Mamlakatimiz tarixining yangi sahifalarida ayol zotiga koʻrsatilayotgan bugungi yuksak eʼtibor namunalari zarhal harflarda bitiladi. Chunki ayolga sen goʻzalsan, muqaddassan degan badiiy munosabat bugun ayolni nima qiynayotgani, jismidagi ogʻriq nimadan, oilasida ahvoli qanday, bolalarini qanday tarbiyalayapti degan individual yondashuv bilan uygʻunlashgan. Ayollarning muammolarini hal etish borasidagi islohotlar manzilli, egali va aynan shaxsga yoʻnaltirilayotgani bilan yangicha mazmun kasb etyapti.

Xotin-qizlar bilan ishlashdagi bugungi yondashuvda ayolning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish ustuvorlik ahamiyatga ega. Chunki savodli, haq-huquqini tanigan, faol ayolning hayotda oʻz oʻrnini topishi osonroq kechadi. Albatta, bu borada muammolar yoʻq emas, biroq salmoqli natijaga erishilayotganini eʼtirof etish joiz. Zero, xotin-qizlar hayotidagi eng kichik oʻzgarishdan ulkan ijtimoiy ahamiyatga ega yangilanishlargacha Prezidentimizning ayollar masalasiga oʻta jonkuyarlik bilan yondashayotgani koʻrish mumkin.

Soʻnggi yillardagi izchil ijtimoiy-siyosiy islohotlar va ayollar masalasiga yangicha munosabatning yuqori bosqichga koʻtarilishi natijasida xotin-qizlarning qator muammolariga yechim topila boshladi. Xususan, oʻtgan davrda yuzlab qizlarning oliy maʼlumot olishi uchun keng imkoniyatlar yaratildi. Ehtiyojmand minglab ayollarga uy-joylar berildi. Davlat qoʻllab-quvvatlovi tufayli tadbirkor ayollar safi kengaydi. Umuman barcha jabhada ayollarning oʻrni va roli oshyapti. Nozik xilqat egalarining muammosini hal etish masalasini davlat va nodavlat tashkilotlar oldiga qoʻya bilish pozitsiyasi kuchaydi.

Bu kabi natijalarga erishish uchun, albatta, bosqichma-bosqich saʼy-harakatlar amalga oshirildi. Ayniqsa, 2017-2018-yillarda olib borilgan ayollarga oid islohotlar natijasida olti ming nafardan ortiq ayol kadr zaxirasi yaratildi. Ushbu zaxira Oʻzbekistonning kadrlarga oid davlat siyosati tamoyillariga mos tarzda tashkil etilgani bois muayyan maʼnoda yangicha dunyoqarashga ega, zamonaviy bilimlar sohibi boʻlgan ayol rahbarlarning siyosiy maydonga kirib kelishiga asos boʻldi.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizi xotin-qizlardir. Senatda esa bu koʻrsatkich qariyb 25 foizga yetdi. Mahalliy kengashlar deputatlarining 31 foizi ayollardan iborat. Shu kabi dadil islohotlar tufayli Oʻzbekiston parlamenti ayol deputatlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 128-oʻrindan 37-pogʻonaga koʻtarildi. Shuningdek, olti nafar ayol hokim lavozimida faoliyat yuritmoqda. Bir qator sohalar boʻyicha ayollar vazir oʻrinbosari darajasiga koʻtarildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi ijtimoiy faol xoti-qizlarni tizimli ravishda oʻqitish, malakasini oshirishni davom ettirish maqsadida yuzdan ziyod vazirlik va idora bilan hamkorlikda rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olish uchun intiluvchan ayollardan iborat ayol kadrlar roʻyxatini qayta shakllantirdi va takomillashtirdi. Bugungi kunda rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olingan ayol kadrlar soni 6 mingdan 15 ming nafarga yetdi.

Kelgusida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tomonidan hamkorlikda yagona oʻquv dasturi ishlab chiqilib, rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olingan ayol kadrlarni tizimli ravishda oʻqitish, rahbarlik faoliyati uchun zarur bilim, koʻnikma va malakaga oʻrgatish, maqsadli tayyorlash ishlari tashkil etiladi.

Vazirlik hamda idoralardagi xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash masalalari boʻyicha maslahat kengashi faoliyati natijasida barcha darajadagi rahbarlar ayollarga munosabatda gender tenglik tamoyiliga alohida eʼtibor va masʼuliyat bilan qaramoqda. Mazkur kengash zimmasiga oylik ish haqini belgilash, lavozimlarga tavsiya etishda gender tenglikka amal qilish, zaxira kadrlar bazasiga xotin-qizlarning nomzodini kiritish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, tayinlash kabi masalalarni tahlil etish, xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni oʻrganish kabi vazifalar yuklangan.

Shuningdek, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiya, Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi tuzilmalar bugungi kun ayolining hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun sharoit yaratish borasidagi islohotlarga hissa qoʻshib kelmoqda.

Qizlarimizning taʼlim olishi, oliy maʼlumotli, muayyan kasb egasi boʻlishi — bu shunchaki oddiy gap emas. Faoliyat va tajribadan maʼlumki, bugungi ayollar muammolarining ildizi maʼlumotni toʻliq va yaxshi olmaslik, biror kasb egasi boʻlmaslik, oʻz huquqini bilmaslik kabi omillarga borib taqaladi.

Shu maʼnoda qizlarning bilimli boʻlishi uchun davlatimiz izchil choralarni koʻrmoqda. Statistik maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda oliy taʼlim muassasalari talabalarining 47, umumtaʼlim maktablari oʻquvchilarining 48 foizi qizlardir.

Qiz bolaning jamiyatda oʻz oʻrnini topishida ota-onalarning munosabati muhim rol oʻynaydi. Chunki uning oliy maʼlumotli boʻlishi, oʻz sohasi boʻyicha ishlashi oilasining ham mustahkamligiga xizmat qiladi. Chunki oʻqimishli, oliy maʼlumotli ayol oilada ham, ishda ham, jamiyat hayotida ham hamma masalaga ilm-maʼrifat bilan, ongli va faol yondashadi hamda munosib ishtirok etadi.

Prezidentimiz tomonidan oʻtgan yili ehtiyojmand oilalar qizlarining oliy oʻquv yurtlarida grant asosida taʼlim olishi uchun alohida qabul kvotalari joriy etilgan edi. Bu yil ikki baravar koʻp grant ajratilib, oliy aʼlim muassasalariga 2000 nafardan ortiq qiz imtiyozli qabul qilinishi kutilmoqda.

Mazkur yoʻnalish boʻyicha tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari huzurida tuzilgan ishchi guruhga oʻtgan yili 32 ming 98 nafar xotin-qiz murojaat qildi. Bu, oʻz navbatida, xotin-qizlarda oliy maʼlumotli boʻlish, hayotda oʻzining munosib oʻrnini topishga kuchli intilish mavjudligini koʻrsatadi.

“Oqila, bilimli, tadbirkor ayol millatning xazinasidir”, deb bejiz aytilmagan. Bu fikr ayollarning farzand oʻstirish, avlodlar zanjirini davom ettirishdagi maqomi qanchalar yuksakligini koʻrsatadi.

Gulnora MAʼRUFOVA,

mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirining

birinchi oʻrinbosari