iste’mol uchun kredit olishga kirishdi. Bu, albatta, ularning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilamoqda, ehtiyojini qondirishga xizmat qilmoqda. Shunga muvofiq, jismoniy shaxslarning qarz yuki ham oshib bormoqda.

    Shuningdek, bu kreditga oid fuqarolik nizolari ko‘payishiga olib kelmoqda va sud amaliyotida ham o‘z aksini topmoqda. Bugungi kunda kredit undirish bilan bog‘liq nizolar eng ko‘p ko‘rilgan fuqarolik ish turiga aylanib ulgurgan.

    Shu o‘rinda savol tug‘iladi: bank kafildan qarzni qachon va qanday undira oladi?

    Ko‘pchilik o‘ylaydiki, bank avval qarzdordan kredit qarzdorligini talab qiladi, u to‘lay olmasagina kafildan so‘raydi. Lekin doim ham unday emas. Kafillikda kafilning javobgarligi subsidiar yoki solidar tarzda belgilanishi mumkin (shartnomada belgilanadi). Ya’ni subsidiar javobgarlik belgilanganda bank avval qarzdordan qarzni undirish choralarini ko‘rishi, imkoni bo‘lmagandagina kafildan qarzni to‘lashni talab qilishi mumkin. Solidar javobgarlik belgilangan taqdirda (bu eng ko‘p qo‘llaniladigan holat) bank birdaniga qarzdor va kafildan qarzni to‘lashni talab qiladi (sud tartibida). Ko‘rinib turganidek, banklar o‘zi uchun qulay shaklni tanlaydi, deyarli doim kafilga solidar javobgarlik yuklovchi shartlarni belgilaydi. Ya’ni qarzdor vaqtida qarzini to‘lamasa, bank kafildan ham qarzni to‘lashni talab qilish huquqiga ega bo‘ladi. Har qanday holatda ham kafil kredit qarzi bo‘yicha to‘liq javobgar bo‘ladi.

    Ko‘pchilik holatlarda banklar qulayroq undirish mexanizmini qo‘llaydi, ya’ni kafilning bank kartasi (hisob raqami)dan kredit qarzini darhol undirib olishga kelishib oladi. Bunda kredit to‘lovi vaqtida qarzdor qarzini to‘lamagan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kafilning hisob raqamidan qarz yechib olinadi.

    Kafil shaxs kredit mablag‘i ajratgan kredit tashkiloti oldida qarz oluvchi bilan baravar ulushda javob beradi, jumladan, kafil kredit tashkilotiga qarzdorning o‘z vaqtida to‘lanmagan kreditining asosiy qarzi va unga hisoblangan foizni to‘lashdan tashqari, ushbu kreditni undirib olish bilan bog‘liq sud xarajatlarini va qarzdor o‘z majburiyatini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagani tufayli kredit tashkilotiga yetkazilgan boshqa zararlarni ham to‘laydi. Shuning uchun kafil bo‘lishga rozi bo‘lishdan oldin u nimani o‘z ichiga olishi va ehtimoliy xatarlar haqida yaxshilab o‘ylab ko‘rish kerak.

    Zumrad GʻOYIBNAZAROVA,

    iqtisodiyot fanlari doktori, professor